Farg‘ona viloyatida 292 million so‘mlik iPhone va Samsung qo‘l telefonlarining chetdan noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirini o‘tkazgan. Tadbir davomida fuqaro boshqaruvidagi Nexia rusumli avtotransport vositasi tezkor kuzatuvga olingan. Ushbu avtotransport vositasi Namangan shahri hududida to‘xtab turgan vaqtida ushlanib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Natijada avtomashina yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan dastlabki qiymati 292 million so‘mlik jami 3 turdagi 45 dona iPhone, 9 dona Samsung va 1 dona LG rusumli jami 55 dona qo‘l telefonlari ekani maʼlum bo‘lib, ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlovga olingan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq “Yallama” postida 830 mln so‘mlik LED chiroqlarning mamlakatga noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Buxoroda 15,5 mlrd so‘mlik pestitsidlarning mamlakatga noqonuniy olib kirilishining oldi olingan edi.
Izoh (0)