Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari Respublika Milliy gvardiyasi bosh qo‘mondoni o‘rinbosarini qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
“Milliy gvardiya bosh qo‘mondoni o‘rinbosari noqonuniy xatti-harakat sodir etishda gumon qilinib, qo‘lga olinganini tasdiqlaymiz”, deyiladi xabarda.
Ichki ishlar vazirligi o‘z saflarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslikni e’lon qilib, amaldagi qonunchilik doirasida xolis va har tomonlama tergov olib borishga va’da berdi. Biroq qo‘lga olingan shaxsning ismi aytilmagan.
Hozirda Qozog‘iston Milliy gvardiyasiga general-leytenant Erkin Bo‘takanov boshchilik qilmoqda. Uning o‘rinbosarlari: general-mayor Qayrat Aktanov, general-mayor Baurjan Abjanov, general-mayor Qayrat Umbetov, general-mayor Konstantin Voronkin va general-mayor Jandos Omarqulov.
30-avgust kuni Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev jiyanining sobiq xotini Gulmira Satibaldi 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingani xabar berilgandi.
U odam o‘g‘irlash, tovlamachilik va o‘zboshimchalikda aybdor deb topildi. Uning haydovchisi va yordamchisi Madi Batirshayev esa odam o‘g‘irlash aybi bilan to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)