Respublika bo‘yicha nogironligi bor bolalarni 16,5 mingi maktabga, 17,5 mingi bog‘chaga bormaydi, yana 11 ming bola maxsus maktab-internatlarda ota-onasidan uzoqda o‘qiyapti. Bu haqda bugun, 13-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qilindi.
Aytilishicha, bog‘cha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning taʼlim bilan qamrovi Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida eng pastligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun Ijtimoiy himoya agentligi, MMTV, viloyat hokimlariga 1-fevralgacha har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv taʼlim guruhini ochish topshirildi. 1-sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bola taʼlim olishi uchun sharoit yaratiladi.
Ijtimoiy himoya agentligiga harakati cheklangan bolalarga maktabga kelib-ketish xarajatini 75 foizini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, mental va jismoniy nuqsoni bor bolalarni o‘qitadigan 90 ta maxsus maktabni ko‘p funksiyali maktabga aylantirish kerakligi taʼkidlandi. Bu orqali nogironligi bor 2 ming bola ota-onasi bilan yashab, yaqin hududdagi maktabda o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.
Yangi o‘quv yilidan Toshkent shahrida bitta shunday maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, namuna qilinadi.
Yana bir tajriba – shu yili nogironligi bor bolalar uchun 73 ta kunduzgi parvarishlash va “G‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilindi.
Bu sohaga xususiy sektorni olib kirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Yaʼni tadbirkorlarga har bir bola uchun kuniga 100 ming so‘mdan subsidiya, xonalarni jihozlashga 30 million so‘mgacha arzon kredit ajratiladi.
Buning hisobiga Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida nogironligi bor 2 ming bolani kunduzgi parvarishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu tizim 1-oktyabrgacha qolgan viloyatlarda ham joriy qilinadi. Mutasaddilar oldiga kelgusi yilda 15 ming nogironligi bor bolani taʼlimga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Izoh (0)