Ishdan chiqqan Rossiyaning “Resurs P” fuqarolik sun’iy yo‘ldoshi Xalqaro kosmik stansiya (XKS) yaqinidagi past Yer orbitasida 200 ga yaqin bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Hodisa natijasida XKSda bo‘lgan amerikalik astronavtlar bir soatdan ko‘proq vaqt davomida yashirinishga majbur bo‘lgan.
Sun’iy yo‘ldoshning parchalangani haqidagi dalil NASA va AQSH kosmik qo‘mondonligi tomonidan tasdiqlangan.
Rossiya OAVning xabar berishicha, “Resurs-P” kosmik kemasi Tabiiy resurslar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “Rosreyestr” manfaatlarini ko‘zlab, Yer yuzasini yuqori darajada batafsil, keng spektrli va giperspektral optik-elektron kuzatish uchun mo‘ljallangan. Qurilmaning orbitada faol mavjudlik muddati besh yil.
Reuters nashrining xabar berishicha, 27-iyun kuni AQSHning LeoLabs kosmik kuzatuv kompaniyasi radarlari kamida 180 ta parchani aniqlagan. AQSH harbiylariga ko‘ra, qurilma qoldiqlari endi xavf tug‘dirmaydi.
Rossiyaning “Resurs-P №1” sun’iy yo‘ldoshi 2013-yilda orbitaga chiqarilgan. Ushbu blok 2022-yilda foydalanishdan chiqarilgan. Qurilmaning yo‘q qilish sabablariga hozircha aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)