AQSH 3-iyul kuni Eron neft eksportiga qarshi sanksiya joriy etdi. Bu Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri Tehronning energetika sektoriga qarshi qo‘llangan birinchi jazo chorasi bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Sanksiya nishoniga olinganlar orasida iroqlik tadbirkor Salim Ahmad Said va uning Birlashgan Arab Amirliklaridagi kompaniyasi mavjud. AQSH uni Eron neftini Iroq nefti bilan aralashtirib, kontrabanda qilishda ayblamoqda.
“Eronning xatti-harakatlari mamlakatni barbod qildi. Tinchlikni tanlash uchun barcha imkoniyatlar bo‘lgan bo‘lsa-da, mamlakat yetakchilari ekstremizmni tanladi. G‘aznachilik Tehronning daromad manbalarini nishonga olishda davom etadi va iqtisodiy bosimni kuchaytiradi”, deyiladi AQSH moliya vaziri Skott Bessent bayonotida.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgach, Xitoy Eron neftini sotib olishi mumkinligini aytgan. Shu bilan u Tehronning energiya eksportiga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishiga ishora qilgandi. Lekin va’da uzoqqa cho‘zilmagan. Tramp o‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqda Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning g‘alaba haqidagi bayonotiga javoban “sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha barcha harakatlarni darhol to‘xtatganini” ma’lum qilgan.
AQSH prezidenti, shuningdek, Isroilni Xomanaiyga suiqasd qilishdan to‘xtatib, uni “juda jirkanch va johilona o‘lim”dan qutqarib qolganini aytgan. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats mamlakat Xomanaiyni o‘ldirmoqchi bo‘lganini, biroq suiqasd uchun “operativ imkoniyat bo‘lmaganini” bildirgan.
Isroil 13-iyun kunidan boshlab ogohlantirishsiz Eronga havo hujumlari uyushtirishni boshlagan. Oqibatda har ikkala davlatning yuzlab tinch aholisi va yuqori martabali harbiylari halok bo‘lgan.
22-iyunga o‘tar kechasi Donald Tramp AQSH qurolli kuchlari Erondagi uchta yadroviy obyekt — Fordo, Natanz va Isfahonga muvaffaqiyatli hujum uyushtirganini ma’lum qilgan. U Tehron mojaroni to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. So‘ngra Tramp 24-iyun kuni Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganini e’lon qilgan.
Izoh (0)