Har yili oktabr oyining ikkinchi payshanbasini Butunjahon ko‘rish kuni sifatida nishonlash odatga aylangan. Bu kunda xalqaro hamjamiyat e’tibori ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar muammolariga qaratiladi. O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 66 mingdan ortiq ko‘rish imkoniyati cheklangan inson mavjud. Xo‘sh, ana shu bir necha o‘n ming sonli qatlam ta’lim olish, transportdan foydalanish, kasb tanlash-u hamma tabiiy ravishda olishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy imkoniyatlardan qay darajada foydalana olyapti? “Daryo” muxbiri O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zosi, falsafa doktori (PhD) Abdulla Abduxalilov bilan shu mavzuda suhbatlashdi.
Abdulla Abduxalilov — O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti. AQShda “Nogironlik muammolari va himoyasi” xalqaro yetakchilik dasturi, Yaponiyada “Nogironlar o‘rtasida yetakchilikni rivojlantirish va tajriba almashish” dasturlari o‘quvchisi. Sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), BMT taraqqiyot dasturi (UNDP), YuNISEF kabi xalqaro tashkilotlarning loyihalarida davlat boshqaruvi, nogironlik va inklyuziv ta’lim to‘g‘risida maslahatchi va murabbiy, BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini O‘zbekistonda ratifikatsiya qilish bo‘yicha faol ishtirokchi. O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining strategik masalalar bo‘yicha raisi o‘rinbosari.
“Sen nogironsan, alohida sinfda o‘qishing kerak!”. Qonun va qaror chiqaruvchilar shu ta’limni inklyuziv deb o‘ylashadi
Inklyuziya — barcha uchun teng imkoniyatlar bera oladigan ta’lim. Unda ko‘zi ojiz, eshitishida, tayanch-harakatida nuqsoni bor yoki sog‘lom — hamma birgalikda o‘qiy oladi. 1996-yildan beri inklyuziv ta’lim haqida turli qaror-u qonunlar chiqib, minbarlarda adog‘i yo‘q nutqlar qilinsa-da O‘zbekistonda u haligacha mavjud emas. Nogironligi bor bola ta’limining asosiy qismi o‘tadigan umumiy o‘rta ta’limni yo maxsus maktab-internatlarda o‘qib, jamiyat diskriminatsiyasidan ma’lum yillar davomidagina xoli bo‘lishi yoki uy ta’limini tanlashi mumkin.
Afsuski, bularning ikkalasida ham qoniqarli bilim olish amrimahol. Inklyuziyaning ta’limda haligacha qo‘llanilmay kelayotganining bosh sababi esa uni joriy qilish to‘g‘risidagi biror strategiyamiz yo‘qligida. Tasavvur qiling, siz biznes qilmoqchisiz. Ammo qanday biznes, qachon va qancha pul tikib boshlashingizni aniqlab olmagansiz. Shunchaki xohishning o‘zi bilan oxiri yo‘q turli trening va mashg‘ulotlarga qatnab pul va vaqtingizni sarflab yuribsiz. Bizda ham inklyuziyani joriy qilish haqidagi gaplar shu harakatga o‘xshaydi. Qachon va qay tartibda, qancha mablag‘ ajratilib boshlanishi o‘ylanmagan, ammo boshlash haqida bir necha o‘n yillardan beri adoqsiz trening va mashg‘ulotlar o‘tib kelinadi. Harakatlar trening bilan boshlanadi va yana u bilan nihoyalanadi.
Ularga sarflanayotgan mablag‘lar bilan jilla qursa bir nechta maktabni inklyuzivlashtirish mumkin edi. Strategiya ishlab chiqish zarurligi haqida bu ishlarga aloqador kimga aytgan bo‘lsam, hammadan yaxshi fikr, buni qilish kerak degan javobni olaman. Lekin na biror harakat va na harakatsizlik uchun sabab ko‘rsatiladi.
O‘tgan yili 2020–2025-yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Unda 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab ayrim maktablarda inklyuziv ta’limni qo‘llash ko‘zda tutilgan. Ammo ushbu jarayon sinov tariqasida tayanch korreksion sinflar va ixtisoslashtirilgan guruhlarni tashkil etish orqali boshlanishi aytilgan. Bu sen imkoniyati cheklangansan, shuning uchun alohida sinfda o‘qishing kerak kabi harakat bo‘lib qolmaydimi?
Hamma sog‘lom bolalar imkoniyati cheklanganlarning maxsus sinfiga g‘ayritabiiy nazar bilan qarab, ulardan uzoqroq o‘tishi, o‘qituvchilar sinflar haqida o‘zaro suhbatida anavi nogironligi borlarning sinfi deb gapirishi maxsus sinflarning o‘zi tabiiy ravishda keltirib chiqaradigan diskriminatsiya-ku. Ushbu ta’lim nogironligi bor o‘quvchilar, ularning ota-onalariga jiddiy psixologik zarba beradi. Bilmadim, inklyuziyaga bunday qadam qo‘yish haqida qaysi tajribadan misol olib qaror qilishgan ekan? Ularning o‘ylashiga ko‘ra bo‘ladigan bunday inklyuziyadan nogironligi borlar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi segregatsiya yaxshi.
Ma’lumot uchun: nogironligi borlarning ta’limga qamrab olinishi shartli ravishda to‘rtga: eksklyuziya, segregatsiya, integratsiya, inklyuziyaga bo‘linadi. Eksklyuziyada nogironligi bo‘lganlar ta’limdan tashqarida bo‘ladi, ya’ni ular uchun ta’lim mavjud emas. Segregatsiyada ular uchun umumiy ta’limdan tashqarida maxsus o‘quv muassasalari tashkil qilinsa, integratsiyada ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lganlar uchun maxsus sinf yoki guruhlar tuziladi. Inklyuziyada esa sinf yoki guruhlarda imkoniyati cheklanish, cheklanmasligidan qat’i nazar hamma o‘qiy oladi.
Yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonunning 20-moddasida inklyuziv ta’lim haqida norma kiritilgan, ammo uning nizomi yo‘q. Bu esa qaysi bog‘cha, maktab, OTM inklyuzivlashgan yo inklyuzivlashmaganini bilishimiz, majburiyatlar bajarilmaganda haq-huquqlarimizni talab qilib chiqishimiz uchun asosning o‘zi yo‘q degani. Chiqayotgan qaror-u farmonlarning biri boshqasini to‘ldirmaydi.
Qoniqarsiz ta’lim va jamiyat diskriminatsiyasi: Sabab maxsus maktablar bo‘lishi mumkin
Xo‘sh, nega tayyor maktab-internatlar turganda nogironligi borlar ta’limi umumta’lim maktablarida davom etishi kerak degan savol tug‘ilishi mumkin. Avvalo bu nogironligi bo‘lganlarni jamiyatdan ajratib qo‘yishi mumkin. Ya’ni 11 yil davomida maxsus maktabda o‘ziga o‘xshagan imkoniyati cheklanganlar bilan o‘qigan bola, o‘zidan farqlilarni ko‘rganda tabiiy ravishda behuzur bo‘ladi.
Boshqacha aytganda, har qadamda o‘zini noqulay va ortiqchadek his qilib, odamovi bo‘lib qoladi. Bundan tashqari nogironligi bo‘lganlar bilan hayotining ma’lum qismini o‘tkazmagan odam ular bilan qanday muomalada bo‘lishni bilmaydi va o‘z-o‘zidan nogironligi borlarni uchratganda g‘ayritabiiy odamni ko‘rgandek qaraydi. Ayrimlarda ulardan uzoqroq yurish, yoniga bormaslik kabi holatlar ham uchraydi. Natijada ikki taraf ham butun umri davomida bir-birini tushunmay o‘tadi. Ko‘rib turganingizdek, ta’limda birga bo‘lmaslik garchi hech kim xohlamasa-da jamiyat a’zolari orasidagi jiddiy diskriminatsiyani keltirib chiqarmoqda.
Ko‘z ko‘rib qotadi degan jumlani ko‘p ishlatamiz. Agar nogironligi borlar ham boshqa odamlar ham birga o‘qisa, ko‘chalarda birgalikda ko‘proq harakatlansa, nuqsoni bor yoki yo‘qlikni hamma tabiiy ravishda qabul qilishga ko‘nikadi. Bundan tashqari alohida ta’lim ikki tarafdagi o‘quv sifatining farqli bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bizda nogironligi borlar uchun maxsus maktablar va maktab-internatlar talaygina bo‘lsa ham o‘qitish sifati umumta’lim maktablarida o‘qiydigan sog‘lom bolalarniki kabi emas.
Bu isbotlash shart bo‘lmagan xulosa va davlatning o‘zi ham biladi. Shundanki, OTMlarga kirish imtihonlarida imkoniyati cheklanganlar uchun imtiyoz berilgan. Ushbu imtiyoz ham ma’lum ajratishga o‘xshab qoladi. Nogironligi bor, nogironligi yo‘q degandek. Imtiyozsiz o‘qishga kirgan talabaning miyasida imtiyoz bilan o‘qishga kirgan nogironligi bor kursdoshiga bu imtiyoz bilan kirgan, bilimi menikidan past degan fikr bo‘lishi va o‘ziga teng ko‘rmaslik holatlari ham kelib chiqishi mumkin.
Xalqaro huquqda ijobiy diskriminatsiya degan tushuncha bor. Qachonki davlat organlari biror toifaga kerakli sharoitlarni yaratib bermasa, undan keyingi salbiy holatlarning oldini olish uchun ma’lum imtiyozlar beradi. Shunda bu ijobiy diskriminatsiya bo‘ladi. 2 foizlik kvota ham diskriminatsiyadek tuyulishi mumkin, ammo hozir undan boshqa yaxshiroq yechim ham mavjud emas. Bilasizmi, bugun shu ikki foizlik kvotaning ham to‘lmay qolish holatlari kuzatiladi. To‘g‘ri, bir tarafdan bu nogironligi borlarning ham o‘z bilimiga bog‘liq. Boshqa tarafdan muammoning ortida maktablarda yaxshi o‘qitmaslik va nomi bor-u o‘zi yo‘q, hatto bu nazorat ham qilinmaydigan uy ta’limi yotadi.
Umuman, ta’limda imtiyozlar bo‘lishi yaxshi emas. Bu keyinchalik sifatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ehtimol, kelgusida nogironligi borlar uchun ham maktab ta’lim sifatli beriladigan tizim tashkil qilinsa, alohida imtiyozni bekor qilib, o‘rniga muqobilroq variant, masalan, kontrakt ballini to‘plaganlarga budjetda o‘qish imkonini berish kerakdir. Chunki nogironligi bo‘lganlar yashaydigan oilalarda ko‘p hollarda pul topish qiyinroq bo‘ladi.
OTMlarga nogironligi bor ishchi va xodimlar bilan ishlovchi bo‘lim kerak
Garchi nogironligi bo‘lgan va bo‘lmagan talabalar birgalikda o‘qiyotgan bo‘lsa-da oliy ta’limda ham inklyuzivlik yo‘q. Inklyuziyaga hammaning birgalikda ta’lim olishidan tashqari imkoniyati cheklanganlarning o‘qishi uchun zarur ehtiyojlar: brayl alifbosidagi kitob, metodik qo‘llanma, bunday ta’limni bera oladigan pedagog, pandus-u muntazam ishlab turadigan lift, ko‘zi ojizlar harakatlanish uchun taktil plitkalar ham kiradi. Ammo deyarli biror OTMda bularni birgalikda, jam holatda uchratmaysiz. Lift borida pandus, pandus borida esa maxsus kitoblar bo‘lmaydi. Endi ayting-chi, inklyuziv deb qaysi ta’limni aytishimiz mumkin?
Ko‘zi ojizlar uchun OTMlarga kirish imtihonlarida maxsus imtiyoz avvaldan bor va imtihonlar ham odatdagidan farqli — og‘zaki shaklda bo‘lardi. Qolaversa, 2018-yilda beri nogironligi borlar uchun qo‘llanilayotgan maxsus imtiyozli kvotalar OTMlarda imkoniyati cheklangan talabalarning ko‘payishiga hissa qo‘shdi. Ikki foizli imtiyoz umumiy kvotadan kelib chiqishini inobatga oladigan bo‘lsak, OTMda ushbu kvotalar oshishi bilan nogironligi bor talabalarni qamrab olish ham ortib boraveradi. Bu esa ular bilan ishlovchi alohida bo‘limni taqozo etadi.
Afsuski, ayni damda respublikada qancha nogironligi bor talaba borligi haqida aniq hisobot yuritilmaydi. Kadrlar bo‘limi, ma’naviy-ma’rifiy, xalqaro aloqalar, metodik bo‘limlari bor, ammo nogironlar bilan ishlovchisi yo‘q. Aynan shunday bo‘limgina bu raqamlarni hisoblashi, muammolarni ochiq aytib huquqlarini talab qilgan holda OTMlarni nogironligi borlarning NNTlari, uyushmalari bilan bog‘lab turishi mumkin. Shunda muammolar ham asta-sekin yechilishni boshlaydi.
Modomiki, bu vazifalarni bajarish kimning bo‘ynidaligi aniq bo‘lmas ekan, qilamiz, bajaramiz kabi deklarativ bayonotlar olishdan nariga o‘tolmaymiz. Imkoniyati cheklangan talabalar bilan ishlovchi bo‘limlar, nogironligi bo‘lgan talabalar kasaba uyushmalari xalqaro tajribada ko‘p uchraydi. Ularga nogironligi bo‘lgan talabalarning o‘zi rahbarlik qiladi va OTM rahbariyatiga bevosita bog‘langan holda ish olib boradi. Qolaversa, OTMlarda nafaqat ko‘zi ojizlar o‘qiydi, balki ishlaydi ham.
Shaxsan o‘zim ham 15 yildan beri o‘qituvchilik qilib kelaman. Ko‘zi ojiz pedagoglarni asosiy qiynaydigan muammo — ular uchun yordamchi kotibalarning berilmasligi. O‘zim ham ko‘p yillar davomida bunday yordamchining yo‘qligidan qiynalib kelaman. Yaxshiyam hamkasblarim, talabalarim-u ustozlarim bor. Ular hatto kerakli narsani o‘qib, zarur paytda harf terishgacha ko‘mak berishadi. Ammo har doim ham ulardan yordam olishga xijolat tortadi odam. Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun yordamchi kotibalar berilishi dunyoda keng qo‘llaniladigan tajriba. Xalq ta’limi tizimida ham ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun “tarjimon-kotiba”larni ajratish haqida vazirning buyrug‘i bor. Bu ham hali to‘liq qo‘llanilmaydi. Balki, vaqt o‘tib iziga tushib ketar. Ammo oliy ta’limda bunday normaning o‘zi ham mavjud emas. Yordamchi kotibalarning bo‘lishi ko‘pchilik ko‘zi ojizlar uchun ilm qilish imkoniyatini oshirardi. Agar nogironligi borlar bilan ishlovchi bo‘lim bo‘lganda ko‘zi ojiz pedagoglarning bu muammoga shu bo‘lim orqali yuqori organlarning e’tiborini qaratishi osonlashardi.
Muammo ish emas, ishlab qolish. Ish beruvchilar ko‘zi ojizlar bilan qanday munosabatda bo‘lishni bilmaydi
Nafaqat ko‘zi ojiz, balki imkoniyati cheklangan boshqa insonlar uchun ham bu kasb yaxshi deb mutlaqlashtirish xato. Ushbu harakat jamiyat a’zolari orasida turli stereotiplarni paydo qilibgina qolmay, ularning o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni ham paydo qiladi. Agar siz uchun o‘qituvchilik yaxshi kasb deydigan bo‘lsak, men oshpaz bo‘lolmas ekanman degan xulosa kelib qolishi mumkin. Har bir insonning o‘z potensiali va ish beruvchining o‘z talabi bo‘ladi. Ishga olish jarayoni shular asosida bo‘lishi kerak. IT, ta’lim, tibbiyot, hunarmandchilik — ko‘plab sohalarda ko‘zi ojizlar orasidan chiqqan professional mutaxassislarni ko‘rishingiz mumkin.
Bilasizmi, dunyoda eng zo‘r massajchilar orasida ko‘zi ojizlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuning uchun jahon tajribasida ko‘zi ojizlarni massajchilik bo‘yicha o‘qitish keng qo‘llaniladi. Masalan, Yaponiyada ko‘zi ojiz massajchi bilan sog‘lom massajchini tanlash kerak bo‘lsa, ko‘zi ojizini tanlashadi. Bu sog‘lom odam uchun diskriminatsiyadek tuyular, ammo ko‘rish imkoniyati cheklanganlarning ko‘zi ko‘rmagani uchun qo‘llari yaxshi ishlaydi. Qolaversa, ish topish jarayoni sog‘lom odamda tezroq va osonroq bitishi mumkin. Ana shunday kasb kurslariga o‘qitishni bizda ham ko‘proq tashkillashtirish kerak. Toki ularning tanlov imkoniyati keng bo‘lsin. Albatta, bu katta kuch va keng imkoniyatni talab qiladi. Ehtimol, kattaroq odamlarning aralashuvi kerak bo‘lar.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lganlarga ish topishda ko‘maklashuvchi sayt — “ishplus.uz” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. U haqda ko‘p ma’lumotim yo‘g‘-u, ammo xayrli va yaxshi tashabbus bo‘lgan. Umuman olganda, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlovchi har qanday loyiha, garchand u yaxshi natija bermasa ham, hozirgi sharoitimiz uchun zarur. Chunki bunday loyihalardagi xatolar istiqboldagilari uchun tajriba bo‘ladi. Ammo nogironligi borlar, jumladan, ko‘zi ojizlarning asosiy muammosi ish topish emas, balki topgan ishida uzoq muddat ishlab qolish.
Aksariyat ko‘zi ojizlar ishga kiradi, ammo 3-4 oydan keyin bo‘shab ketadi. Bunga ish beruvchilar va xodimlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash ko‘nikmasining yo‘qligi sabab bo‘lmoqda. Zamonaviy iqtisodiyotda inson kapitali degan konsepsiya bor. Har bir inson bu resurs. Faqat uni rivojlantirish yo‘llarini o‘ylash kerak. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham aslida jiddiy resurs hisoblanadi. Tasavvur qiling, shu resursni rivojlantiradigan bo‘lsak, qanday natijalarga erishish mumkin.
Besh minglab fan orasidan eng muhimlari uchun brayl darslik tayyorlash kerak. Muhimlik darajasi esa mavjud emas
Ko‘zi ojizlar muammolari haqida qayerda va qachon gapirilmasin, brayl alifbosidagi kitob-u darsliklarining yo‘qligi va yetishmasligi bosh mavzu bo‘ladi. Bu shunchalik katta masalaki, ko‘rish imkoniyati cheklanganlardagi boshqa muammolar uning ortida ikkilamchiga aylanadi-qoladi. Maktablarda bu masalani ma’lum qadar qoniqarli deyish mumkin. Ammo OTMlardan qidirsangiz yo umuman yo‘q yoki bir necha donagina bo‘lib chiqadi. Hozircha ko‘zi ojiz talaba va o‘qituvchilar bir nechta fanlardan tasmaga yozib olingan audio kitoblar bilan o‘rganish va o‘rgatishni amallab turibdi.
Qolaversa, telefonlardagi TalkBack kabi dasturlarda elektron kitoblarni o‘qisa bo‘ladi. Ammo u ham muammosiz emas. Bunday dasturlarning aksari yozuvlarni rus tilida o‘qishga mo‘ljallangan. O‘zbek tilida ham o‘qiydi. Ammo u sifatli va ravon emas. O‘zim ishlaydigan Milliy universitetda ham talaygina ko‘zi ojiz talabalar bor. Ular uchun darsliklarni brayl alifbosida chiqarish kerakligi haqida rahbariyatga aytganimda muhimlarini chiqaramiz deyishdi.
Endi savol tug‘iladi: ularning qaysi biri muhim? Universitetda 5000 dan ziyod fan orasidan nechtasi, qaysi mezonlar asosida tanlab olinadi? Ayrim kitoblardan namunalar tayyorlandi, ammo uning ham ustida ishlanadigan joylari ko‘p. So‘z boyligi kam, o‘qish ancha qiyin. To‘g‘ri, brayl alifbosidagi kitoblar odatiylaridan farqli ravishda ancha mehnat va mablag‘ni talab qiladi.
Umumta’lim maktablar va OTMlar odatiy darsliklar bilan to‘liq ta’minlanmay turgan bir paytda brayl kitoblarning yo‘qligini tabiiy qabul qilish mumkindir. Biz ko‘nikib ham ketarmiz, yugurik vaqt esa kutib turmaydi. Biz yaratib bermagan sharoitdan ta’limni qoniqarsiz tugatgan talabalarning yillab ketgan vaqti uvoliga qolmaymizmi?
Nogironligi borlar hassa-yu, aravachaga navbat kutib dunyodan o‘tib ham ketadi…
O‘zbekistonda imkoniyati cheklanganlar uchun texnologik vositalar ishlab chiqaruvchi korxonalar nihoyatda kam. Nogironlar aravachasi, eshitish moslamasi, brayl printer-u displey, ko‘zi ojizlarga mo‘ljallangan hassalar uchun yillar davomida ko‘plab nogironligi borlar navbat kutishiga to‘g‘ri keladi. Chunki bunday texnikalar yo kam, yo umuman ishlab chiqarilmaydi. Xorijdan kelishi kutiladi. Hatto ayrimlar kutib-kutib bu dunyoni tark ham etadi.
Masalan, men hassadan foydalanaman. Ammo uchta hassam bo‘lsa, ularning birortasini O‘zbekistondan olmaganman. Rossiya, Yaponiya, AQShdan o‘zim borganimda olib kelganman. Nima uchun? Chunki ular sifatli. Undan ko‘ra o‘zimizda sifatli hassalar chiqarilsa-yu, men o‘shalarni olsam yaxshi emasmi?
Ehtimol, bunday texnikalarni ishlab chiqarish uchun korxonalarga ma’lum motivatsiya yetishmayotgandir. Ularga soliq imtiyozlari, preferensiyalar berilishi kerakdir. Nogironligi bo‘lganlar uchun to‘siqsiz muhitni bularsiz ta’minlashning iloji yo‘q. Ularning yashashi uchun zarur bo‘lgan texnikalarning o‘zi yo‘q bir paytda qo‘shimcha imkoniyat beradiganlarini aytmasa ham bo‘ladi.
Jurnalistlar bizdan qahramonlik qidirib, o‘zga sayyoralik kabi tasvirlaydi
Televideniye, radio, gazeta-yu internet saytlarida nogironligi borlar haqida tayyorlanadigan kontentning deyarli hammasi odamlarning rahm-shafqatini qo‘zg‘atadigan tarzda qilinadi. Nogironligi bo‘lsa-da, ko‘zi ojiz bo‘la turib, bu yorug‘ olamni ko‘rolmasa-da, shunday natijalarga erishdi deb qahramon yasashadi. Yoki axir uning imkoniyati cheklangan, shunday qilish adolatdanmi tarzida o‘zlaridan rahmdilni yasab olishadi.
Bilasizmi, bu jamiyat orasida nogironligi borlar chorasiz va og‘ir ahvolda bo‘ladi degan stereotipni shakllanishidagi bosh sabab. Nogironlar assotsiatsiyasi har yili jurnalistlar uchun bu borada material tayyorlayotganda nimalarni yozish to‘g‘ri-yu, nimalarni yozmaslik kerakligi haqida treninglar tashkillashtiradi. Ammo materiallarda deyarli o‘zgarish ko‘rmaysiz.
Baraka topgurlar, material tayyorlayotgan ekansiz bir og‘iz nogironligi bor biror mutaxassisdan shunaqa yozsak bo‘ladimi deb maslahatlashish qiyin emas-ku. Nogironligi bor shaxs haqida gapirganda avvalo uning shaxsligini inobatga olish kerak. Ammo bizda aksi — uning nogironligi bor ekani asosiy qismga o‘tib ketadi. Xalqaro tajribada BBC, CNN kabi yirik OAVlarning nogironligi bor shaxslardan tarkib topgan ekspertlar guruhi bor. Shu mavzuda material tayyorlayotganda ular bilan bamaslahat ish olib borishadi. Tayyor material ommaga taqdim etilishidan oldin ularga ko‘rsatilib, noo‘rin joylari bo‘lsa kelishilgan tarzda olib tashlanadi.
Yapon yozuvchisi Haruki Murakami o‘zining bir asarida: “Oddiy odamlar haqida yozish qiyin, qahramonlar haqida yozish juda oson. Chunki oddiy insonlarning hayotini qiziqarli qilib tasvirlash har doim murakkab bo‘ladi”, degan fikrni bildirgan. Nogironligi bo‘lgan insonlar haqida yozayotgan jurnalistlar bizdan qandaydir qahramonlikni topib, o‘zga sayyoraliklarga o‘xshatib tasvirlasa, materialiga jamoatchilikning diqqatini jalb qilaman deb o‘ylasa kerak. Axir bundan osoni yo‘q. Uni men ham yoza olaman. Haqiqiy jurnalistik asar esa bunday yaratilmaydi.
“Hamma odam ko‘zi ojiz bo‘lib qolishini xohlayman”, “Tuzalmasam baxtli bo‘lolmayman”. Filmlarda nogironligi borlar shunday tasvirlanmoqda
O‘zbek segmentida nogironligi borlar haqida olinadigan filmlar jurnalistlar tayyorlaydigan materiallardan ham o‘tib tushadi. “Yaratganga shukur” filmida sehrgar ko‘zi ojiz qahramondan tila tilagingni deb so‘raganda “men hamma ko‘zi ojiz bo‘lib qolishini xohlayman” deydi. Avval hech qachon ko‘zi ojizlar bilan suhbatda bo‘lmagan odam bu filmni ko‘rgach, hamma ko‘zi ojizlarda shunaqa niyat bo‘larkan degan fikr paydo bo‘lmaydimi?
Hatto bir kun talabalarimdan biri ustoz, “Yaratganga shukur”da shunaqa qism bor ekan, sizlar hammaning ko‘zi ojiz bo‘lib qolishini xohlaysizlarmi, deb savol bergan edi. Bizga bunday o‘ylashdan nima foyda? Qaytanga o‘zimizga qiyin bo‘ladi-ku.
Avvalroq televideniyeda bir spektakl qo‘yishgandi. Unda nogironligi bor odamning ustidan kulish sahnasi aks etgan. Qaynona qulog‘i eshitmaydigan keliniga choy olib kelishini aytganda kelin har safar boshqa narsani olib kelaveradi. Butun teatrdagi tomoshabinlar esa takror-takror qiyqirib kulishadi. Baraka topkurlar, kimning yoki nimaning ustidan kulyapsizlar? Yoki kuldirish sahnasi uchun boshqa ijro qurib qolganmidi? O‘sha tomoshabin hayotda shunday imkoniyati cheklangan odam biror so‘zni eshitmasdan so‘raganda kulmasligiga kim kafolat beradi?
Axir jahon kinosida imkoniyati cheklanganlarning haqiqiy hayotini bo‘rttirmasdan, inson baxtli bo‘lishi uchun tuzalishi yoki baxtsiz bo‘lishi uchun nogiron bo‘lib qolishi g‘oyasi tasvirlanmagan shedevrlar ko‘p-ku. Bosh rolda Al Pachino o‘ynagan “Ayol tarovati” filmi birgina misol. O‘zbek tiliga ham yaxshi tarjima qilingan. Nogironligi bor shaxslar haqida film olmoqchi bo‘lgan ijodkorlarga jahon durdonalarini kuzatish, nogironligi borlardan ekspert guruhlari tuzib, maslahatlashgan holda suratga olishlarini so‘rab qolardim.
Ko‘zi ojizlar muammolari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisga muhtojmiz
Xalqaro ta’limda ko‘zi ojizlar psixologiyasi, ularning muammolarini o‘rganuvchi tiflologiya fani bor. Ko‘zi ojizlikni orttirib olgan odamlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, moslashib ketishiga ko‘maklashuvchi mutaxassislar ham aynan tiflologlar hisoblanadi. Afsuski, bizning tiflologiyamiz ham juda orqada. Mutaxassislar esa sanoqli.
Tiflolog mutaxassislarni tayyorlash maqsadida o‘zbekistonlik talabalar 1960–1980-yillarda Leningrad (Hozirgi Sankt-Peterburg) shahriga yuborilardi. Ammo keyinchalik bu to‘xtab qoldi. O‘shanda beri bu sohada tadqiqotlar ham olib borilmaydi hisob. O‘zi, umuman, tiflolog degan mutaxassis tayyorlanmaydi. Ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan maktab-internatlar o‘qituvchilariga shu nomdagi mutaxassislik beriladi. Ammo bizning ta’lim sistemamizdagilarning o‘ylashicha tiflologiya — braylcha yozishni o‘rganish. Axir ko‘zi ojizlik faqat brayl yozuvidan iborat emas-ku.
Ko‘zi ojizlik butun dunyoda eng tez ko‘payadigan nogironlik turi sanaladi. O‘zbekistonning o‘zida ayni vaqtda 65 mingdan ziyod ko‘zi ojiz fuqaro mavjud. Oliy ta’limga tiflologiyani o‘qitishni tezroq yo‘lga qo‘yishimiz kerak. To‘g‘ri, ochilgani bilan ularga dars beradigan o‘qituvchilar-u, manbalar bormi deb savol berishingiz mumkin. Ammo mutaxassis yo‘q deb qachongacha qarab turish kerak!?
Haydovchilar avtobuslardagi bekatlarni aytib turadigan tayyor ovozli yozuvni yoqib qo‘yishmaydi. Ko‘zi ojiz odam esa ko‘p hollarda adashib ketadi
Ko‘zi ojiz insonlar uchun eng qulay transport vositasi — metro. Har bir bekati aytib turiladigan ushbu yerosti transportiga tushgan ko‘zi ojiz adashmasdan manzilini topib keta oladi. Qolaversa, uning xodim-u foydalanuvchilari biror nogironligi bor odamni uchratganda yordamini ayamaydi. Ammo metro yo‘laklarida ko‘zi ojizlar yurishi uchun taktil plitkali qismlarning yo‘qligi ayrim noqulayliklar keltirib chiqaradi. Qaysi tomondan yurish kerakligini bilmagan ayrim ko‘zi ojizlar relslarga tushib ketgan holatlar ham bo‘lgan. Hozirgi yangi qurilgan metrolarda bunday taktil plitkalar mavjud. Ushbu tajriba barcha metro bekatlarida qo‘llansa, yanada yengillik bo‘lardi.
Boshqa bir jamoat transporti bo‘lgan avtobuslarda esa bekatlarning muntazam aytib turilmasligi juda katta noqulayliklarni olib keladi. O‘zi kuzatadigan bo‘lsak, ko‘pgina avtobuslarda bekatlar e’loni yozib olingan ovoz mavjud, ammo haydovchi tomonidan yoqib qo‘yilmaydi. Buning o‘rniga musiqa qo‘yib qo‘yishadi. Konsert xohlovchi odam yonidagi telefonidan ham eshitar. Nega bizning borligimiz, ehtiyojlarimizni o‘ylamasdan tayyor narsani yoqib qo‘yishmaydi, tushunmayman. “Toshshahartransxizmat” ga bu masala yuzasidan necha marotaba murojaat qildik, ammo natija yo‘q. Hatto bolaligimda avtobuslarda bekatlar aytib turilardi. Maktabga hech adashmasdan borib kelardim. Bu Mustaqillikdan oldingi voqealar. Ammo endi yo‘q.
Xalqaro tajribani oladigan bo‘lsak, Yaponiyada nogironligi bor shaxslarning transportdan foydalanishi to‘g‘risida qonun bor. Unda haydovchi, chiptachi, boshqa yo‘lovchilar nogironligi bor yo‘lovchilarga qanday munosabatda bo‘lishi haqida aniq qoidalar bor. Bizda nafaqat qonun, balki nizom ham yo‘q. Masalan, bekatlarni aytib turadigan ovozli yozuvni qo‘ymaganda haydovchilarga qaday chora ko‘rilishi ham aniq emas. Shuning uchun ham haydovchi va chiptachilar hushiga kelganini qiladi.
Biz haqimizda bizsiz qarorlar chiqarishdi. Qonunchilik palatasida nogironligi bo‘lgan biror deputat yo‘q
Qonunchilikda shu qadar bir-birini to‘ldirmaydigan, mos kelmaydigan, muammoli qaror-u qonunlar borki, bularga deputatlarning o‘zini har doim ham ayblab bo‘lmaydi. Ayb — mavjud tizimda. Oliy Majlisda birorta nogironligi bor deputat yo‘q. Har qanday holatda ham odam o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. Nogironligi borlar duch keladigan muammolarni boshidan o‘tkazmagan odamlar ularning ehtiyojlarini hisobga olib qanday qaror chiqarishi mumkin?
Faqat davlat emas, hamma harakat qilishi kerak. Nogironligi borlarga yaratilgan qulaylik hamma uchun qulay degani
Jamiyat nogironligi borlarni hech bir g‘ayritabiiy qarashlarsiz qabul qilishga ko‘nikishi kerak. Shundagina to‘siqsiz muhitni yaratish osonlashadi. Tayanch-harakatida nuqsoni bor insonlar uchun hatto poytaxtning o‘zida ham nihoyatda kam pandus bor. Topiladiganlari ham shunaqaki, unga kirgan odamning yaxshi ahvolda chiqishi ham ehtimoliy bo‘lib turadi.
Ko‘zi ojizlar uchun bank, notarius, turli davlat idoralari qay tartibda ma’lumot taqdim etishni bilmaydi. Bunga faqat ma’lum insonlar emas, inklyuziyaga moslashmagan butun jamiyat aybdor. Davlatning aralashuvi bilan nogironligi bo‘lganlarning ko‘plab muammolari hal bo‘lar, ammo hammasi ham emas. Masalan, ko‘p qavatli uyda nogironligi bor odam yashasa-yu davlat tomonidan pandus qo‘yilmoqchi bo‘lsa, uyda yashaydigan boshqa odamlarning dizaynni buzib qo‘yadi degan bahonasi bilan pandus qilinmaslik holatlari ham uchrab turadi. Yoki yo‘llardagi kanalizatsiya tizimini to‘g‘rilashadi-yu eshiklarini ochib ketishmaydi. O‘sha yo‘ldan ko‘zi ojiz biror odam o‘tib qolsa, uning ichiga tushib ketishi aniq. Axir oddiy narsani yopib qo‘yish qiyin emas-ku. Bularning hammasi jamiyatning harakati bilan hal bo‘ladigan narsalar.
Nogironlarga yaxshi bo‘lgan narsa hammaga yaxshi. Ular uchun yaratilgan qulayliklar homilador ayollar, yosh bolalar, qariyalar uchun ham qulay. BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Munning yaxshi gapi bor: “Jamiyatning rivojlanganligi nogironlarga bo‘lgan munosabat bilan bog‘liq. Chunki nogironligi bor shaxslar dunyodagi eng ko‘p kamchilikdir. 7 milliard odam bormi, ularning hammasida nogiron bo‘lib qolish ehtimoli bor”.
Balki, gapim qo‘pol tuyular, ammo buni hamma bilishini xohlardim. Nogironlikdan hech kim sug‘urtalanmagan. Nogironligi bor insonlarga sharoit yaratayotgan insonlar shuni yodda tutishi kerakki, ular birinchi navbatda o‘zi uchun sharoit yaratyapti. Ertaga u qarir, Xudo ko‘rsatmasin-u taqdir charxpalagi aylanib, nogiron bo‘lib qolar. O‘sha paytda o‘zining bugungi qilgan qaror-u, qo‘ygan qadamlari natijasi unga yuzlanib turadi.
Izoh (0)