Mashhur rassom Gustav Klimtning qariyb 100 yil davomida yo‘qolgan deb hisoblangan so‘nggi asarlaridan biri Avstriya poytaxtida topildi. “Fraulin Lizer portreti” asarining narxi taxminan 54 million dollarga baholanmoqda.
1918-yilda rassom vafotidan so‘ng, portret buyurtmachiga — boy yahudiy sanoatchilar oilasiga berilgandi. Asarning yagona fotosurati 1925-yilda Venada bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma paytida olingan, o‘shanda san’at asari hali Lizerlar oilasiga tegishli edi. Keyinchalik asarning taqdiri qanday kechgani noma’lum. Biroq, ma’lumotlarga ko‘ra, 1960-yillarda asar avstriyalik kolleksionerlardan birining mulkiga aylangan va keyin avloddan avlodga o‘tib borgan.
“Bunday noyob, badiiy ahamiyatga ega va qimmatli asar Markaziy Yevropa san’at bozorida o‘nlab yillar davomida bo‘lmagan. Avstriya haqida ham shunday deyish mumkin, u yerda bunday qiymatga ega birorta ham san’at asari yaqin orada auksionga chiqarilmagandi”, — deyiladi Kinsky auksion uyi xabarida.
Gustav Klimtning “Fraulen Lizer portreti” asari 24-aprel kuni Lizerlar oilasining vorislari nomidan kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Ungacha portret Buyuk Britaniya, Shveysariya, Germaniya, Gonkong va boshqa mamlakatlardagi xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etiladi.
Avvalroq Gustav Klimtning boshqa bir asari kimoshdi savdosida katta mablag‘ga sotilgan edi. Xususan, uning “Yelpig‘ichli xonim” kartinasi 2023-yil iyun oyida rekord darajadagi 108,4 million dollarga sotildi va u Yevropada kimoshdi savdosida sotilgan eng qimmat san’at asariga aylandi.
Izoh (0)