Qozog‘iston uzoq, boy va murakkab tarixga ega bo‘lsa-da, uning juda oz qismi o‘ziga xos tarzda to‘liq tan olingan davlatdir. Dastlab, hozir Qozog‘iston deb nomlanuvchi ulkan hududda hind-yevropa, turk va mo‘g‘ul millatiga mansub ko‘chmanchi qabilalar yashagan. Bu hududda 18-asrda chor Rossiyasi hukmronlik qildi. 19-asrda esa Sovet Ittifoqi tarkibiga qo‘shildi. Faqat 1991-yilda Qozog‘iston qonuniy chegaralariga ega bo‘lib, SSSRdan mustaqil haqiqiy davlatchilikka erishdi.
Qabilalar davrida Qozog‘iston deyarli butunlay ko‘chmanchi jamiyat bo‘lib, odamlar chorva mollari uchun yangi yaylovlar izlab, keng dashtlar bo‘ylab otlarga minib yurishardi. Keng “qozoq” hududlari “qozoq” aholi punktlariga bir necha bor hujum qilgan mo‘g‘ul jungarlari kabi ko‘plab qo‘shnilarning e’tiborini tortdi. “Qozoq” mintaqasi ham chor Rossiyasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hududga aylandi, u tezda qozoq dashtlarini o‘z nazoratiga oldi. Rejim qozoqlarni asosan qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lgan, ko‘chmanchi bo‘lmagan faoliyatga jalb qilishga qaratilgan siyosatni amalga oshirdi.
Qariyb ikki asr davomida Rossiyaning “sharqiy qishloq xo‘jaligi hududi” bo‘lgan Qozog‘iston SSSR tarkibiga o‘tkazilgandan so‘ng tezda sanoat markaziga aylandi. “Qoloq” deya ta’riflangan Osiyo mamlakati tezda Butunittifoq iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shdi va Ikkinchi Jahon urushi yillarida Sovet Armiyasiga katta miqdorda oziq-ovqat, ko‘mir, metall va boshqa strategik resurslar bilan “yordam berdi”.
Sovet Ittifoqi davrida Qozog‘iston totalitar Sovet hukumati tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy tajribalarni boshdan kechirdi. Bu tajribalar majburiy kollektivlashtirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, Orol dengizining qurishi va Semipalatinskda o‘tkazilgan yadroviy sinovlarni o‘z ichiga olgan.
Stalin davrida, ayniqsa, azob-uqubatlar dahshatli edi - ikki milliondan ortiq qozoqlar ochlik, kasallik va qatllardan halok bo‘ldi. Yana bir million kishi o‘z vatanidan surgun qilingan. Stalin nemislar, polyaklar, yahudiylar, koreyslar va boshqa guruhlarning butun jamoalarini qozoq hududiga majburan ko‘chirgan. Yangi yerlarni o‘zlashtirish kompaniyasi, Orol dengizini quritish va Semipalatinsk viloyatidagi termoyadro portlashlari (ularning ba’zilari Xirosimaga tashlangan atom bombasidan 20 baravar kuchliroq) 1980-yillarda katta ekologik inqirozga olib keldi.
1986-yil dekabr oyida qozoq xalqining Moskva tomonidan qabul qilingan avtoritar qarorlarga bosh egib, ko‘nib yurishi tugab, nihoyat hukumatga qarshi namoyishlarga aylandi. Yoshlar, asosan, kollej talabalari, Qozog‘iston Respublikasi rahbari lavozimiga Gennadiy Kolbin ismli etnik rusning tayinlanganidan noroziligini bildirish uchun Olmaota ko‘chalariga chiqdi. Avvalroq bu lavozimda qozog‘istonlik Dinmuhammad Qo‘naev faoliyat yuritgandi. Kolbinning tayinlanishi qozoq xalqiga nisbatan haqorat va sitamlar oqimining so‘nggi tomchisi bo‘ldi.
Qozog‘iston haqiqiy mustaqillik orzusiga erishgunga qadar yana besh yil kerak bo‘ldi. Nihoyat, 1991-yil 16-dekabrda Qozoq Sovet Respublikasi tugatilib, uning o‘rnida bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan jamiyatga o‘tishni boshlashga qaror qilgan mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
Mustaqillikning dastlabki kunlari eyforiyadan yiroq edi. Ba’zida mamlakatning omon qolishi shubha ostiga olinardi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Qozog‘iston giperinflyatsiya, do‘konlardagi bo‘sh javonlar, hukumatning asosiy ijtimoiy nafaqalarni to‘lay olmasligi, malakali odamlarning Yevropaga ommaviy ravishda chiqib ketishi va siyosiy beqarorlik kabi og‘riqli muammolarga duch keldi. Ammo vaqt o‘tishi bilan, mehnat va neft kabi tabiiy resurslardan foydalanishga tayyor bo‘lgan Qozog‘iston asta-sekin barqarorlasha boshladi. Yosh xalq uchun ortga qaytishga yo‘l yo‘q edi. Oldinga borish orqali SSSRning ko‘p yillik tizimlari va yordamlarisiz qanday rivojlanish mumkinligini anglashga harakat qilindi.
Qozog‘iston mustaqillikka erishgunga qadar iqtisodiyoti maqsadli ravishda qazib oluvchi sanoat asosida qurilgan davlat edi. Sovet davrida Qozog‘iston SSSRning markazlashgan tizimiga yuqori darajada ixtisoslashgan xomashyo yetkazib beruvchi sifatida bog‘lab qo‘yildi.
Shuningdek, u og‘ir sanoat uchun joy va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish uchun hudud bo‘lib xizmat qildi. Sovet ishlab chiqarish modeli va noqulay transport infratuzilmasi Qozog‘istonni kimyoviy, mashinasozlik, oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlari kabi noneft mahsulotlari bo‘yicha boshqa respublikalarga qaram qilib qo‘ydi.
1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganda Qozog‘iston boshqa o‘n to‘rt respublika qatori mustaqil davlat sifatida yangi va nomaʼlum yo‘lga chiqdi. Iqtisodiy tartibsizlikka duch kelgan Qozog‘iston o‘zining sanoat tuzilmasini qayta qurish va import raqobatiga bardosh bera olmaydigan sanoat tarmoqlariga – mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo, yengil sanoat va shu kabilarga sarmoya kirita olmadi.
Buning o‘rniga mamlakat neft-gaz, qora va rangli metallurgiya kabi tarmoqlarni rivojlantirishga eʼtibor qaratdi. Bu tarmoqlar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning katta oqimini nisbatan tez jalb etishga, eksport imkoniyatlarini o‘zlashtirishga, tez pul mablag‘larini olib kirishga, mamlakat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashga va aholi turmush darajasini saqlab qolishga yordam berdi. O‘shandan beri Qozog‘iston iqtisodiy o‘sishining katta qismi tabiiy resurslardan foydalanishga asoslanib kelmoqda.
Neft va boshqa xom ashyo narxlarining vaqti-vaqti bilan tushib ketishi Qozog‘istonning tashqi ta’sirlarga nisbatan zaifligini oshirdi va mamlakat daromad bazasini cheklab qo‘ydi. Misol uchun, 1998-yilda Rossiyadagi iqtisodiy tanazzul va neft hamda metall narxining keskin pasayishidan keyin Qozog‘istonning real YIM 2,5% ga qisqardi.
Bu pasayish Qozog‘iston iqtisodiy ishlab chiqarishning ommaviy pasayishining dastlabki og‘ir yillaridan tiklanganidan keyin sodir bo‘ldi. 2014-yilda yana bir “neft zarbasi” Qozog‘istonning iqtisodiy va sarmoyaviy istiqbollariga ta’sir ko‘rsatdi, bu esa Milliy bankni valyutani devalvatsiya qilishga, hukumatni esa muhim ijtimoiy dasturlarga xarajatlarni qisqartirishga majbur qildi.
Bu muammolar Qozog‘istonning ko‘proq diversifikatsiyalangan o‘sishni rag‘batlantirish va qazib oluvchi sanoatga qaramligini kamaytirish bo‘yicha aniq siyosat ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatdi.
Osiyo taraqqiyot banki hisob-kitoblariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, neft konlari xizmatlari va tranzit savdosi kabi muhim noneft sektorlaridagi izchil islohotlar Qozog‘istonning o‘sish sur’atlarini har yili 2,1 foizga oshirishi mumkin edi. Hukumatning yillik o‘sish sur’atini 4-5 foizga yetkazish maqsadini hisobga olsak, bu islohotlarni amalga oshirish nihoyatda muhim bo‘lardi.
Qozog‘iston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish bo‘yicha birinchi urinishlar 1997-yilda rasmiylar Barqaror rivojlanish bo‘yicha Milliy kengash tuzgan paytda kuzatildi. Kengash Qozog‘iston iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish uchun neftdan qanday foydalanishi kerakligini aniqlashga qaratilgan hukumat organi edi. 2001-yilda hukumat mamlakatning neft daromadlarini ushlab turish uchun Qozog‘iston Respublikasi Milliy jamg‘armasi - Neft fondini tashkil etdi. Neft jamg‘armasining asosiy maqsadi budjet daromadlarini barqarorlashtirish, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish edi.
2003-yilda noneft sektorlariga investitsiyalarni ko‘paytirish maqsadida hukumat davlat tomonidan yo‘naltirilgan sanoat siyosatini qabul qilish yo‘lini tanladi. Birinchidan, hukumat “2003-2015 yillarda Qozog‘iston Respublikasining sanoat innovatsion rivojlanish strategiyasi” deb nomlangan o‘n ikki yillik rejani e’lon qildi. Maqsadli tarmoqlarni rag‘batlantirish orqali iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga erishish uchun ishlab chiqilgan rejada o‘n ikki yil davomida ishlab chiqarishda o‘rtacha yillik real o‘sish sur’atini 8 foizni tashkil etishni ta’minlash kabi juda katta maqsadlar qo‘yilgandi.
Strategiyaning asosi sifatida hukumat noneft sektorlariga sarmoya kiritishga yordam beradigan beshta agentlikni tashkil etdi. Bu agentliklar, xususan, texnologik loyihalarni moliyalashtirish va xususiy investorlar uchun xavflarni minimallashtirishga yordam berishlari kerak bo‘lgan Investitsiya jamg‘armasi va Milliy innovatsiyalar jamg‘armasini o‘z ichiga olgandi. Bu muassasalar oziq-ovqat, metallurgiya, mashinasozlik va to‘qimachilik kabi sohalarda “texnologik klasterlar”ni rivojlantirishga ham mo‘ljallangan edi.
Qozog‘istonning strategik rejalar va davlat dasturlarini ishlab chiqish tajribasi 2010-yilda hukumat tomonidan “Majburiy industrial-innovatsion rivojlanish davlat dasturi” qabul qilinganda ham davom etdi. Dastur iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va infratuzilma, kadrlar tayyorlashga sarmoya kiritish orqali uning diversifikatsiyasini rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
2012-yilda hukumat “Strategiya 2050”ni qabul qildi va u Qozog‘istonni xususiy sektor tomonidan boshqariladigan, bilimga asoslangan iqtisodiyotga ega davlatga aylantirish maqsadini qo‘ydi. O‘shandan beri Qozog‘iston hukumati tomonidan qabul qilingan ko‘plab o‘rta muddatli strategik rejalarda diversifikatsiya va texnologik rivojlanish bilan bog‘liq maqsadlar yana bir bor ta’kidlangan.‘
Shu kunlarda Qozog‘istonning iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish umidlari prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga bog‘langan. To‘rt yildan ko‘proq vaqt oldin lavozimga kirishganidan buyin To‘qayev o‘zini siyosiy va iqtisodiy islohotchi sifatida ko‘rsatdi. Uning islohotga yondashuvi tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirishga urinish va yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisod uchun poydevor yaratishga harakat qilishni o‘z ichiga oladi.
O‘zining so‘nggi “Qozog‘iston xalqiga Murojaatnoma”sida To‘qayev Qozog‘istonning sanoat kelajagini belgilab beruvchi va mamlakatga uzoq kutilgan taraqqiyot olib keladigan iqtisodiy siyosatga keng ko‘lamli yondashuvni taklif qildi. Xususan, u Qozog‘istonda qayta ishlash sanoatini rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni eʼtiborga olish kerakligini taʼkidladi. Qozog‘iston iqtisodiy taraqqiyot dvigateli sifatida foydalanishni rejalashtirgan tarmoqlar sirasiga metall ishlab chiqarish, neftni va gazni qayta ishlash, og‘ir mashinasozlik, uranni konvertatsiya qilish va boyitish hamda o‘g‘itlar ishlab chiqarish kiradi.
To‘qayev o‘z murojaatida tog‘-kon sanoatiga hukumat va investorlar tomonidan alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Prezidentning fikricha, foydali qazilmalar sanoati Qozog‘istonda “yangi neft”ga aylanishi kerak. To‘qayev mamlakatning “noyob yer” ne’matlarini o‘zlashtirishga tayyor bo‘lgan mahalliy va xorijiy investorlarga soliq imtiyozlari berishga va’da berdi.
Prezident Murojaatnomasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sanoati ham alohida o‘rin tutdi. To‘qayev mazkur tarmoqlarda qishloq xo‘jaligi xom ashyosidan farqli ravishda, qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga chaqirdi. Kelgusi uch yil ichida qishloq xo‘jaligining umumiy hajmining 70 foizini qayta ishlangan yuqori qiymatga ega ushbu mahsulotlar tashkil etishi zarurligini vazifa sifatida qo‘ydi.
To‘qayev energiya ishlab chiqarishga oid muhim mavzuni chetlab o‘tmadi. Prezident o‘z nutqida energiya xavfsizligi, GESlarni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, tabiiy gazni qayta ishlash kabi muhim masalalarga to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, bular mamlakatning yangi iqtisodiy rivojlanishida ustuvor yo‘nalishlarga aylanishi kerak. U, shuningdek, Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha “nozik” masalani ko‘tarib, bu borada jamoatchilik muhokamalarini boshlashga chaqirdi.
To‘qayev mamlakatni turizmni kuchaytirish va samarali transport aloqalarini yaratish strategiyasining bir qismi sifatida “ilg‘or loyihalar”ni amalga oshirishga undadi. Shuningdek, u IT sohasini yanada rivojlantirish va Qozog‘iston iqtisodiyotini (va umuman jamiyatni) raqamlashtirishni Vazirlar Mahkamasi oldidagi ustuvor vazifalar sifatida belgilab berdi.
To‘qayev o‘z murojaatida Qozog‘istonning sanoat kelajagini belgilab beruvchi va mamlakatga uzoq kutilgan taraqqiyot olib keladigan o‘n beshta yirik loyihani amalga oshirishni umumiy maqsad qilib qo‘ydi.
Qozog‘iston mustaqil davlat bo‘lganidan buyon o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida uning siyosatchilari ko‘plab iqtisodiy modellarni o‘zlashtirib, ko‘plab iqtisodiy dasturlarni o‘ylab topdi. Ushbu model va dasturlar iqtisodiy o‘sishni oshirish, moliyaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga ko‘maklashish va xalq farovonligini oshirishdan iborat edi.
Bu sa’y-harakatlar haqiqatan ham iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘ldi, biroq Qozog‘iston iqtisodiyoti hali ham qazib olinadigan yoqilg‘i ishlab chiqarishga qattiq bog‘liqligi haqiqat bo‘lib qolmoqda. Energetikadan tashqari tarmoqlarning rivojlanishi sekin kechdi. Iqtisodiyot xomashyo eksportiga tayanishda davom etmoqda.
Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, bu hali ham yalpi ichki mahsulotning katta qismi neft va gaz daromadlaridan keladigan iqtisodiyot. Energiya narxining o‘zgarishi va ishlab chiqarishdagi uzilishlarga moyil bo‘lgan, qo‘shni Rossiyaning kuchli ta’siri ostidagi iqtisodiyot.
Shuningdek, ko‘p ishchi kuchi talab qilmaydigan va shuning uchun nisbatan oz sonli odamlarni ish bilan ta’minlaydigan iqtisodiyotdir. Afsuski, qishloq xo‘jaligi, qurilish va savdo kabi noneft tarmoqlari yuqori bandlik salohiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, yetarlicha investitsiya kiritilmaganligicha qolmoqda va ko‘pincha mavsumiy, qisqa muddatli shartnomalar uchun qayd etilmagan ishchi kuchidan foydalanmoqda.
1998 va 2008-yillardagi global moliyaviy inqirozlar Qozog‘istonning neftga qaramligi oxir-oqibatda xalqni tushkunlikka tushirishini yaqqol ko‘rsatdi. 2015-yilda neft narxining yana bir pasayishi ham Qozog‘iston iqtisodiyotini o‘sish yo‘lidan burib yubordi. Prezident To‘qayevni neftga haddan tashqari qaramlikni tugatish uchun iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga urinayotgani uchun olqishlash kerak. Diversifikasiyaning o‘zi Qozog‘istonning barcha muammolarini hal eta olmaydi.
O‘n yillik iqtisodiy o‘sishga qaramay, Qozog‘istonda ko‘pchilik hali ham o‘z kelajagiga umidsizlik bilan qaraydi. Qozog‘iston fuqarolari arzon uy-joy yetishmasligi, oziq-ovqat narxining yuqoriligi, ish bilan ta’minlanmaganligi, korrupsiya muammolari va tengsizlik darajasining o‘sishi bilan kurashishda davom etmoqda. Iqtisodiy rejalar aholi ehtiyojlarini qondirish va ularning ishonchini ta’minlashni hisobga olishi kerak.
Qozog‘iston hukumati uzoq vaqt odamlarning haqiqiy hayotiy tajribasiga mos kelmaydigan choralarga tayanib keldi. Prezident To‘qayevning o‘zgarishlarga sodiqligi bilan Qozog‘iston hukumati oldida xalqning haqiqiy ehtiyojlarini qondirishga e’tibor qaratish imkoniyati bor.
Yaxshiroq infratuzilma va yashash sharoitlarini yaratuvchi, aholi bandligi yuqori bo‘lgan sanoatni qo‘llab-quvvatlovchi hamda neft va gazning muqobil variantlarga e’tibor qaratuvchi chuqur o‘rganilgan va o‘ylangan yondashuvlar talab etiladi. Iqtisodiyotni yaxshilash mumkin, lekin faqat innovatsion fikrlash va real harakatlarga sodiqlik bilan bunga erishiladi. Prezidentning yaqinda qilgan murojaati Qozog‘istonda haqiqiy o‘zgarishlar yuz berayotganiga umid baxsh etadi.
Qozog‘iston mustaqillikka erishish yo‘lida mardonavor qadam tashlaganiga 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi. 1991-yildan keyingi yillar oson bo‘lmagan bo‘lsa-da, ular, albatta, katta tajriba berdi.
Qozog‘iston so‘nggi 32 yil ichida o‘z sanoati, iqtisodiyoti va madaniyati bo‘yicha beqiyos rivojlandi. Bugun Olmaota yoki Ostona ko‘chalarida sayr qilsangiz, mamlakat yaqinda SSSR soyasida bo‘lganini tasavvur qilish qiyin. Chet eldagi ko‘plab qozoqlar o‘z vatanlariga qaytishdi, qozoq tili jonlanmoqda, mamlakat aholisi birinchi marta 20 milliondan oshdi. Bu aholi orasidan ilg‘or islohotlarni, haqiqiy o‘zgarishlarni amalga oshiradigan bilimli, aqlli yoshlar avlodi yetishib chiqishiga umid qilish mumkin.
Bir paytlar mag‘rur ko‘chmanchi chavandozlar bo‘lgan qozoqlar yana o‘z hududlarida yakdil millat va birdam xalq tuyg‘usi bilan bemalol kezib yuribdi. Kelajakning ehtiyojlari hali katta, islohot va diversifikatsiya vazifalari oson bo‘lmaydi. Ammo Qozog‘iston hech qachon oson yo‘lni bosib o‘tmagan, uning xalqi duch kelgan qiyinchiliklarga qaramay muvaffaqiyatga erisha olishini qayta-qayta isbotlagan. Buni alohida 16-dekabr kuni, umuman olganda esa butun yil davomida nishonlashga arziydi.
Assel Nussupova
Izoh (0)