Sudyalar oliy kengashi Samarqandda vafot etgan byuti-bloger G.M.ning nikohi bekor qilinishi bilan bog‘liq tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda uning turmush o‘rtog‘i bilan nikohini bekor qilish haqidagi ariza fuqarolik sudida juda qisqa vaqtda ko‘rilib, qanoatlantirilganiga oid xabarlar tarqalmoqda.
Aniqlanishicha, G.M. vafotidan ikki oy avval turmush o‘rtog‘i birgalikda nikohdan ajratish haqida sudga emas, balki Samarqand shahar 2-sonli Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDY) organiga ariza bilan murojaat qilgan. Ariza yuzasidan taraflar 2025-yilning 9-yanvar kuni mazkur organga taklif qilingan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga G.M. yoki uning turmush o‘rtog‘i tomonidan nikohdan ajratish yoki boshqa oilaviy nizolar bo‘yicha da’vo arizalar kelib tushmagan.
“Ijtimoiy tarmoqlardagi go‘yoki “sud sanoqli kunlarda nikohni bekor qildi” mazmunidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi munosabatda.
Samarqandlik byuti-bloger G.M. 11-dekabr kuni vafot etgandi. “Tunda 8-qavatdan o‘zini tashlagan, deyishyapti. So‘nggi vaqtlarda qaynonasi chiqishtirmayotgani, eri kun bermayotgani, kunora urush-janjal bo‘layotgani haqida gapirgan ekan…”, deb yozgan edi uning o‘limi haqida bloger Aqida Hanum Facebook’da.
Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Marhumaning o‘limi yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Tekshirish davomida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan vajlar ham o‘rganib chiqiladi.
Izoh (0)