Rossiya prezidenti Vladimir Putin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga II darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordenini topshirdi, taqdirlash marosimi Kremlda bo‘lib o‘tdi.
Mukofot “Rossiya davlatchiligi mustahkamlanishiga, mamlakat mudofaa qobiliyati kuchaytirilishiga hamda Checheniston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” degan ta’rif bilan topshirildi.
“Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni to‘rtta darajaga ega bo‘lib, birinchisi eng yuqori hisoblanadi. Qodirov ushbu mukofotning to‘rtinchi (2006), uchinchi (2021) va ikkinchi darajalari bilan taqdirlangan. Qodirovni ushbu ordenning ikkinchi darajasi bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmon prezident tomonidan fevral oyida imzolangan edi.
Qodirov Chechenistonni 2007-yildan beri boshqarmoqda. U bu lavozimda Rossiyaning boshqa hududlari rahbarlariga qaraganda uzoqroq muddat ishlagan. Uning vakolat muddati 2026-yilda yakunlanadi.
Avvalroq Qodirov Putin hokimiyat vertikalining asosiy yetakchilarini qattiq tanqid qilib, rasmiylarni Ukraina hamda Gruziya bilan munosabatlarning buzilishida ayblagan edi.
2012-yildan beri Ichki ishlar vazirligini boshqarib kelayotgan Vladimir Kolokoltsev va 2011-yildan buyon Tergov qo‘mitasini boshqarib kelayotgan Aleksandr Bastrikin “o‘z joylarida o‘tirishmayapti”, dedi Qodirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi va Tergov qo‘mitasidagi “yuqorida o‘tirganlar” prezident tomonidan qo‘yilgan vazifalarni “sifatli” bajarmayapti.
Qodirovni tanqid qilishiga Crocus’dagi teraktdan so‘ng boshlangan va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq SSSR davlatlaridan 2 millionga yaqin odamning Rossiyadan chiqib ketishiga olib kelgan muhojirlarga nisbatan siyosatning keskinlashgani sabab bo‘ldi.
Izoh (0)