Eron armiyasi 23-iyun kuni AQSHning Qatardagi bazasiga raketalar uchirgan edi, hujum oqibatida obyektga zarar yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Iran International xabar berdi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Al Udeyd aviabazasiga zarar yetganini ko‘rish mumkin. Bu esa Qatar va AQSHning hech qanday zarar yetkazilmagani haqidagi da’volariga zid keladi. Hujum oqibatida bazadagi sun’iy yo‘ldosh aloqa antennasi yo‘q qilingan. Yaqin atrofdagi angarda ham talafot alomatlari kuzatilgan.
Bazaga hujum AQSHning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy obyektlarga bergan aviazarbalariga javoban amalga oshirilgan. Bazaga 10 ta ballistik raketa, shuningdek, Iroqdagi AQSH bazasiga esa bitta ballistik raketa uchirilgan. Hujum oqibatida harbiylar halok bo‘lmagan va jarohat olmagan.

AQSH armiyasining ikkita Patriot tizimi va Qatar tomonidan boshqariladigan yana bir nechta tizimlar bazani himoya qilgan. Eron raketalari aniqlangach, ularga javob berish uchun atigi ikki daqiqa vaqt bor edi. Patriot batareyalari uchib kelayotgan raketalarni urib tushirish bilan band bo‘lganida raketa o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin, dedi Vashington instituti mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha tahlilchi Farzin Nadimiy.

Eron AQSH bazalariga uyushtirilgan hujumlar haqida oldindan xabardor qilgan. Xususan, Qatardagi hujumlardan bir necha soat oldin bu haqda ikki diplomatik kanal orqali ma’lumot yetkazilgan. Shunga muvofiq, Doha uchun ham zarur choralar ko‘rilgan.
Isroil 13-iyundan boshlab Eronga tinimsiz hujum qilib, uning yadroviy obyektlari, mudofaa tizimlari, yuqori martabali harbiy amaldorlari va yadrochi olimlarini nishonga oldi. Hujumlar oqibatida kamida 627 kishi, jumladan, ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi.
AQSHning urushdagi ishtiroki
22-iyun kuni AQSH Isroilning harakatlariga qo‘shilib, uchta asosiy obyektga — Fordo, Natanz va Isfahonga aviazarbalar berdi. Hujumda bunker bombalardan ham foydalanildi. Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Jon Retkliff operatsiya Eron yadroviy dasturiga jiddiy zarar yetkazganini ma’lum qildi. Zarbalardan ko‘p o‘tmay AQSH prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganini e’lon qildi, buni ikkala tomon ham tasdiqladi.
Izoh (0)