Italiya, Gretsiya, Ruminiya, Bolgariya va Fransiyada G‘arbiy Nil isitmasiga chalinish holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda Euro News xabar berdi.

Italiyada virusdan vafot etganlar soni 10 kishiga yetgan, ularning to‘rttasi Latsio mintaqasida qayd etilgan. Mamlakat sog‘liqni saqlash institutiga ko‘ra, 24–30-iyul oralig‘ida 57 kishi virusga chalingan.
2025-yilda virusning miya va asab tizimiga zarar yetkazadigan og‘ir shakli bilan kasallanganlarning 20 foizi vafot etgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilda 14 foiz, 2018-yilda esa yana 20 foiz bo‘lgan.
G‘arbiy Nil gemorragik isitmasi — bu xavfli virusli kasallik bo‘lib, u odamga chivin chaqishi orqali yuqadi. Og‘ir holatlarda isitma, miya va miya pardalarining yallig‘lanishi, limfa tugunlarining shishishi, shilliq qavatlarning zararlanishi va toshma (ekzantema) bilan kechadi.
Kasallik simptomlari
Aksariyat odamlar virusni sezmasdan o‘tkazib yuboradi. Ammo bemorlarning taxminan 20 foizida grippga o‘xshash simptomlar paydo bo‘ladi: tana haroratining keskin ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, tomoq, mushak, bo‘g‘im va bel og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi va diareya (ich ketishi). Shuningdek, tanada toshmalar, jigar va taloqning kattalashishi, nerv tizimi zararlanishi (meningit, ensefalit), ong buzilishi, falaj yoki qisman harakat yo‘qolishi kabi asoratlar ham kuzatilishi mumkin.
Kasallikdan maxsus davolash usuli mavjud emas. Virusga qarshi vaksina ham ishlab chiqilmagan. Hozirgacha virusning odamdan odamga yuqish holatlari qayd etilmagan.
Izoh (0)