Pablo Pikassoning “Soatli ayol” kartinasi Sotheby’s auksionida 139 million dollarga sotildi. Bu ispaniyalik rassomning kim oshdi savdosida sotilgan ikkinchi eng qimmat asaridir.
2015-yilda Christie’s auksion uyi tomonidan sotilgan “Jazoir ayollari” turkumidagi rasmlardan biri bundan ham qimmatroqqa — 179,3 million dollarga sotilgan edi.
Kimoshdi savdosi boshlanishidan oldin “Soatli ayol” kartinasi 120 million dollarga baholangan edi. Kartinani sotib olgan xaridorning ismi oshkor etilmagan.
50 yildan ortiq vaqt davomida mazkur kartina Amerika Qo‘shma Shtatlarida taniqli san‘atshunos Emili Fisher Landau kolleksiyasida saqlangan.
Landau shu yilning mart oyida 103 yoshida vafot etdi. Uning butun kolleksiyasi yuzlab million dollar turishi ma’lum qilingan.
Izoh (0)