Shavkat Mirziyoyevning 9-may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi e’lon qilindi.

Avvalo, siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 80 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.
Mana shu hayajonli, ayni paytda iztirobli damlarda insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ajdodlarimizni yod etib, ularning yorqin xotirasi oldida ta’zim qilamiz.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda oltinga teng duolari, maslahatlari bilan faol ishtirok etib kelayotgan muhtaram urush va mehnat faxriylariga alohida qutlov va tashakkurlarimizni izhor etamiz.
Davlat rahbari tinch va farovon hayot posbonlari ulug‘lanadigan ushbu ayyomda mustaqillik yillarida Vatan ozodligi, xalq osoyishtaligini himoya qilish yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan jasur harbiylar xotirasiga hurmat bajo keltirish barcha uchun ham qarz, ham farz ekanini qayd etgan.
Bashariyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi dunyo xalqlari, jumladan, el-yurtimiz boshiga solgan og‘ir musibatlar, mislsiz kulfat va yo‘qotishlar hech qachon unutilmaydi.
Bu – zamon va makon chegarasini bilmaydigan chinakam mardlik va qahramonlik solnomasidir.
Bunday muazzam, shonli zafarga munosib hissa qo‘shgan matonatli xalqimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
Keyingi yillarda jonkuyar olim va mutaxassislarimizning ilmiy izlanishlari tufayli Ikkinchi jahon urushi tarixining yangi sahifalari bilan tanishmoqdamiz.
Hujjatlarning dalolat berishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ziyodi uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgani, hech shubhasiz, yurtimiz vakillari tomonidan urush maydonlarida ko‘rsatilgan jasorat va matonatning yuksak amaliy e’tirofidir.
Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangani, respublikamizdan jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berilgani o‘sha suronli davrning yana bir unutilmas sahifasini tashkil etadi.
Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirildi, qisqa muddatda 280 ta yangi korxona bunyod etildi.
O‘zbekistonliklar urush hududlaridan olib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani bag‘riga olib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatdi.
Qadrli vatandoshlar!
So‘nggi yillarda qahramon ajdodlarimizning hayoti va faoliyati, mardlik va matonatini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yosh avlodni ularning shonli an’analari ruhida tarbiyalash bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Bu borada Toshkent shahrida bunyod etilgan G‘alaba bog‘i, hududlardagi “Vatanparvar” bog‘lari muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu tabarruk maskanlar qisqa muddatda barcha yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar uchun qutlug‘ ziyoratgohlarga aylandi.
Ana shunday ezgu ishlarimizning davomi sifatida G‘alaba bog‘i hududida ona yurt qalqonlari sharafiga barpo etilgan yana bir tarixiy yodgorlik – Millat fidoyilari majmuasi ham, hech shubhasiz, g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Ishonchim komil, yuzlab marhum bahodir harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining nomlari zarhal harflar bilan muhrlab qo‘yilgan ushbu muhtasham badiiy obida el-yurtimiz chin dildan intiladigan va faxrlanadigan yana bir mo‘tabar maskan bo‘lib qoladi.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi kunda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda.
Bu yil Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 ming AQSH dollari miqdorida, ushbu toifaga tenglashtirilgan shaxslarga 25 million so‘m, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million so‘mdan bir martalik pul mukofotlari va “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” yubiley medallari topshirilgani muhtaram faxriylarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Urush faxriylari va nogironlari uchun tibbiy va ijtimoiy xizmatlar, jumladan, patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda. Ular o‘z xohishlariga ko‘ra sanatoriylarda davolanmoqda.
Ushbu quvonchli kunlarda xalqimiz mo‘tabar keksalarimiz, urush va mehnat faxriylarini ziyorat qilib, ularning duosini olmoqda.
Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolarining holidan xabar olinib, ularga zarur ko‘mak va yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Albatta, biz bugungi tinch, ozod va erkin hayot uchun o‘zining aziz jonini ham ayamasdan kurashgan bunday fidoyi insonlarning oldida doimo qarzdormiz. Ular bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning mehrini, e’tiborini his qilib yashaydilar.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Hozirgi murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalash, diyorimizdagi tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo ahillik va totuvlikni asrash yo‘lida qahramon ota-bobolarimizning Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan sabot va matonati biz uchun hamisha ibrat maktabi, kuch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu unutilmas ayyomda siz, azizlarni, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Izoh (0)