G‘arbning Moskvadagi elchilari Rossiyaning ichki ishlariga aralashish uchun “spektakllar” tashkil etishmoqda. Bu haqda 5-mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova “TASS” nashriga maʼlum qildi.
Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevroittifoq elchilarini Rossiyada bo‘lajak prezidentlik saylovlari oldidan vaziyatga oydinlik kiritib olish uchun yig‘ilishga taklif qilganini bildirgan edi. Biroq xorij vakillari tadbirda qatnashishdan bosh tortgan. Lavrovga ko‘ra, Rossiyada Yevropa Ittifoqining elchixonalari muxolifatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tayyorlamoqda.
“G‘arb, NATO davlatlarining elchilari butun vaqtini faqat bitta narsaga sarflashmoqda —ular mamlakatimiz ichki ishlariga aralashmoqda. Ikkinchi tomondan, ular tom maʼnoda bizning ko‘z oldimizda ‘spektakl’ sahnalashtirmoqda”, — deya vaziyatga munosabatini bildirgan Zaxarova.
Mariya Zaxarova, shuningdek, Yevropa Ittifoqi vakillarining Sergey Lavrov bilan uchrashishdan bosh tortganidan keyin Rossiyadagi faolligini shubha ostiga olgan. Ushbu kutilmagan faollik saylovoldi jarayonlarga taʼsir etishi mumkinligi aytilgan.
Izoh (0)