O‘zbekistonda 2025-yil 1-yanvardan boshlab sirk tomoshalarini o‘tkazishda yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori”da belgilandi.
Qaror bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga, xususan, yo‘lbars, sher, gepard, yaguar va ularning barcha kenja turlari, gorilla, shimpanze, yirik bo‘g‘ma ilonlar oilasiga mansub barcha turlar, otlarning barcha turlari (xonaki otlar bundan mustasno) kiritildi.
Ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar Ekologiya vazirligining ruxsatnomalari asosida belgilangan tartibda faqat yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan hayvonot bog‘lari va pitomniklarda (terrarium, okeanarium, serpentariy va boshqalar) saqlanishi mumkin.
Bunda ro‘yxatdagi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hamda zaharli hayvonlar qonunchilikka muvofiq maxsus pitomniklarda saqlanadi.
Jismoniy shaxslar, shuningdek, davlat va mobil sirklar (shapitolar) ixtiyoridagi ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar shartnoma asosida yovvoyi hayvonlar saqlash uchun hayvonot bog‘lari yoki pitomniklarga pulli yoki bepul topshirilishi mumkin.
O‘zbekiston faunasiga mansub bo‘lganda ular uchun mos tabiiy yashash muhitiga, O‘zbekiston faunasiga mansub bo‘lmaganda esa respublikadan tashqariga qonunchilikda belgilangan tartibda chiqarib yuborilishi mumkin.
Izoh (0)