Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti tadbirlari haqida ommaviy axborot vositalari uchun bayonot berdi.

Sherzod Asadov barcha O‘zbekiston prezidenti raisligida Yevropa Ittifoqi va mintaqa yetakchilari ishtirokida o‘tayotgan tarixda birinchi “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammiti qabul qilinayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.
“Bunday katta va muhim xalqaro tadbirni qabul qilish bizga g‘urur bag‘ishlaydi. Ushbu tarixiy tadbir jahon sivilizatsiyasining eng qadimiy markazlaridan biri - Samarqand shahrida o‘tayotgani ramziy maʼnoga ega. Asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining bu ulug‘vor shahri Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik, maʼrifat, ilm-fan va savdo markazi bo‘lib, nafaqat xalqaro aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shgan, balki tarixda o‘chmas iz qoldirgan.
Mana bugun mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi yetakchilari Samarqandda yig‘ilib, savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qilayotgani Samarqand o‘zining siyosat va savdo markazi sifatidagi o‘rnini qayta tiklayotganidan dalolat beradi”, deydi Prezident matbuot kotibi.
Sherzod Asadov Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik bugun mutlaqo yangi surʼat kasb etganini taʼkidladi.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda hamkorlik faollashdi, qo‘shma muloqot maydonlari faol ishlamoqda, zamonamizning dolzarb muammolarini hal etish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.
“Shu maʼnoda bu sammit munosabatlarimizda muhim bosqich bo‘ladi. Samarqanddagi uchrashuv natijalari hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochishiga shubha yo‘q.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, uni yanada kengaytirishga qatʼiy intilish shakllanganida, shubhasiz, muhtaram prezidentimizning xizmati katta, bu davlatimiz rahbarining oqilona va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan tashqi siyosatining samarasidir.
Erishilgan asosiy yutuqlar, bu – O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi (2020-yildan buyon 2 barobar o‘sdi), O‘zbekiston mahsulotlari eksporti 2020-yilga nisbatan 4 barobar oshdi, qo‘shma korxonalar soni 1 mingdan oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari yashil energetika, infratuzilma, yengil sanoat, o‘ta muhim xomashyo resurslarini qayta ishlash sohalarida qator yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirmoqda”, deydi Sherzod Asadov.
Prezident matbuot kotibi bugun boshlangan sammit uzoq yillarga mo‘ljallangan yangi yo‘nalishlar va ulkan maqsadlarni belgilab berishini aytdi.
“Bu haqda so‘z borar ekan, Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar dinamikasi, hozirgi kun tartibi va istiqbollarini Davlatimiz rahbari Euronews’ga bergan eksklyuziv intervyusida batafsil tahlil qilib berganlarini taʼkidlashni istardim.
Sammitning birinchi kunida bo‘lib o‘tgan voqealarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Barcha ishtirokchi delegatsiyalar Samarqandda yig‘ildi.
Kecha Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, bugun Yevrokomissiya prezidenti Ursula van der Lyayen xonim hamda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqi yetakchilari Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen xonim bilan alohida uchrashuvlar, keyin qo‘shma tarkibda muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
YIning bosh institutlari rahbarlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklikni mustahkamlash borasidagi siyosatni yuksak baholadilar va qatʼiy qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar”, deydi Prezident matbuot kotibi.
Taʼkidlanishicha, tomonlar innovatsiyalar, yashil energetika, tog‘-kon tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga kelishib oldi.
“O‘rtamizda mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklikning ramzi sifatida prezidentimiz va Yevropa Ittifoqi yetakchilari birgalikda daraxt ekdilar.
Sammitning ishbilarmonlik dasturi ham bor. Uning doirasida prezidentimiz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston-YI muzokaralari doirasida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini taʼsis etish to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu nufuzli moliyaviy institutning vakolatxonasi aynan Toshkentda ochilishi mamlakatimizni xalqaro moliyaviy xabga aylantirish sari muhim qadam bo‘ladi.
Prezidentimiz qardosh qo‘shnilarimiz – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari bilan uchrashdilar, ikki tomonlama munosabatlar va ertangi sammitga aloqador dolzarb masalalarni muhokama qilib oldilar”, deya qo‘shimcha qiladi Sherzod Asadov.
Maʼlum qilinishicha, sammitning asosiy tadbirlari ertaga bo‘lib o‘tadi. Bu, bevosita, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining yig‘ilishi.
“Unda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik, barqaror taraqqiyot va ekologiya, gumanitar hamkorlik kabi keng qamrovli masalalar muhokama qilinadi.
Yakunda sammitning eng muhim natijasi – Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida konstruktiv muloqotni kengaytirishga, barcha yo‘nalishlardagi hamkorlikka kuchli surʼat bag‘ishlab, munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqadigan Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.
So‘ng delegatsiyalar rahbarlari Samarqand iqlim forumining yalpi sessiyasida ishtirok etadi. Asosiy eʼtibor ekologik tahdidlarga qarshi kurashish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratiladi.
Ushbu tadbirlar doirasida davlatimiz rahbari qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi”, deydi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Taʼkidlash lozim, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda erishilayotgan kelishuvlar yakunda, albatta, xalq farovonligi oshishiga olib keladi.
Izoh (0)