O‘zbekistonda Malayziyaning yirik supermarketlar tarmog‘i ish boshlashi mumkin. Bu haqda “Dunyo” maʼlum qildi.
Xabar berilishicha, O‘zbekiston elchixonasida Malayziyaning KK Group of Companies kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Kin Chay bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida Malayziya kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Malayziya vakiliga mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, biznesni rivojlantirish uchun taqdim etilayotgan qulayliklar haqida batafsil maʼlumot berildi. Kin Chay o‘z navbatida, O‘zbekistondagi ijobiy iqtisodiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Jumladan, u xorijiy investorlarga berilayotgan turli soliq va bojxona imtiyozlari respublikani ular uchun jozibador hududga aylantirayotganini taʼkidladi.
“Biz mamlakatingiz ishbilarmon doira vakillari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz, — dedi u. — Malayziyada taniqli bo‘lgan va KK Super Mart brendi ostida ish yuritayotgan supermarketlar tarmog‘i O‘zbekistonda ham mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda muvaffaqiyatli faoliyat olib borishi mumkin”.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda mazkur kompaniyaga tegishli KK Super Mart savdo do‘konlari tarmog‘ini ochish va KK Group of Companies’ga tegishli hududda O‘zbekiston mahsulotlari savdo uyini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Maʼlumotga ko‘ra, KK Group of Companies ko‘p tarmoqli kompaniyalar guruhi hisoblanadi. Kompaniya oziq-ovqat chakana savdosi, elektron tijorat, mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanadi, shuningdek, qurilish sohasida ham faoliyat yuritadi. Uning mamlakat bo‘ylab 800 dan ortiq savdo tarmoqlari bor.
Izoh (0)