Navoiy viloyatida Litva davlatiga ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi, deb xabar bermoqda Prokuratura departamenti axborot xizmati.
Unga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy shahri bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. “E.C.” MCHJ rahbari A.Q. fuqaro Z.F.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida pishiriqlar pishirish yo‘nalishida o‘qigani haqida soxta diplom tayyorlab berib, Litvaga ishga yuborishi evaziga 1 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida xorijga ishga yuborishini aytib 49 kishidan pul olgan shaxs ushlangan edi. Shuningdek, Payariq tumanida AQSHga ishga bormoqchi bo‘lgan ikki kishi 24 ming dollarga chuv tushgan.
Izoh (0)