AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama Chikagodagi Demokratik partiyaning milliy qurultoyida nutq so‘zlab, bo‘lajak prezidentlik saylovlarida o‘zining uzoq yillik siyosiy ittifoqchisi Kamala Harris nomzodini qo‘llab-quvvatladi.
Amerika yangi bobga tayyor. Amerika yaxshiroq hikoyaga tayyor. Biz prezident Kamala Harris uchun tayyormiz. Kamala Harris esa ishga tayyor, deydi Obama.
Oq uyning sobiq rahbari “Ha, u uddalaydi” deya 2008-yilgi prezidentlik saylovlariga borgan mashhur shiorini eslagan.
Taxminan 40 daqiqa davom etgan nutqida Obama “katta xavf ostida demokratiyani himoya qilgan” amaldagi prezident Jo Baydenga ham minnatdorchilik bildirgan, shuningdek, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampning hokimiyatga qaytishidan ogohlantirgan.
Bizga yana to‘rt yillik shov-shuv, chalkashlik va tartibsizliklar kerak emas. Biz bu filmni avval ham ko‘rganmiz, davomi odatda yomonroq bo‘lishini hammamiz bilamiz, deya qo‘shimcha qilgan Obama.
4500 nafardan ortiq delegat ishtirok etgan Demokratik partiyaning milliy qurultoyida sobiq birinchi xonim Mishel Obama ham so‘zga chiqqan.
Amerika, umid qaytmoqda, deydi u yig‘ilganlarga.
Sobiq birinchi xonim Harrisni “prezidentlikka nomzod bo‘lgan eng malakali shaxslardan biri” deb ta’riflagan.
Izoh (0)