Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “Shimoliy oqim” gaz quvurida “uyushtirilgan qo‘poruvchilik harakati” yuzasidan shaffof tergov o‘tkazishni talab qildi. Vazirlik bayonoti haqida batafsil “TASS” nashri xabar berdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati “Shimoliy oqim” portlashlaridan eng ko‘p foyda ko‘radigan tomon bo‘lgan. Rossiyaning mustaqil tarzda olib borgan tekshiruvlari shunga ishora qilgan.
“Tergov natijalarini kutamiz. G‘arb tergovni yakunlay olmagan taqdirda ham, biz uning davom etishini kuzatib boramiz. Xalqaro maydonda biz shaffoflik zarurligini doimiy ravishda taʼkidlashda davom etamiz”, — degan Zaxarova.
Rossiya rasmiysi bildirishicha, sanksiyalardan oldingi davrda Rossiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari iqtisodiy sohada, shu jumladan, energetika sohasida haqiqiy va amaliy integratsiyani yo‘lga qo‘yib, ajoyib natijalarga erishgan edi. Qo‘shma Shtatlar esa geosiyosiy maqsadlariga erishish uchun bu hamkorlikni nishonga olishni maqsad qilgan.
Nord Stream AG kompaniyasi 2022-yil 27-sentyabr kuni “Shimoliy oqim 1” va “Shimoliy oqim 2” gaz quvurlarining uchta o‘tkazuv qismi portlashlar oqibatida jiddiy shikastlanganini maʼlum qilgan edi. Shvetsiyalik seysmologlar 26-sentyabr kuni “Shimoliy oqim” quvurlari bo‘ylab ikkita portlash yuzaga kelganini qayd etgan. Ushbu voqealardan keyin Rossiya Bosh prokuraturasi quvurlarga yetkazilgan zarar yuzasidan xalqaro terrorchilik akti bo‘yicha ish ochdi.
Izoh (0)