Ko‘ksaroy qarorgohida 27-may kuni Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif qildi. Davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.
Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng, davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi.
Vladimir Putin davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga 26-may kuni keldi. Toshkent xalqaro aeroportida Rossiya prezidentini Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. So‘ng ular “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi va anʼanaga ko‘ra, Rossiya rahbari Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘ydi.
27-may kuni oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda rahbarlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi.
Sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilinishi rejalashtirilgan. Prezidentlar, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ham ishtirok etadi. Ushbu yig‘ilishda ishtirok etish uchun Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham Toshkentga keldi.
Izoh (0)