Effect.uz sayti direktori, jurnalist Akmal Eshonxonov sudda javobgar qilindi. Unga 11 million 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi belgilandi. Bu haqda “Daryo” jurnalisti xabar berdi.
2025-yilning 14-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida boshlangan sud qisqa tanaffusdan so‘ng, 16-aprel kuni ishini davom ettirdi.
Dastlabki sud majlisida so‘z olgan sudya Jahongir Saidov sayt direktori yolg‘on axborot tarqatishda ayblanayotganini maʼlum qilgandi. Shuningdek, u tahririyatning 2025-yil 15-fevralda eʼlon qilgan “Xolmo‘min Yodgorovga savollar bor” sarlavhali maqolasidagi:
Sudyalar Oliy malaka hayʼatining xulosasi bilan sudyalik lavozimiga tavsiya etishga noloyiq deb topilgan B.A. Sudyalar oliy kengashining 2021-yil qarori bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi sudyasi lavozimiga, T.Sh. JIB Yakkabog‘ tuman sudi raisi lavozimiga, K.R. FIB Qorako‘l tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, S.B. JIB Guliston tuman sudi raisi lavozimiga, A.O‘. FIB Yangiyo‘l tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, A.S. FIB Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, S.N. Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi lavozimiga loyiq deb topilib, rasman ishga tayinlangan. Ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin: chunki lavozimga tayinlangan yana bir qancha sudyalar va sud raislari haqida tahririyat ixtiyorida yetarlicha maʼlumotlar bor,
deyilgan jumlaga dalil so‘ragandi. 16-aprel kuni davom etgan sudda Akmal Eshonxonov garchi hujjatning o‘zini taqdim etmasa-da, hujjat sanasi haqida maʼlumot berib, Sudyalar Oliy malaka hayʼatidan qo‘shimcha maʼlumot olib, maqoladagi faktni tekshirib ko‘rish imkoni borligini aytib, shuni so‘rab olish haqida iltimosnoma kiritdi. Mazkur iltimosnoma raislik etuvchi tomonidan rad etilib, keltirilgan dalillar yetarli emas degan xulosaga kelindi.
Sudda shuningdek, advokatlar Mirzo Ulug‘bek tuman IIB xodimi tomonidan 2025-yilning 7-aprel kuni tuzilgan elektron ko‘rinishdagi maʼmuriy bayonnoma soxta ekanini, undagi maʼlumotlar IIB xodimi tomonidan kiritilib tasdiqlanganini, sudlanuvchi huquqbuzarligini tan olib, hujjatga imzo qo‘ymaganini maʼlum qildi. Sudga guvoh sifatida chaqirilgan IIB xodimi ham maʼmuriy bayonnoma sudlanuvchi ishtirokisiz tuzilganini tan oldi. Biroq sudlanuvchi va uning advokatiga hujjatlar bilan tanishtirish haqida bayonnoma tuzgan paytda Akmal Eshonxonovni Maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan tanishtirganini aytdi.
Sudlanuvchining advokati IIB xodimi tuzgan maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks soxta ekanini, u huquqbuzarlikda ayblanayotgan fuqaro ishtirokida tuzilmaganini bayon qilib, hujjatni soxta deb topishni va shundan kelib chiqqan holda ishni surishtiruv organiga qaytarishni iltimos qildi. Sudya mazkur iltimosnomani ham rad etdi. Advokatlar takroriy tarzda sudyaga “otvot” berdi. Bu ham rad qilindi.
Sudya jurnalist Akmal Eshonxonovni yolg‘on axborot tarqatishda aybdor deb topdi va unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari — 11 million 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi.
Tahririyat va Sudyalar olish kengashi o‘rtasidagi ziddiyatga sabab nima?
Aniqlanishicha, Effekt.uz sayti 2025-yilning 6-fevral kuni “Sudyalarning nafsi hakalak otganmi yoxud Yodgorov va Islomov tizginni yo‘qotdimi?” sarlavhali maqola eʼlon qilib, maqolada sudyalarda korrupsion holatlar ko‘p uchrayotganini yozib, qozilarning pora olishiga katta ehtimol bilan Sudyalar olish kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov sababchi, degan. Bunga munosabat bildirgan Sudyalar olish kengashi axborot xizmati mukammallikka daʼvo qilinmasligini, biroq noxolislikka ham toqat qilinmasligini yozib, “ushbu maqola biryoqlama va yetarli asoslarga ega bo‘lmagan hissiyotli mulohazalardan iborat bo‘lib, sudyalar hamjamiyati faoliyati, rahbariyati va aʼzolarini obro‘sizlantirish maqsadida yozilgan, deyishga to‘la asoslar bor”, deya fikr bildirgan. Bu haqda ikkinchi marta chiqish qilgan Effekt.uz sayti jurnalisti mavzuni davom ettirib, bu safargi maqolada Xolmo‘min Yodgorovga savollarini bayon qilgan. Jurnalistlar chiqishini eʼtiborsiz qoldirgan masʼullar “savollarga javob naqd”ligini yozib, maqolani “Sudyalar oliy kengashiga nisbatan navbatdagi axborot xuruji”, deb baholagan.
Buni so‘z erkinligining amaldagi ifodasi, deb bo‘lmaydi. Chunki so‘z erkinligining bosh mezoni — xolislik, tarqatilayotgan axborot uchun masʼuliyatni zimmaga olish va aybsizlik prezumpsiyasiga qatʼiy rioya etish hisoblanadi. Maqolada ushbu huquqiy va axloqiy talablarning aksi ko‘rinadi va bu elektron nashr faoliyatida o‘z shioriga ters holatlar ko‘zga tashlanayotganini ham bildiradi, deyiladi Sudyalar oliy kengashining javobida.
Keyinchalik tahririyatning yozishicha, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov tanqidiy maqola uchun Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritgan. Bosh prokuratura ishni ko‘rib chiqish uchun Ichki ishlar vazirligi xodimlariga yuborgan. IIV xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilgan ish Mirzo Ulug‘bek tuman IIB ixtiyoriga yuborilgan. Shunday qilib ish ayni kunda sudga yetib kelgan.
Izoh (0)