Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida qiyin ahvolda qolgan bir oilaning besh nafar a’zosi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan X.R. farzandlari bilan og‘ir moliyaviy ahvolda qolgani sababli amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, X.R. 2024-yilning sentyabr oyida turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan vaqtincha ishlash maqsadida Sverdlovsk viloyatiga kelgan.
Oila boquvchisi sifatida uning turmush o‘rtog‘i Sverdlovsk viloyati Beloyarsk tumanida yakka tartibda qurilish firmalarida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan. Sverdlovsk viloyati huquq tartibot idoralari tomonidan o'tkazilgan reyd tadbiri davomida oila boquvchisi Rossiyada bo‘lish qoidasini buzgani sababli qo‘lga olingan va unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
O‘rganishlar natijasida R.X.ning turmush o‘rtog‘i vaqtincha ishlagan qurilish firmasida bir oylik ish haqi to‘lanmagani aniqlangan va u ish beruvchidan olib berilgan. Shuningdek, ayol va uning to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandiga Yekaterinburg—Toshkent aviareysiga chipta sotib olingan.
Ular 10-dekabr kuni Yekaterinburg shahridagi “Kolsovo” xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
Xorijdan O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar
Avgust-sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Oktyabr oyida Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik chaqaloq O‘zbekistonga, ota-onasi bag‘riga qaytarildi. Moskvadagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazidan 4 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi. O‘sha oyda Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan uch nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Noyabrda Dubayni tark etish taqiqlangan o‘zbekistonlik bolaga vatanga qaytishiga yordam berildi.
Izoh (0)