Eron va Isroil mojarolari ortidan yadro obyektlaridagi ehtimoliy halokatning Markaziy Osiyo mintaqasiga ham ta’siri bor. Bu haqda iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov ma’lum qildi.

Unga Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinliklar ortishi, Eronning yadroviy obyektlari, uran kon zaxiralariga raketa zarbalari fonida o‘sha obyektlardagi qandaydir radioktiv halokatlarning O‘zbekistonga ham ta’siri bormi, degan savollar kelib tushgan.
“Ha, ta’siri bor. Bordi-yu radioaktiv nurlanish faollashsa, muayyan ob-havo sharoitlarida ana o‘sha hududlardagi radioaktiv nur bizning O‘zbekistonga kirib kelishi mumkin. Bu, O‘zbekistonga kirib keluvchi va rivojlanuvchi 15 sinoptik jarayonning 2-3 tasida ro‘y beradi”, deydi Erkin Abdulahatov.
Uning qayd etishicha, bu jarayonlar yozgi termik depressiya va past bosimli kichik gradiyentli atmosferasi sohasi jarayonlaridir. Ushbu jarayonlar 11- va 13-tur sinoptik jarayonlari deyiladi.
“Bu ikki jarayon yoz oylarida bizning mintaqada hukmron jarayonlar ekani inobatga olinsa, hozirgi sharoitda Eron hududlaridagi oqimlarning bizning mintaqaga to‘siqlarsiz bemalol kirib kelishini taxmin qilish mumkin”, deydi iqlimshunos.
AQSH Erondagi uchta yirik yadroviy obyekt — Fordo, Natanz va Isfahonga zarbalar bergandi.

Iqlimshunosning qayd etishicha, turli sun’iy yo‘ldosh dasturiy mahsulot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ushbu uch hududda atmosfera tarkibidagi radiatsiya miqdori ortib ketmagani ko‘rsatilmoqda.
16-iyun kuni MAGATE rahbari Rafael Grossi Natanz inshootiga Isroil bomba tashlashi ortidan ushbu hududda ham radiatsiyaviy, ham kimyoviy ifloslanish xavfi mavjudligini aytgandi. Shu bilan birga, Isroil hujumiga uchragan Natanz va Isfahon yadroviy obyektlari atrofida radiatsiya darajasi hozircha me’yorida ekanini ta’kidlagandi.
Izoh (0)