Joriy yil 10–12-iyun kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkazildi. Tadbirdagi chiqishida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov xususiylashtirish bo‘yicha ayrim maʼlumotlarni ochiqladi. Quyida agentlik rahbari nutqidan ayrim faktlar keltiriladi.

To‘rt yillik sotuvlar qiymati
Oxirgi to‘rt yilda yaqin 47 trillion so‘m qiymatidagi 8 mingdan ortiq davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlarini sotishga erishdik. Bunda bevosita davlat o‘zi sotishi bilan birga, davlat korxonalari ham mulklarini tez-tez sotishi uchun imkoniyat yaratildi.
Davlat korxonalarining qariyb uch mingdan ortiq binolari bo‘sh turgan edi. Keyin ular mazkur binolari va kichik-kichik korxonalarni sotib, o‘z hisoblariga 8 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tushirgan. Shu bilan birga, 4,5 mingdan ortiq davlat aktivlari bevosita davlat mulki sifatida sotilgan.
Bizga “O‘zbekiston–2030” strategiyasida 2030-yilgacha xususiy sektor ulushini 85 foizga yetkazish, davlat korxonalari sonini olti baravarga qisqartirish yuklatilgan. Bu juda ham katta reja.
Joriy va kelgusi kutilmalar
2025-yil uchun aprel oyida tasdiqlangan qaror va farmonda oldimizga katta rejalar qo‘yildi. Jami 600 dan ortiq ko‘chmas mulk obyektlari va 300 ga yaqin davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha yirik dastur qabul qilindi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish tartibi ham qonuniy belgilangan. Bu jarayonda yuqori natijalarga erishyapmiz. Masalan, 2024-yilda auksion tizimi orqali to‘rt ming gektardan ortiq yerlarni 4,4 trillion so‘mga xususiy sektorga sotishga erishdik. Odamlar auksiondan yer sotib olishga qiziqib, savdolar ochiq va shaffof bo‘lgani uchun bemalol ishtirok etishyapti. Shu yilning dastlabki besh oyida yaqin 2,5 trillion so‘mlik yerlar sotildi.
2025-yilning o‘zida xususiylashtirish hajmini 30 trillion so‘mga yetkazib, bevosita 10 trillion so‘m tushumni taʼminlash reja qilingan.
Oxirgi besh yilda 2,5 mingga yaqin davlat ulushi bor korxonalar sotilishini taʼminladik. Yana ikki mingga yaqinini yo tugatdik, yo tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgartirildi.
Bugungi kunda 2,2 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalarimiz bor. Ularning ham 800 tasi bo‘yicha xususiylashtirishga tayyorlash jarayoni boshlangan. Shundan ayrimlari savdo jarayonida turipti, boshqalarini savdoga tayyorlash ishlari ketmoqda. Kelgusida 2,2 mingta korxona sonini ham olti barobarga qisqartiramiz.
Sotilish arafasidagi yirik aktivlar
Dastur asosida birinchi eng katta va jozibador aktivimizni sotishni eʼlon qildik. Mobiuz savdo belgisi ostida telekommunikatsiya va uyali aloqa xizmatini ko‘rsatuvchi UMS kompaniyasidagi 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro savdoni boshladik.
Sotuv jarayonini xalqaro va professional konsultantlar ishtirokida amalga oshiramiz. Bunga bevosita Rothschild investitsiya kompaniyasini jalb qildik. Biz bu kompaniya bilan 2021-yilda Coca-Cola kompaniyasidagi 57 foiz davlat ulushini 252 million dollarga sotib, yaxshi natijaga erishgandik. Yaxshi niyat qilyapmizki, UMS kompaniyasidagi davlat ulushini ham Rothschild hamkorligida yaxshi investorga, munosib bahoda sotamiz. Albatta, sotuv jarayoni mahalliy va xalqaro investorlar, soha tadbirkorlari uchun ochiq va raqobat muhitiga tayangan holda amalga oshiriladi.
Yaqin kunlarda moliya sohasidagi aktivlarimizdan “O‘zbekinvest” va “Agrosug‘urta” sug‘urta kompaniyalaridagi davlat ulushlarini xalqaro savdoga olib chiqmoqchimiz. Buning uchun hozir Big Four va Deloitte konsalting kompaniyalari yollangan. Hozirda mazkur ikkita yirik aktivni sotish bo‘yicha oxirgi tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Yangi dasturimizda 29 ta katta aktivlardan issiqlik elektr stansiyalarini sotish rejalashtirilgan. Ular soni 10 ta bo‘lib, asosiy elektr ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz hisoblanadi. Biz mazkur stansiyalarni qanday qilib xususiylashtirishimiz kerak, degan savolga javob berish uchun KPMG kompaniyasini yollaganmiz. Ular bizga xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqib beryapti. Yaqin kunlarda yakuniy takliflarini taqdim etadi va sotuv jarayonini boshlaymiz.
Dastur asosida mehmonxona, ko‘chmas mulk obyektlari va avtosanoat sohasidagi korxonalar ham sotilyapti.
Ko‘pchilikda yirik kompaniyalar hisoblangan UzAutoMotors va UzAutoMotors Powertrain kabilarni sotishni qanday uddalaysizlar, degan savol bo‘lishi mumkin. Bunda ishimizni savdo belgisi va hamkor General Motors kompaniyasi bilan birga tuzilgan shartnomalarga qatʼiy amal qilib, yuridik konsultantlarni jalb etgan va har qanday cheklovchi holatlarni o‘rgangan holda tashkil qilamiz. Jarayon yuridik konsultantlar bergan tavsiyalar asosida kechadi.
Izoh (0)