Rossiyaning Liberal demokratik partiyasi (LDPR) yetakchisi Leonid Slutskiy Rossiya Bosh prokuraturasiga Moskva o‘zbek milliy-madaniy muxtoriyati kengashining sobiq rahbari Bahrom Ismoilovning Rossiyadagi faoliyati qonuniyligini tekshirishni so‘rab so‘rov yuborishini ma’lum qildi.

Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ismoilov o‘zbekistonlik bloger Kiril Altmanga bergan intervyusida “o‘zbeklar Rossiyani egallashni istashini” aytgan.
Deputatning qo‘shimcha qilishicha, Ismoilov millati o‘zbek bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi. Shu sababli uning faoliyatini Rossiya qonunlari bo‘yicha tekshirish zarur.
“LDPR bu “migratsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi”ning asl yuzini ochadi”, dedi Slutskiy.
“Ismoilov bizning fuqarolikni oldi, lekin u yuragini boshqa davlatga tashlab kelganga o‘xshaydi. Xalqimiz va Bosh prokuratura bu o‘zbek xayolparastiga o‘z yo‘lini topishga yordam beradi. Surishtiruvlar tayyorlayapmiz. Biz hamma narsani tekshiramiz — Rossiyaga qanday kelgani, o‘zini qanday qonuniylashtirgani, biznesini qanday qilib olib borgani, shuningdek, diasporadagi faoliyatigacha”, dedi u.

Bahrom Ismoilov avvalroq O‘zbekiston va Rossiya bir-biri bilan yaqin o‘rtoq munosabatda bo‘lishi kerakligi, chunki Rossiyada 3 milliondan oshiq O‘zbekiston fuqarolari ishlayotganini aytgan. Bundan tashqari, “bizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz eng ko‘p eksport qilinadigan davlat ham, bizga kerak ko‘p mahsulotlar import qilinadigan davlat ham aynan Rossiya” degan u.
Bundan tashqari, Bahrom Ismoilov o‘zbeklarni sharmanda qilmaslik, yuzini yerga qaratmaslik uchun hatto Rossiya tomondan Ukrainadagi urushga borishga ham roziligini bayon qilgan.
“Agarda shunaqa vaziyat bo‘lib qolsa, men Bahrom Ismoilov, Rossiya fuqarosi bo‘lib, o‘zbek bo‘lib, Rossiya xalqining yonida turish uchun, o‘zbeklarni sharmanda qilmaslik uchun boraman!”, degan Ismoilov.
Bahrom Ismoilov o‘zbek migrantlarini ham Rossiya armiyasiga qo‘shilishga chaqirgandi.
Umuman olganda, Bahrom Ismoilovning Kiril Altmanga bergan intervyusi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Korzinka tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov bu intervyuga munosabat bildira turib, bunday shaxslarga o‘z platformasini minbar sifatida berish tub ekanini Kiril Altmanga aytib o‘tgan.

Hoshimovning ta’kidlashicha, o‘z vaqtida Bahrom Ismoilovni “o‘z vatandoshlari qonini sotish bilan shug‘ullanuvchi” deb atagani uchun u Zafar Hoshimovni “o‘z sha’ni va obro‘si”ni himoya qilish maqsadida sudga berganini eslab o‘tgan.
“Ammo sud himoya qilinadigan sha’n va obro‘ni topolmagan shekilli, Ismoilov sudda yutqazgandi”, deb yozdi Zafar Hoshimov.
Izoh (0)