Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Yaman husiylariga qarshi harbiy operatsiyani tezlashtirishga chaqirdi. Bu haqda Bild xabar berdi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Yevropa Ittifoqi davlatlari tijorat yuk tashishni ta’minlash uchun Qizil dengizda imkon qadar tezroq keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazishi kerakligini aytdi.
“Deyarli har kuni Yaman husiylari Yaqin Sharqdagi urushda umuman ishtirok etmagan kemalarga tasodifiy hujum qilishadi. Bu kemalarning erkin harakatlanish bo‘yicha markaziy arteriyalaridan biriga va global savdoga zarar yetkazadi”, — dedi Berbok.
So‘nggi o‘n kun ichida AQSH armiyasi husiylarning pozitsiyalariga zarbalar bermoqda, biroq ular savdo kemalariga hujumlarni to‘xtata olmadi.
Shu munosabat bilan, Washington Post gazetasi o‘z manbalariga tayanib yozganidek, AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati husiylarga qarshi uzoq muddatli harbiy kampaniya o‘tkazish rejalarini ishlab chiqmoqda. AQSH armiyasi Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi kemalarga hujum qila olmasligi uchun husiylarning harbiy salohiyatini yo‘q qilishga urinmoqda.
“Biz husiylarni yengishga urinmayapmiz. Yamanga bostirib kirish istagimiz yo‘q. Ularning kelajakda shu kabi hujumlarni amalga oshirish qobiliyatini zaiflashtirmoqchimiz va bu shunday hujumlarni amalga oshirishga imkon beradigan infratuzilmani nishonga olishni anglatadi”, — dedi AQSHning yuqori martabali diplomati Washington Post gazetasiga.
Izoh (0)