AQSH o‘zining yangi bojlari tufayli dunyoning barcha mamlakatlari bilan iqtisodiy yadro urushini boshlaydi. Bu haqda milliarder Bill Ekman o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida yozib qoldirdi.

U biznesga sarmoya kiritish to‘xtashi, iste’molchilar xarajatlarini qisqartirishi va butun dunyo nazarida Amerika obro‘siga shunday zarar yetadiki, uni tiklash uchun yillar yoki o‘n yillar talab etilishini aytdi. Tadbirkor nafaqat yirik kompaniyalar, balki o‘rta va kichik biznes ham ko‘proq muammolarga duch kelishidan ogohlantirdi. Chunki deyarli hech kim bir kecha-kunduzda keskin oshgan xarajatlarni ko‘tara olmaydi.
Biznes — bu ishonchga asoslangan o‘yin. Prezident butun dunyo bo‘ylab biznes rahbarlarining ishonchini yo‘qotmoqda. Buning oqibatlari mamlakatimiz va prezidentni qo‘llab-quvvatlagan millionlab fuqarolarimiz, ayniqsa, shundoq ham katta iqtisodiy qiyinchilikni boshdan kechirayotgan kam daromadli iste’molchilar uchun juda salbiy bo‘ladi. Biz bunga ovoz bermaganmiz, deb yozdi Ekman.
Investor AQSH prezidenti Donald Trampning boshqa davlatlar AQSHning ustunliklaridan foydalangani va iqtisodiy foyda ko‘rgani haqidagi dalillariga qo‘shildi. Biroq 7-aprel kuni bojlar bo‘yicha qarorlarni muzlatishni e’lon qilishga (9-aprel kuni kuchga kirishi kerak), “muzokaralar olib borish va adolatsiz asimmetrik boj kelishuvlarini hal qilish, AQSHga trillionlab dollarlik yangi investitsiyalarni jalb qilishga” chaqirdi.
Aks holda biz o‘z qo‘limiz bilan yaratgan iqtisodiy yadro qishiga yaqinlashmoqdamiz va bizga biroz tin olish kerak. Sovuqqonlik hukm sursin, dedi u.
Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Ekmanning boyligi 8,9 milliard dollarga baholanmoqda. Biznesmen dunyoning eng boy odamlari reytingida 310-o‘rinni egallab turibdi. U 2004-yilda Pershing Square Capital Management hedj-fondiga asos solgan va uni boshqaradi, tashkilotning umumiy aktivlari 15 milliard dollarni tashkil etadi.
Ekman o‘nlab yillar davomida demokratlarni qo‘llab-quvvatlagan va 2021-yilda hatto Trampdan iste’foga chiqishni talab qilgan, biroq 2024-yilgi saylovlarga bir necha oy qolganda respublikachiga o‘z qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Kuzda u Demokratik partiya tarqalib ketishini istashini aytgan edi.
Trampning savdo siyosati
Tramp tomonidan dunyo tovarlariga nisbatan bojlar 2-aprel kuni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston mahsulotlariga 10 foizlik boj belgilangan, ayrim mamlakatlar uchun esa bu ko‘rsatkich 50 foizga yetgan. Mazkur choralar jahon iqtisodiyotida sekinlashuv xavotirlarini kuchaytirdi.
Investorlar an’anaviy xavfsiz aktivlar, jumladan, oltinga sarmoya kiritishni boshlagan. Natijada 3-aprel kuni tarixda ilk bor oltin narxi bir unsiya uchun 3200 dollardan oshgan. Xitoy javoban AQSH mahsulotlariga 34 foizlik boj joriy etgan.
Tramp 12-martdan boshlab Yevropa Ittifoqidan 28 milliard dollarlik po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik boj belgilagan edi. Shu kuni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ittifoq tomonidan 26 milliard dollarlik “kuchli, ammo mutanosib” qarshi choralarga tayyorlanayotganini e’lon qilgan.
Izoh (0)