Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant mamlakat qo‘shinlarining G‘azo sektoridan qisman olib chiqilishi harbiy operatsiya yakunlanganini anglatmasligini aytdi, deya Euronews xabar berdi.
Galantning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo janubidagi Rafahda missiyalarni bajarishga tayyorlanmoqda.
HAMAS G‘azo bo‘ylab harbiy tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatishni to‘xtatgan. Qo‘shinlar Xon Yunisdan chiqib ketmoqda va navbatdagi operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biz Ash-Shifada bunday missiyani allaqachon ko‘rganmiz, oldinda esa Rafah hududida operatsiya mavjud, — dedi Galant.
Arab OAV Misr manbalariga tayanib, G‘azodagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Qohirada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “sezilarli taraqqiyot” haqida xabar bergan. Qayd etilishicha, tomonlar asosiy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Isroil, shuningdek, G‘azoga insonparvarlik yordami kirishini kengaytirmoqda. 7-aprel kuni 322 ta yuk mashinalari oziq-ovqat va eng zarur mahsulotlarni sektorga yetkazib bergan. Bu urush boshlanganidan beri anklavga bir kun ichida kirib kelgan yuk mashinalarining rekord soni ekani aytilmoqda.
Izoh (0)