Angliya Premyer Ligasining 33-turi doirasida o‘z maydonida “Vulverxempton”ga qarshi bahs olib borgan “Manchester Yunayted” minimal hisobda mag‘lub bo‘ldi — 0:1. Uchrashuvdagi yagona golni 77-daqiqada Pablo Sarabiya kiritdi. “Yunayted” futbolchilari bir nechta xavfli vaziyatlarni ko‘kka sovurgan bo‘lsa, mehmonlar o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalandi.

Bu natija orqali “qizil iblislar” bir nechta salbiy rekordlar qayd etdi:
- “Vulverxempton” 1979/80-yildan beri ilk bor bir mavsumda “Manchester Yunayted” ustidan ikki bor g‘alaba qozondi.
- “Manchester Yunayted” Premyer Liga tarixida ilk bor bir mavsumda 15 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
- Jamoa ushbu mavsumda 8 ta uy o‘yinida mag‘lub bo‘ldi — bu 1962/63-yildan beri kuzatilmagan holat.
- Shuningdek, “Yunayted” APLdagi so‘nggi 4 uchrashuvda g‘alaba qozona olmayapti. Oxirgi bor 16-mart kuni safarda “Lester” ustidan zafar quchilgan edi.
Hozirda “Manchester Yunayted” 33-turdan so‘ng 38 ochko bilan 14-o‘rinda bormoqda. Shuncha ochkoga ega “Vulverxempton” esa 15-pog‘onada qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, keyingi turda “qizil iblislar” safarda “Bornmut”ga qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)