Ukraina qo‘shinlarining “Tavriya” operativ-strategik guruhi qo‘mondoni Aleksandr Tarnavskiy Reuters agentligiga bergan intervyusida Ukraina Qurolli kuchlari artilleriya o‘qlari yetishmasligi sababli ayrim operatsiyalarni to‘xtatishga majbur bo‘lganini aytdi.
“O‘q-dorilar, ayniqsa postsovet snaryadlari bilan bog‘liq muammo bor — bular 122 mm, 152 millimetrli snaryadlar. Bugungi kunda bu muammolar butun front chizig‘ida mavjud. Bizdagi snaryadlar ehtiyojlarimizni hisobga olgan holda yetarli emas, shuning uchun biz ularni qayta taqsimlayapmiz”, — dedi Tarnavskiy.
Uning qayd etishicha, Ukraina armiyasi Rossiya bilan 22 oylik harbiy mojarodan so‘ng G‘arb davlatlarining harbiy yordamiga jiddiy bog‘liqligicha qolmoqda.
14-dekabr kuni AQSH Senati a’zosi Chak Shumer senatorlarning ta’tillarini keyinga qoldirish va Ukrainaga qo‘shimcha yordam berish bo‘yicha kelishish ustida ishlashni davom ettirish qarorini e’lon qildi. Amerika prezidenti Jo Bayden Ukrainani moliyalashtirish uchun 61,4 milliard dollar sarflashni taklif qildi.
15-dekabr kuni YI davlatlari Vengriyaning qarshiligi tufayli Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida yordam berish bo‘yicha kelisha olmadi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari bu masalaga faqat keyingi yil qaytishi mumkin.
Izoh (0)