Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shahobchasida Matiz gaz balloni portladi. Holat yuzasidan FVV maʼlumot berdi.
Unga ko‘ra, holat bugun, 15-aprel kuni soat 12:20 da Marg‘ilon shahar “Sholdirama” MFY Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan AGTKSHda kuzatilgan. Matiz avtomobiliga o‘rnatilgan propan gaz balloni ichiga metan gazi to‘ldirish vaqtida gaz balloni portlagan.
Portlash natijasida yong‘in yuz bermagan. Hodisa natijasida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
2024-yilning yanvar oyi o‘rtalarida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi metan zapravkada ham “Jiguli”da yong‘in chiqqandi.
Oktyabr oyida Qarshi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘lgandi.
20-fevral kuni soat 18:02 da Andijondagi zapravkada havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Fuqarolarga malakali tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yotqizilgan.
Propan balloniga metan quymaslik kerak. Sababi:
Metanning bosimi baland — u juda kuchli siqilgan bo‘ladi. Propan balloni esa bu qadar bosimga chidamaydi. Portlab ketishi mumkin.
Ballon mos emas. Propan uchun ishlatiladigan ballon ichki tomondan materiali bilan metanga to‘g‘ri kelmaydi. Gaz sizib chiqishi yoki nosozlik bo‘lishi mumkin.
Xavfli. Metan ham yonuvchan gaz. Noto‘g‘ri saqlansa yong‘in yoki portlash xavfi bor.
Izoh (0)