Bundan 26 yil oldin 29-yanvar kuni Nyu-York sudi Vyacheslav Ivankov (“Yaponchik”)ni 7 yil 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum etgandi. Uning ishtirokidagi janjallar va bosqinchilik harakatlari Sobiq Ittifoq davlatlari orasida mashhur. “Qonundagi o‘g‘ri” maqomiga ega Ivankov dushmanlarini kechirmas va qamoqxona nozirlaridan qo‘rqmas edi.
Xalqaro miqyosdagi o‘g‘ri
Taqdir taqozosi bilan 52 yoshli “Yaponchik” Amerikaga borganida AQSHdagi rus mafiyasi yo‘lboshchisining taxti rasman bo‘sh edi. Yevsey Agronning o‘limidan keyin unga o‘tirgan Marat Balagula 1989-yilda firibgarlik uchun qamoqqa olingan, uning atrofidagilar bo‘lsa, yetakchilik roliga loyiq emasdi: ulardan biri tez o‘rada o‘zini otib qo‘ygan, boshqalari yuzaga kelayotgan vaziyatga e’tibor qaratmay, ta’sir doiralarni bo‘lib olishga tushgan. Shu sababli “Yaponchilik”ning okean ortida rus mafiyasi rahbariga aylanishi qiyinchilik tug‘dirmagan: mahalliy o‘g‘rilarning uning “jasoratlari”dan xabardor bo‘lib, Ivankovni hurmat qilgan.
Tez orada Amerika jinoyat olamida “rus yaponi”ning qattiqqo‘lligi va o‘jarligi haqida mish-mishlar tarqala boshlaydi. Mahalliy aholini 1970-yillar oxirida uning o‘z qo‘l ostidagilardan biri qilgan chidab bo‘lmas takabburlikka qanday chora ko‘rgani to‘g‘risidagi hikoyalar hayratga solgan. “Yaponchik” to‘dasi o‘zlarining yashirin kvartirasiga to‘planib, navbatdagi o‘g‘rilikda qo‘lga kiritilgan qimmatbaho buyumlarni bo‘lishmoqchi bo‘ladi. Boshliq mablag‘larning katta qismini o‘g‘rilarni umumiy hisobiga jo‘natishni, qolganini esa bo‘lib olish taklifini beradi.
Shu payt “Yaponchik” odamlaridan biri tezkor harakat qilib, hamyoniga brilliant taqinchoqni solganini payqab qoladi. U o‘g‘irlangan buyumni shu zahoti tortib olgan, “kalamush”ni esa joyida jazolagan: pistoletini chiqarib, yuziga yostiqni bosgan holda boshiga o‘q uzgan. Boshqa bir afsona ham bor: emishki “Yaponchik” xato qilgan o‘g‘rilarni vertolyotdan uloqtirib yuborib jazolagan.
Shu bilan birga, AQSHga kelib qolgan “qonundagi o‘g‘ri”ga bu qadar mashhurlik yoqmagan, uning rejalarida “birinchi shaxs” bo‘lish yo‘q edi. “Yaponchik”ni kavkazliklar va slavyanlar o‘rtasida tinchlikni qo‘llab-quvvatlab kelgan, shuningdek, Rossiya va Amerika jinoyat olami o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yadigan kulrang kardinal roli ma’qul edi. Bundan tashqari, qo‘l ostida 250 ga yaqin odam bo‘lgan Ivankov Manxettendagi bir nechta mashhur restoranlarni nazorat qilgan va Bruklinda pul yuvish bo‘yicha kompaniyani tashkillashtirgan.
“Yaponchik” neft va o‘yin biznesi, qimmatbaho hamda antikvar buyumlar savdosi bilan, shuningdek, AQSHga kokain va geroin yetkazish bilan faol shug‘ullangani to‘g‘risida gap-so‘zlar yurgan. Lekin Ivankovning o‘zi giyohvand moddalarga aloqasi borligini mutlaqo rad etib kelgan. Qizig‘i, AQSHda shu qadar keng ko‘lamli ishlarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, u ingliz tilini o‘rganmagan edi, ammo uning bu borada qobiliyati yetarlicha bo‘lgan — u arman va ossurlar tilini yaxshi bilgan. Muhim uchrashuvlarga “Yaponchik” o‘zi bilan tarjimon olib borgan, qolgan holatlarda imo-ishora bilan gaplashgan.
Qo‘shma Shtatlardagi jo‘shqin faoliyatiga qaramay, Ivankov Rossiyadagi deyarli barcha yirik uyushgan jinoiy guruhlarda (UJG) ishtirok etgan va ularning yetakchilarini qabul qilib kelgan. 1993-yil yozida Grozniydagi “Orexovskiy” UJG yetakchisi Sergey Timofeyev (“Silvestr”) AQSHga kelganida “Yaponchik”dan Moskva jinoiy taxtini egallashga ruxsat olgani to‘g‘risida mish-mishlar tarqalgan.
“Yaponchik” sobiq SSSRdan AQSHga kelib qolgan ko‘plab jinoyat olami vakillari bilan do‘st tutingan, masalan, “qonundagi o‘g‘ri” Musheg Azatyan (“Misha Piterskiy”) uning o‘ng qo‘li hisoblangan. Ivankov hatto Azatyanning farzandlarini cho‘qintirgan otasiga aylangan: tarmoqda “Yaponchik” armanlar cherkovi an’analariga ko‘ra, stixar — ruhoniylar kiyimida Mushegning o‘g‘lini cho‘qintirish marosimida ishtirok etgani tasvirlangan surat mavjud.
Xatoni o‘z vaqtida sezish
“‘Yaponchik’ qayerga ketdi?”, degan savol Rossiya tergovchilari xayoliga shartli ravishda ozod etilgan Ivankov navbatdagi nazorat uchun militsiyaga kelmaganidan keyin paydo bo‘lgan. Tergovchilar shokda edi: qamoqda uzoq yillar o‘tirib chiqqan sobiq ittifoq avtoritetining AQSHga ketib qolishi kutilmagan voqea edi. “Yaponchik” Qo‘shma Shtatlarda ekanidan xabar topgan Rossiya huquq-tartibot organlari zudlik bilan amerikalik hamkasblariga “qonundagi o‘g‘ri” bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlarni yuborgan.
Tergovchilarning aniqlashicha, Ivankov okean ortiga sayohat qilish uchun Rostov viloyatidagi yotoqxonada ro‘yxatdan o‘tgan va soxta Sovet—Amerika korxonasi orqali xorijga chiqish pasportini xodim sifatida qo‘lga kiritgan. U AQSH elchixonasiga murojaat qilgan, sudlanganini yashirgan va shu orqali viza olgan. Shuningdek, “Yaponchik” yana uylangan maqomida edi: asli kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan AQSH fuqarosi Irina uning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.
“Yaponchik”ning panjara ortiga tiqish uchun nikohi soxta ekani va uning boshqa jinoyatlari isbotlash juda qiyin kechgan. FQB xodimlariga omadli tasodif yordam bergan: 1993-yil aprelida ikki nafar Rossiya fuqarosi ularga yordam so‘rab murojaat qilgan. Nyu-York biznesmenlarining aytishicha, ular investitsiya kompaniyasiga egalik qilgan va shu kunlarda Ivankov tomonidan bosimlarga uchray boshlagan.
“Yaponchik”ka qarshi e’tirozlar, tabiiyki pulga bog‘liq edi: qanchadir muddat oldin biznesmenlarning Moskvadagi banklardan birining egasi (aslida — moliyaviy piramida) ularga oyiga 8 foiz evaziga 3 million dollar pul bergan. Bankir pullarini olishga ulgurmagan: uning farzandlarida jiddiy moliyaviy muammolar boshlangan va AQSHga qarzlarni undirishga bankirni o‘rinbosari yuborilgan — o‘z navbatida u foizlari bilan birga 3,5 million dollar talab qilgan. Qarzni olganlar esa xodimining brokerlik xatosi tufayli bor budidan ayrilganini bildirgan. Shunda bankirning o‘rinbosari “Yaponchik”ka yordam so‘rab, murojaat qilgan.
Ivankovga bunday murojaat juda yoqib tushgan: avtoritet hamyurtlariga yordam berishni “o‘z burchi” deb hisoblagan. Qarzdorlar bilan shug‘ullanish shu zahoti boshlangan va ular ham “bahonalar o‘tmasligini” tushunib yetgan. Avvaliga “Yaponchik” biznesmenlar haqida ma’lumot to‘plagan va ular kambag‘al emasligini, har safar restoranga borganida 300-500 dollar sarflashini aniqlagan. Bundan tashqari, ular tez-tez kazinolarga ham tashrif buyurib turgan.
Qarzdorlar bilan bir martagina uchrashgan “Yaponchik” ularga tahdid qilib o‘tirmagan: uning ismini o‘zi barchaga qo‘rquv solishga yetarli edi. Vahimaga tushgan biznesmenlar qochishga joy yo‘qligini tushunib, Amerika huquq-tartibot organlariga murojaat qiladi. Maxsus xizmatlar 1995-yil 8-iyun kuni Ivankovni Nyu-Yorkdagi koshonasida hibsga olgan. Tovlamachilikdan tashqari u soxta nikoh tuzishda ham ayblangan: Irina “Yaponchik”ka qarshi ko‘rsatma bergan va u guvohlar himoyasi dasturi bo‘yicha yashirilgan. “Men kamtar, xotirjam insonman, hibsga olish uchun esa avtomatlar bilan qurollangan 20 kishidan iborat guruh keldi…”, — deya eslagandi u.
Amerikacha adolat
Oradan 1,5 yil o‘tgach o‘tkazilgan “Yaponchik”ning sudida jinoyatchini himoya qilishga Qo‘shma Shtatlardagi mashhur advokat Barri Slotnik bel bog‘lagan. U o‘z vaqtida rus mafiyasi “otasi”ni Yevsey Agronning AQSHdagi sudida katta rolni o‘ynagan mafiya oilasi Jenovezelarning shaxsiy yuristi edi. Ammo Slotnik Bernard Gets ismli elektrikning sudini o‘zining eng muvaffaqiyatli ishi deb hisoblagan.
Gets 1984-yil dekabrda metroda sodir bo‘lgan mojaro sabab qamoqqa olingan. O‘shanda Bernard o‘zini o‘marmoqchi bo‘lgan to‘rt nafar qora tanli o‘smirni og‘ir yaralagan; hujum uyushtirganlardan biri umrbod nogiron bo‘lib qolgan. Slotnik o‘z mijozini shu qadar himoya qilganki, sud hay’ati sudlanuvchini barcha ayblovlar bo‘yicha oqlagan. Faqat qonuniy qurol saqlashda aybdor deb topilgan elektrik bir yilgina qamoqda o‘tirib chiqqan.
Slotnik bu kabi usullardan Ivankovning himoyasida ham foydalangan: u o‘zining biznes raqiblarini haqiqiy shafqatsizlar sifatida fosh qila boshlagan. Sudda ishtirok etganlar ayyor yuristning yana bir necha usullarini eslab qolgan. Birinchidan, guvohlarni so‘roq qilish vaqtida Slotnik ular jinoyat olami vakili bilan turli aloqalari borligini isbotlashga uringan. Ikkinchidan, o‘z himoyasi ostidagi insonning o‘tmishdagi jinoyatlarini eslaganida advokat Ivanovga nisbatan jinoiy ta’qib sovet totalitarizmi nishoni va repressiyasi ekanini ta’kidlagan. “Yaponchik” doimiy ravishda tuhmat qilingan dissident qiyofasiga kirib, huquq-tartibot idoralari va jurnalistlar uning halol nomini haqorat qilishga urinishayotganidan shikoyat qilgan.
Vaziyatni mohirlik bilan chigallashtira olgan Slotnik maksimal darajada jarayonni qizdirgan va shu bilan birga “Yaponchik”ni oqlagan. Advokat o‘zining muvaffaqiyatidan shubha qilmagan. Shu sababdan sud hukmi — 9 yil va 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi — himoya uchun ham, Ivankov uchun ham kutilmagan yangilikka aylangan. Hukmdan o‘ziga kelgan Slotnik shu zahoti vaziyatdan chiqishga uringan sud zalidan chiqqach, jurnalistlarning savollariga bunday muddatning o‘zi yutuq ekanini bildirgan, chunki ayblov tomoni 20 yil so‘ragandi. “Yaponchik” esa bu vaqtda Pensilvaniya shtatidagi “Allenvud” federal qamoqxonasiga jazosini o‘tashga yo‘l olgan.
Jangovar mahbus
Qamoq sharoitini birinchi marta boshidan o‘tkazmayotgan Ivankov u yerda daxlsizlik huquqini qo‘lga kiritgan — yangi mahbusni kamsitishga uringan afroamerikaliklar bilan psixologik urushga bardosh bergan. Barchasi “Yaponchik” dam olish xonasidagi bir nechta televizorga egalik uchun qora tanlilar bilan kelishmay qolganidan boshlangan. Atrofidagilarning gap-so‘zlariga tupurgan holda Ivankov o‘ziga yoqqan kanalga qo‘yib olgan. Jahl otiga mingan afroamerikaliklar uni haqorat qilib, ertasi kungi sayrda jazolashga va’da beradi.
Italyan mahbuslar yordamida “Yaponchik” pichoq va skotchni qo‘lga kiritadi — u qamoqxona jangi qoidalariga ko‘ra, pichoqni tushirib yuborishi uchun qo‘lini tishlashlarini yaxshi bilgan. Ertasi kuni pichoqni qo‘liga mahkamlab olgan Ivankov sayrga chiqqan. O‘zi tomon kelayotgan dushman to‘dasini ko‘rgan avtoritet vahimaga tushmagan, pichoqni olib ularga qarshi chiqqan; uning ortidan esa italyanlar ergashgan. Vaziyat bunday tus olishini kutmagan afroamerikaliklar qon to‘kmaslikka qaror qilgan va Ivankovga yarashuv taklif qilgan, o‘z navbatida u bunga rozi bo‘lgan.
Shundan keyin “Yaponchik” bilan hech kim janjallashmagan va u ikki kishiga mo‘ljallangan kichik kamerasida jazoni o‘tay boshlagan. Kameraning kichikligi Amerika qamoqxonalarining yagona kamchiligi edi. Uch martalik ovqat, yaxshi sportzal, tennis korti, videozal — Rossiya koloniyasidagilar bunga faqat havas qilgan. 1999-yilda Ivankovning kamerasi tintuvdan o‘tkazilganida geroin topilgan va u o‘ta xavfli jinoyatchilar qanotiga ko‘chirilgan, ammo “qonundagi o‘g‘ri”ning hayoti bu bilan keskin o‘zgarib ketmagan.
“Yaponchik” AQSHda jazo muddatini o‘tayotgan bir vaqtda Rossiya maxsus xizmatlari uning o‘z vatani qamoqxonasiga olib kelishni rejalashtirgan. Buning uchun bahonani uzoq izlashga to‘g‘ri kelmagan: tezkor xodimlar 1992-yil yanvarida Moskvadagi “Fidan” restoranida sodir bo‘lgan voqeani esga olgan. U badavlat turklar orasida juda mashhur edi — restoranda milliy oshxonaning eng yaxshi taomlari pishirilgan. Yanvar kunlarining birida “Fidan”da kechki ovqat uchun “Yaponchik” do‘sti Vyacheslav Shestakov bilan tashrif buyuradi.
Kechki ovqatdan keyin jinoyatchilar garderobdan o‘z kiyimlarini olishga borgan. Ularning ortidan binoga uch nafar turk kelgan — yaxshigina choychaqaga umid qilgan garderobchi birinchi bo‘lib xizmat ko‘rsatgan. Bunday holat “Yaponchik”ka u qadar yoqmagan va nimani o‘ylayotganini garderobchi hamda uch nafar mehmonga ochiq-oydin aytgan. Ular rus tilini yaxshi bilgani bois avtoritet o‘zlarini so‘kkanini tushunib turgan. O‘rtada janjal yuzaga kelgan va Ivankov pistoletini chiqarib, ularni o‘qqa tuta boshlagan. Turklarning ikki nafari voqea joyida vafot etgan, uchinchisining hayotini ko‘krak cho‘ntagiga solingan bir bog’lam naqd pul saqlab qolgan: o‘q unga sanchilgani bois yurakka yetib bormagan.
Avvaliga mazkur ish tergov davomida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan: garderobchi ham, restoran qo‘riqchisi ham o‘q uzgan inson kimligini bilmasligini aytgan. 1990-yillar oxirida otishmani Ivankov uyushtirgani ma’lum bo‘lgan vaqtda u Amerika qamoqxonasida o‘tirardi. “Yaponchik” Rossiyaga qaytganidan keyin uni qamoqqa jo‘natish uchun boshqa bahona bo‘lmagani bois tergovchilar “Fidan” restoranidagi otishma tarixini ko‘targan. Bu oson emasdi: ishning muddati o‘tib ketayotgandi, biroq prokuratura uni to‘xtatib, 2000-yilda “Yaponchik”ka qidiruv e’lon qilgan va uni odam o‘ldirishda ayblagan. Bu kabi usul avtoritetning deportatsiyasi masalasini muhokama qilish imkonini berardi. 2004-yil iyunda AQSHga Rossiya Bosh prokuraturasidan Ivankovning ekstraditsiyasi bo‘yicha rasmiy so‘rov kelib tushgan va tez orada bu bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Shohona qaytish
“Yaponchik” Amerika qamoqxonasida sakkiz yilga yaqin o‘tirgan va muddatidan oldin ozodlikka chiqqan — AQSH qonunchiligiga muvofiq jazo muddati 15 foizga qisqartirilgan. Ammo ozod etilgan kuniyoq 64 yoshli Ivankov Immigratsiya xizmati xodimlari qo‘liga topshirilgan va zudlik bilan Rossiyaga yuborilgan. Buning uchun Amerika tomoni fuqarolik samolyotini ajratgan, o‘g‘rini esa Rossiyadan kelgan maxsus xizmat xodimlari kuzatib borgan.
“Sheremetyevo” aeroportiga kelib qo‘ngan “Yaponchik” 15 ta maxsus avtomobildan iborat kolonna hamrohligida uning uchun yopilgan Leningrad shossesi bo‘ylab qamoqxonaga yetkazilgan. Ko‘p o‘tmay Ivankovga ikki kishini o‘ldirish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Ammo huquq tartibot xodimlari “Yaponchik”ning aybini isbotlashga qanchalik urinmasin, buni uddalay olmagan. 1990-yillarda omon qolgan turk o‘z vataniga qaytib ketgan bo‘lib, sud jarayonida qatnashish uchun Moskvaga qaytishga bosh tortgan. Natijada 2005-yil 18-iyulda sud hay’ati Ivankovni aybsiz deb topilgan. Ozodlikka chiqqan “Yaponchik” jinoiy ishlardan charchagani bois nabiralari bilan yashashga qaror qiladi. Rostdan ham u 2009-yil yoziga qadar hech qanday jinoyatga aralashmagan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, suddan ko‘p o‘tmay Ivankov AQSHga qaytib ketgan va odatdagi ishlarini davom ettirgan. Bu safar u juda ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rgan.
O‘sha yillarda e’tiborga molik yagona voqea Ivankovning ta’sir doirasi kuchli “qonundagi o‘g‘rilar” — Tariel Oniani va Aslan Usoyanning mojarosiga aralashgani bo‘ladi, u Usoyan tarafida bo‘lgan. “Ded Xasan” nomi bilan tanilgan jinoyatchi bilan birga “Yaponchik” Onianining o‘g‘rilik mavqeyini tan olmagan. 2009-yil boshida Rossiyaga qaytgan Ivankov poytaxt o‘yin biznesini bo‘lishda shaxsan ishtirok etadi.
O‘g‘rilar afsonasining yakuni
Rossiyaga qaytgan “Yaponchik” 2009-yil 28-iyul kuni soat 17:30 da ikki nafar tansoqchisi bilan “Tay fili” restoraniga keladi. U yerda o‘g‘ri kechki ovqat tanovul qilish va “Ded Xasan” bilan uchrashishni rejalashtirgan. Suhbat uzoq davom etmagan — ular birin-ketin restoranni tark etgan. Ivankov restoran qanotiga chiqqan vaqtida soat 18:30 edi. Yaqin atrofdagi avtoturargohga joylashtirilgan “Gazel”dan kutilmaganda o‘q uzilgan: tansoqchilar nima bo‘layotganini tushunishga ulgurmagan, “Yaponchik” yerga o‘tirib qolgan, uning qornidan qon oqardi. Killer yana bir marta o‘q uzadi, biroq bu safar mo‘ljalga tegmaydi.
Tansoqchilar o‘z boshlig‘ini restoranga qaytarib olib kirib, qon oqishini to‘xtatishga uringuncha, mergan qochib ketishga ulgurgan: “Gazel” kuzovidan Dragunov miltig‘ining gilzasi topilgan. Barmoq izlari yo‘q edi. Shu bilan birga, yaralangan “Yaponchik” Botkina shifoxonaga yetkazilgan va u zudlik bilan operatsiya qilingan. Ivankov 2009-yilning kuzi o‘rtalariga qadar sun’iy komada yotgan va sentabrda klinik o‘lim qayd etilgan. 9-oktabrda 69 yoshli “Yaponchik”ning yuragi butunlay to‘xtagan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)