Toshkent shahrida to‘y kuni huquqbuzarlik sodir etgan kelin va kuyov javobgarlikka tortildi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 25-aprel kuni soat 22:30 larda “Bektemir” to‘yxonasidan Mercedes-Benz transport vositasida uyga qaytayotgan kelin harakatlanayotgan mashinaning lyukidan, kuyov esa orqa chap oynasidan tanasini chiqarib, qoidabuzarlik sodir etgan.
Sodir bo‘lgan holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-modda (piyodalar va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi) bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, haydovchining avtomashinani boshqarish uchun tegishli hujjatlari bo‘lmagani sababli unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va transport vositasi jarima maydoniga qo‘yilgan.
Bundan oldin Qoraqalpog‘istondagi to‘yda tanasini mashinadan chiqarib tasvirga olgan operatorlar va haydovchi jarimaga tortilgan edi. Shuningdek, Andijonda 20 yoshli qiz mashinadan tanasini chiqarib harakatlangani, Samarqandda harakatlanayotgan Gentra’dan tanasini chiqarib, soxta dollar sochgan yigitlarga chora ko‘rilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)