O‘zbekistonda 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab tergov sudyalari ish boshlashi rejalashtirilgan. Ayni kunda mavjud shahar va tumanlarga 236 nafar tergov sudyalari tayinlandi. Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov ayni shu mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanida tergov sudyalarining ish boshlashi O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 10-iyundagi farmonida ko‘zda tutilganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay qonun loyihasi tashabbuskori Oliy sud, mahkama nomidan Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov deputatlarga bu haqda chiqish ham qildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinganidan keyin, spiker Nuriddin Ismoilov qonun tashabbuskori vakiliga loyihani kech kiritgani uchun e’tiroz bildirdi.
Tergov sudyasi tashabbusi iyun oyida paydo bo‘lgan. Lekin sizlar yangi yilga, birinchi yanvarga 12 kun qolganda bizga kirityapsizlar. Shuncha vaqt o‘tdi, 1-yanvardan kuchga kirishi kerak. “Buni qabul qilib beringlar”, deyapsizlar. Shuning uchun, iltimos bo‘ladi, oldinroq kiritsangizlar, bizga ham oson, ham to‘g‘ri bo‘lardi. Hali qo‘mita kelgusi haftagacha loyiha ustida ishlashi kerak. Bitkazsak ham, Senatga kiritish masalalari bor, dedi Nuriddin Ismoilov.
Advokat Muxsinjon Madaminov Ikrom Muslimov ishtirokidagi matbuot anjumanida so‘z olar ekan, qonun tashabbuskorlari shoshganini, mazkur masalada xato-kamchiliklar yetarli ekanini aytgandi. Mazkur maqolada advokatning bu boradagi fikrlarini o‘qishingiz mumkin.
Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan
“Oliy suddagi tergov sudyasi institutining asosiy vazifasi va yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumaniga jurnalistlar, blogerlar va advokatlar taklif qilingandi. Men ham mazkur anjumanga tayyorgarlik ko‘rar ekanman, yuzaki tadqiqot o‘tkazdim. Chunki mazkur mavzu bilan bog‘liq ikki kunlik o‘rganish va izlanishni yuzaki demasdan, boshqa iloj yo‘q. Haqiqatdan ham, 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari tizimida yangi subyekt — tergov sudyasi paydo bo‘ladi.
Mazkur farmonning 7-bandida Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni kiritishi lozimligi belgilangan. Anjuman mezbonlari hozirda farmon ijrosi ta’minlanayotganini, amaldagi qonunlarga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar parlamentda keng muhokama bo‘layotganini ma’lum qildi. Biroq, qonun loyihalari muhokama uchun joylashtiriladigan regulation.gov.uz portalida mazkur band ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan va amaldagi Jinoyat protsessual kodeks hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari bugungi kunga qadar (13-dekabr holatida) e’lon qilinmagan.
Vaholanki, umumiy yurisdiksiya sudyalari korpusining tarkibiy qismi bo‘lgan tergov sudyalarining maqomi va vakolati doirasi boshqa sudyalarning vakolatidan qonun normasi orqali ajratib olinishi lozim. Bu sudyalarimiz sud hokimiyatining mutasaddi xodimlari sifatida konstitutsiyaviy maqomga ega ekanligidan kelib chiqadi. Tergov sudyalari maqomini belgilab, ularning vakolatlari doirasini aniqlab beradigan qonunni qabul qilish uchun esa bizda muddat qolmagan.
Aslida bitta qonun qabul qilinishi uchun qancha muddat kerak?
Qonunchilik palatasida tegishli qo‘mitadan o‘tib, kengashga kiritilib, qabul qilinishi — ikki oygacha;
Senat ma’qullashi — oltmish kungacha;
Prezident imzolashi — oltmish kungacha.
Demak qonun qabul qilinishi uchun jami hisobda eng kamida uch-to‘rt oy vaqt kerak. Men bu muddatda qonun loyihasini tayyorlash va tegishli ekspertizalardan, shu jumladan huquqiy ekspertiza, korrupsiyaga qarshi ekspertiza, moliyaviy ekspertizadan o‘tkazilish muddatlarini kiritganim yo‘q. Qonun uni ishlab chiqish tartibi buzib qabul qilinadigan bo‘lsa, qonunning o‘zini qanchalik darajada “qonuniy” deyishimiz mumkin?
Ikrom Muslimov noto‘g‘ri ma’lumot berdimi?
Anjumanda tergov sudyasi institutiga bag‘ishlanib 147 ta maqola e’lon qilinganligi ma’lum qilindi. Internetdan qidirilganida esa huquqshunos-mutaxassislarning mazkur mavzuga bag‘ishlangan faqatgina ikkita maqolasi chiqqanligini ko‘rishimiz mumkin. Birinchisi “Huquq va burch” jurnalida Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti S.Xolmatovaning “Jinoyat protsessida tergov sudyasi instituti” nomli ilmiy maqolasi bo‘lib, muallif magistrant ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega emas. Ikkinchisi esa O‘zA saytida e’lon qilingan Namangan viloyat sudi raisining o‘rinbosari A.Mirzayevning “Tergov sudyalari nima ish qiladi?” nomli maqolasi hisoblanadi. Mazkur maqola publististik xarakterga ega. Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekistonda tergov sudyasi institutini joriy qilish uchun jiddiy ilmiy izlanish mavjud emas. Jamiyatimizda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligi uchun mas’ul bo‘lgan, inson huquqlari kafili bo‘lgan 236 nafar sudyaning o‘zi “qonundan tashqarida”. Bundan tashqari endilida shaxsning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini cheklashga qaratilgan jinoyat-protsessual protseduralar vakolatli bo‘lmagan sudyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Anjumanda prezident farmonidan kelib chiqib, yangi tayinlangan sudyalar bilan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilganligi ma’lum qilindi. Lekin men anjumangacha suhbatlashgan besh nafar bo‘lajak tergov sudyasi ularni hech kim mazkur ixtisoslik bo‘yicha o‘qitmaganligini aytgandi. Bu savolga javob bergan Muslimov buni tan olmadi va o‘qitish amalga oshirilganini aytdi. Shaxsan men o‘zim suhbatlashgan sudyalarning gapi haqiqatga yaqinroq deb hisoblayman. Boisi, huquqiy nazariya bo‘lmasa, qonun bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda muhokamadagi qonun loyihasi bo‘lmasdan turib, sudyaga nimani o‘qitish mumkin?
Advokatlar tergov sudyasi joriy etilishini kutgandi, ammo...
Biz advokatlar tergov sudyasi institutining joriy qilinishini mamnuniyat bilan kutib olgan edik. Chunki tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida inson huquqlari poymol qilinishi, surishtiruvchi, tergovchi va boshqa mas’ul xodimlar tomonidan Jinoyat protsessual kodeks normalarining buzilishi yuzasidan vakolatli prokurorga murojaat qilishimiz aksar hollarda asossiz va qonunga zid ravishda rad etiladi. Prokurorning qarori ustidan shikoyat qilib, instansiyama-instansiya yurgunimizcha tergov yakunlanib bo‘ladi. Oqibatda dodimizni sudda aytish uchun kutishga majbur bo‘lamiz. Tergov sudyasi instituti joriy qilinsa, prokuror qarori ustidan sudga shikoyat qilish huquqi vujudga keladi degan umidda edik. Afsuski bunday bo‘lmayapti. Chunki, tergov sudyasi vakolati doirasini belgilab beradigan qonun yo‘q, bu qonunni qabul qilib, joriy qilishga esa vaqtimiz qolmagan.
Prokurordan sudyaga olib berilgan dastlabki vakolatlardan biri ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi hisoblanadi. Mazkur vakolat sudlarga 2008-yil 1-yanvarida olib berilgan. O‘sha yili men o‘g‘il ko‘rgan edim. Ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi sudga olib berilganining dastlabki chog‘larida, mazkur masala bo‘yicha yopiq sud majlislari o‘tkazilishi vaqtincha ekanligini bir-ikki yilda tajriba umumlashtirilib, bu sud majlislari ochiq sud majlisida o‘tkazilishi masalasi ko‘rib chiqilishi, shuningdek, sudyalarning vakolati ham kengayishi va’da qilingan edi. Oradan o‘n yetti yil o‘tdi. O‘g‘lim balog‘atga yetib, maktabni bitirish arafasida. Demak, bitta insonni shaxs sifatida shakllanishi uchun yetarli davr o‘tdi. Ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tartibi esa hali ham o‘sha-o‘sha. Ayblanuvchilarning ishi yopiq sud majlisida ko‘rilmoqda, sudyalar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga doir ishlarni yuzaki o‘rganadi. E’tiroz bildirilsa, barcha sudyalarning bahonasi bir xil — “mening ayblovga kirishga haqqim yo‘q”.
To‘g‘ri, jinoyat-protsessual qonunchilikdagi kamchilik tufayli, sudyaning ayblovga kirishga haqqi yo‘q, lekin ayblanuvchiga nisbatan e’lon qilingan ayblov fabulasi bilan mazkur fabula mazmunidan kelib chiqqan holda shaxsning qilmishi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganiga nahot sudya baho bera olmasa? Ayblov fabulasi bilan Jinoyat kodeksiga asosan e’lon qilingan modda o‘rtasida nomutanosiblikni ko‘rmasa?
Ko‘radi albatta, qilmish nomutanosib ravishda og‘ir modda bilan kvalifikatsiya qilinganligini ham biladi. Lekin, “ayblovga kira olmayman” bahonasida, odamni qamayveradi. Fikrimcha, sudyaning bu harakatining o‘zi qonunni buzishdir. Chunki mazkur tarzdagi qilmish “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida nazarda tutilgan “Sudning asosiy vazifalari fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini … himoya qilishdan iborat”, degan normasiga qarshi. Natijada bugungi kunda shaxsga qamoqda olish ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq protsedura “sud formalizmi” ko‘rinishiga ega bo‘lib qolgan. Mazkur amaliyotdan sudyalarning o‘zlari ham aziyat chekishadi.
Sudyalar va prokurorlar tizim ularni himoya qilolmasligini tan oladi
Kasbim yuzasidan sudyalar va prokurorlar bilan suhbatlashib turamiz, mushkul kunlarida ularni himoya qilishimga to‘g‘ri keladi. Huquqiy amaliyot muammolari haqida suhbatlashib qolsak, ikkisi ham “tizim bizni himoya qilmaydi”, deb xafa bo‘lishadi. Qonunni qo‘llash amaliyotini sudyalar bilan prokurorlar o‘zlari buzar ekan, “buzuq” huquqiy amaliyotga tayangan tizim, qanday qilib ularni himoya qilsin?! Axir prokuror bilan sudya ham inson, shu sababli ham ularni oddiy fuqarolardan ustun joyi yo‘q. Natijada, prokuratura va sud tizimi xodimlari o‘zlari kavlagan chohga o‘zlari tushib qolyapti, deydi advokat.
Izoh (1)
Assalomu alaykum yaxshimisiz