Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlarni kengaytirish rejasini keskin tanqid qilmoqda. U bu harakatlar misli ko‘rilmagan fojiaga va hech qachon tugamaydigan urushga olib kelishini ta’kidladi. Bu haqda Telegraph xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Fransiya rahbari 11-avgust kuni BMT boshchiligida G‘azoni barqarorlashtirish missiyasi tuzishni taklif qilib, o‘z jamoasiga bu borada darhol ish boshlashni topshirgan.
“Isroil vazirlar mahkamasi G‘azo shahri va Al-Mavosiy lagerlaridagi operatsiyalarini kengaytirish va qayta ishg‘ol qilish to‘g‘risida bayonot e’lon qildi. Bundan shuni anglash mumkinki, bizni misli ko‘rilmagan jiddiy falokat kutib turibdi. Bu Isroil cheksiz urush tomon harakatlanayotganidan darak beradi”, dedi Fransiya rahbari.
O‘tgan hafta Isroil xavfsizlik kengashi G‘azo shahriga bostirib kirish va uni to‘liq egallash rejalarini ma’qullagan edi. Makron bu strategiya eng avvalo isroillik garovdagilar va G‘azo aholisi uchun zararli bo‘lishini aytmoqda.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu esa o‘z rejasini himoya qilib, HAMASni to‘liq mag‘lub etishdan boshqa yo‘l yo‘qligini ta’kidlamoqda. Rasmiylar G‘azo shahridagi tinch aholining evakuatsiyasi oktyabrgacha cho‘zilishi mumkinligini bildirgan. Bu esa yangi hujum boshlanishidan oldin otashkesimga erishish ehtimolini oshiradi.
Ma‘lumot o‘rnida, so‘nggi bir sutkada G‘azo sektorida 69 kishi halok bo‘lgan, ularning 5 nafari ocharchilik sabab vafot etgan. HAMAS nazoratidagi sog‘liqni saqlash vazirligi anklavdagi umumiy qurbonlar soni 61 499 nafarga yetganini bildirgan.
Izoh (0)