AQSH prezidenti Donald Tramp amerikaliklarni biologik hodisalardan himoya qilish maqsadida yangi qonun chiqardi. Unga ko‘ra, Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlardagi nazoratsiz va xavfli viruslar tadqiqotlari uchun federal mablag‘ ajratish taqiqlandi. Bu haqda Oq uy xabar qildi.

Hujjat AQSH tadqiqot agentliklariga salomatlik yoki milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan biologik tadqiqotlarni aniqlash va moliyalashtirishni to‘xtatish vakolatini beradi. U yangi pandemiya keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xorijiy tadqiqotlarni mablag‘ bilan ta’minlashni taqiqlaydi.
Ushbu buyruq amerikaliklarni laboratoriya avariyalari va boshqa bioxavfsizlik hodisalaridan, jumladan, COVID 19 va 1977-yilgi Rossiya grippi kabi hodisalardan himoya qiladi, deyiladi Oq uy matbuot xizmati xabarida.
The Wall Street jurnali 2025-yil yanvar oyida Tramp endi viruslar ustidagi tadqiqot moliyalashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgandi. Ekspertlarning ogohlantirishicha, agar qaror amaliyotda qo‘llanilsa, Qo‘shma Shtatlar fanda boshqa mamlakatlardan ancha ortda qolishi mumkin.
Aprel oyi o‘rtalarida AQSH koronavirus Xitoy laboratoriyasidan tarqalgani haqida dalillar keltirgan. Kongressmenlar koronavirus Uxandagi laboratoriyada yaratilganini aytgan. Ular 2 yillik tekshiruv natijasida koronavirus laboratoriyadan tarqalganiga oid dalillar keltirgan.
Virus biologik xususiyatlarga ega, COVID bozorda tarqalishidan oldin laboratoriya xodimlari kasallikka chalingan, deydi kongressmenlar.
Ularga ko‘ra, virus tabiatda aniqlanmagan biologik xususiyatlarga ega, COVID-19 ning barcha holatlarida virus inson organizmiga bir marta kirishi natijasida yuzaga kelgan. Garchi oldingi pandemiyalarda bir nechta tarqalish manbalari kuzatilgan. Bundan tashqari, Uxanda SARS viruslarini o‘rganish bo‘yicha yetakchi tadqiqot laboratoriyasi mavjud. Kongressmenlar muassasa “biologik xavfsizlik darajasi yetarli bo‘lmagan” tadqiqotlar tarixiga egaligini aytmoqda.
Olimlar esa koronavirus bozordan tarqalganini aytmoqda
AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlardan bir guruh olimlar koronavirus tarqalishining manbayi Xitoyning Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari bozori ekanini aytgandi. 12 milliondan ortiq aholiga ega Uxanda 4 ta tirik hayvonlar bozori faoliyat yuritadi. Ular orasida Xuanan bozori eng ko‘p yovvoyi hayvonlar sotiladigan joy hisoblanadi.
Olimlar bozorda 2019-yilning kuzida bir necha yenotsimon itlar, bambuk kalamushlar, malay jayralari, Amur tipratikanlari va Osiyo bo‘rsiqlari kabi tirik hayvonlarni noqonuniy sotilganini aytmoqda. Yovvoyi hayvon sotuvchilarning aksariyati bozorning g‘arbiy qismida joylashgan, aynan shu yerda COVID-19 bilan kasallanishning eng dastlabki va ko‘p holatlari kuzatilgan.
Izoh (0)