Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan norasmiy vositachilarning (maklerlarning) “soyadan” chiqarishda rag‘batlantiruvchi chora sifatida yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga “ko‘chmas mulk bo‘yicha agent” sifatida rieltorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, bankdan tashqari aylanmani, shu orqali yashirin iqtisodiyotni qisqarishi va rieltorlik xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish maqsadida ko‘chmas mulk obyektlarining elektron savdosini hamda hisob-kitoblarni elektron shaklda amalga oshirish (kliring) imkonini beruvchi multilisting tizimlarini (elektron savdosini) tashkil etish belgilanyapti.
Loyiha bilan rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari o‘rnini kengaytirish, ularga yangi vazifalar va vakolatlar berish ham taklif etilmoqda. Shu bilan birga, rieltorlik subyektlarining to‘g‘ri hisobini yuritish va samarali monitoringni yo‘lga qo‘yish maqsadida, aholi uchun ochiq bo‘lgan rieltorlik subyektlarining “Yagona reyestri” axborot tizimini joriy etish ham belgilanmoqda.
Majlisda deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zaruratiga alohida e‘tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib, bildirilgan ayrim takliflar loyihani takomillashtirish va maromiga yetkazishda e‘tiborga olinishi qayd etildi.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi rieltorlik faoliyati sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, rieltorlik subyektlari faoliyatining shaffofligini ta‘minlash, sohada yashirin amaliyotlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
O‘zbekistonda uy-joy bozori
Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari respublikada uy-joy va ipoteka bozoridagi faollik darajasini tahlil qilgandi. Unga ko‘ra, 2024-yilning III choragida O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi. Xususan, iyul-sentyabr oylarida ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41 861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 3362 taga (7,4 foizga) kam.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorining hududlar kesimidagi dinamikasi Toshkent viloyatida (+10 foiz) sezilarli o‘sdi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8,1 foiz) va Jizzax viloyatida (+7,5 foiz) ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatdi.
Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari va aholi tasarrufidagi daromadlar uy-joy bozoriga taʼsir etuvchi muhim omillar ekanligini ko‘rsatdi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-noyabrdagi qarori bilan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar ajratish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qaror bilan subsidiyalar bilan qoplanadigan foiz to‘lovlari miqdoriga ham o‘zgartirish kiritildi. Endilikda yangi kreditlar uchun yillik 12 foizdan yuqori qismi, 2025-yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan ortiq qismi qoplanadi.
Boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan besh ish kuni ichida to‘lanadi.
Izoh (0)