Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Olot tumanida qum bo‘g‘ma iloni sotilishi bilan bog‘liq eʼlon tarqalgan edi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi holatga izoh berdi.
Unga ko‘ra, ushbu eʼlon yuzasidan Olot tuman inspeksiyasi inspektorlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida, inspektorlar eʼlonda ko‘rsatilgan telefon raqamga mijoz sifatida qo‘ng‘iroq qilib, ilon sotiladigan manzilga bordi.
Mutaxassislar aytilgan manzilga borganda “Arabxona” MFYda yashovchi fuqaro R.M. tomonidan tutqunlikda ushlab turilgan ilon haqiqatdan ham qum bo‘g‘ma iloni ekani aniqlandi. Fuqaroga yovvoyi hayvonlar va ularni noqonuniy savdo-sotiq qilish qonuniy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi haqida tushuntirib o‘tildi.
Shuningdek, tutqunlikda saqlangan ilon fuqarodan olinib, cho‘lga qo‘yib yuborildi. Huquqbuzarlik sodir etgan fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 92-moddasi bilan 1 700 000 so‘m jarima qo‘llanildi.
Izoh (0)