Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida xorijga ishga yuborishini aytib 49 kishidan pul olgan shaxs ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Oqdaryo tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro V.I. fuqarolar E.X. va B.B.ning ishonchiga kirib, ularni Angliya davlatiga ishga yuborishi evaziga 4 500 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, tadbir davomida 1,2 million so‘m va 700 dollarni qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida u 47 nafar fuqaroni yuqoridagi kabi aldab, chet davlatlarga ishga yuborishi evaziga jami 37 160 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro R.D. fuqaro A.F.ning ishonchiga kirib, uni Koreyaga yashash va ishlash uchun jo‘natishi hamda viza hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga firibgarlik yo‘li bilan to‘rt ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)