Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, har soatda Yer yuzida taxminan 100 kishi yolg‘izlik bilan bog‘liq turli omillar sababli vafot etmoqda. Bu yiliga deyarli 900 ming o‘lim holati qayd etilishini anglatadi. Mazkur ma’lumotlar ijtimoiy izolyatsiya bo‘lish sabablari va oqibatlariga bag‘ishlangan tahliliy hujjatda bayon etildi.

Ekspertlar baholashicha, bugungi kunda dunyo bo‘ylab har oltinchi inson o‘zini doimiy ravishda yolg‘iz his qiladi. JSST yolg‘izlikni inson xohlagan ijtimoiy munosabatlar bilan haqiqiy aloqalari o‘rtasidagi farqdan kelib chiqadigan og‘riqli hissiyot sifatida ta’riflaydi. Ijtimoiy izolyatsiya esa yaqqol ijtimoiy aloqalarning yo‘qligi bilan tavsiflanadi. Mutaxassislarning fikricha, har ikkala holat ham ruhiy va jismoniy salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘diradi, shu bilan birga, iqtisodiyot va jamiyat rivojiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
JSST rahbari Tedros Gebreyesusning ta’kidlashicha, agar ushbu muammoni bartaraf etish uchun kerakli choralar ko‘rilmasa, yolg‘izlik global miqyosda yanada keng tarqalib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, yolg‘izlikka eng ko‘p duchor bo‘layotgan insonlar toifasi bu o‘smirlar va yoshlar hisoblanadi. Ayniqsa, bu holat daromadi past va o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlarda yashovchi aholi orasida keng tarqalgan. 13 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan har besh kishidan biri o‘zini tez-tez yolg‘iz his qiladi. O‘smirlar orasida bu ko‘rsatkich, ayniqsa, yuqori bo‘lib, past daromadli davlatlarda yolg‘izlikni boshdan kechirayotgan yoshlar ulushi 24 foizni tashkil etadi. Bu esa yuqori daromadli mamlakatlardagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar ko‘pdir.
Yolg‘izlikning yuzaga kelishiga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Ular qatorida sog‘liq muammolari, iqtisodiy yetishmovchilik, ijtimoiy infratuzilmaning zaifligi, yashash sharoitidagi, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordamning yetishmasligi va internetning salbiy ta’siri qayd etilgan. Hisobot mualliflari, ayniqsa, yoshlar orasida internetda haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tkazish va onlayn muloqot begonalashuv hissini kuchaytirishi mumkinligini alohida ta’kidlab o‘tgan.
Izoh (0)