AQSH prezidenti Donald Tramp Eronda katta neft zaxiralari borligini hisobga olgan holda, Tehronning uranni hatto minimal darajada boyitishni ko‘zda tutuvchi fuqarolik yadro dasturini ishlab chiqishi maqsadga muvofiqligini tushunishi qiyinligini ma’lum qildi. U bu haqda Nyu Jersi shtatidagi aeroportda jurnalistlarga bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, Tramp Isroilni Eronga zarba berishni to‘xtatishga chaqirish niyatida emasligini aytgan.
“Menimcha, hozir bunday so‘rovni berish mushkul bo‘lardi. Agar kimdir g‘alaba qozonayotgan ekan, buni talab qilish, kimdir mag‘lub bo‘layotgan holatga qaraganda biroz qiyinroq”, dedi Tramp.
AQSH prezidenti Yevropaning Eron atrofidagi hozirgi vaziyatda yordam bera olishiga shubha bildirdi. Uning fikricha, Tehron Bryussel bilan emas, Vashington bilan muzokaralar olib borishni istayapti.
Ta’kidlanishicha, Tramp Eronga yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishish uchun berishga tayyor bo‘lgan so‘nggi muddat sifatida ikki haftani belgilagan.
“Bu vaqt oralig‘i qanday bo‘lishini ko‘ramiz, lekin men ularga vaqt beryapman va aytishim mumkinki, ikki hafta — bu eng ko‘pi”, deya ta’kidladi Oq uy rahbari.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda neft bo‘la turib, Eronga yadro energetikasi nima uchun kerakligini tushunish qiyin.
“Ular dunyodagi eng yirik neft konlaridan biriga ega. Men shunchaki fuqarolik maqsadlariga bu nima uchun kerakligini tushunmayman”, dedi Tramp.
“Ba’zi davlatlar: biz ma’lum miqdorda yadro energetikasi bilan shug‘ullanishni xohlaymiz, chunki bu bizga elektr energiyasi ishlab chiqarish, havoni konditsiyalash va boshqa maqsadlar uchun kerak, deyishsa, bu boshqa masala. Ammo dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega bo‘lganingizda, bu sizga nima uchun kerakligini tushunish biroz mushkul”, deydi AQSH prezidenti.
Bundan avval Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Oq uyning sobiq rahbari Barak Obamani Eron yadro dasturini rivojlantirishda ayblagandi.
Izoh (0)