BMT hisobotiga ko‘ra, 2050 yilda 6 milliardga yaqin odam suv tanqisligidan aziyat chekadi. Olimlarning ta’kidlashicha, avval tarixda neft ustida urushlar sodir bo‘lgan bo‘lsa, yaqin kelajakda suv uchun urushlar yuzaga kelishi mumkin. O‘z navbatida Yevrosiyo materigining markaziyda joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasida ham suv muammosi tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Ayniqsa, Afg‘onistonda barpo etilayotgan Qo‘shtepa kanali ushbu muammoni yanada chuqurlashtirdi.
“Daryo” Markaziy Osiyoda tobora kuchayib borayotgan suv muammosi, “Tolibon” tomonidan qurilayotgan kanal masalasi va bu loyihani dastaklayotgan parda ortidagi kuchlar haqida siyosatshunoslar Oybek Sirojov va Suhrob Bo‘ronovlar bilan suhbatlashdi.
– Markaziy Osiyodagi asosiy suv muammosining bugungi holati qanday ahvolda?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Markaziy Osiyo joylashuvi va tabiati nuqtai nazardan o‘ziga xos mintaqa. Bu mintaqada cho‘l hududlar yoki past tekisliklar katta qismni tashkil etadi. Shuning uchun sunʼiy sug‘orish ilk bor aynan shu hududda kashf qilingan. Yaʼni insoniyat shu mintaqada hayot kechirishni boshlaganidan beri suv masalasi birinchi o‘rinda turgan. Bugun suv taqchilligi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda global bir muammoga aylandi. Ushbu muammoni iqlim o‘zgarishi dolzarblashtirib yubormoqda. Suvga bo‘lgan ehtiyojning ham oshib borayotgani masalani yanada chigallashtiradi.
Aslida Markaziy Osiyoda suvdan ratsional foydalanish eng aktual muammo hisoblanadi. BMTning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi tashkilotining maʼlumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda kishi boshiga 2,3 ming kub metr suv to‘g‘ri kelar ekan. Bu dunyo bo‘yicha olganda yomon ko‘rsatkich emas. Markaziy Osiyodagi mamlakatlar dunyoda eng ko‘p suv ishlatuvchi davlatlar qatoriga kiradi. Keling, buni davlatlar kesimida ko‘rib chiqsak. Bir yil davomida Turkmaniston – 5319 ming kub metr, Qozog‘iston – 2345 ming kub metr, O‘zbekiston – 2295 ming kub metr, Qirg‘iziston –1989 ming kub metr, Tojikiston – 1895 ming kub metr suv ishlatadi. Bu rivojlangan davlatlarda ishlatilayotgan suvdan 2-3 barobar ko‘p hisoblanadi. Demak, bu yerda asl muammo suvdan ratsional foydalanishda.
Suhrob Bo‘ronov, siyosatshunos:
– Darhaqiqat, suv masalasi – bu kelajak masalasidir. Bu muammo nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki siyosiy va xavfsizlik masalalari bilan bevosita bog‘liq. So‘ngi vaqtlarda suvdan siyosiy qurol sifatida foydalanish jarayonlari ko‘proq sodir bo‘lmoqda. Xususan, bunga doir bir qancha nazariyalar mavjud. Misol uchun, Alfred Myunxen o‘zining “Dengiz qudratining tarix uzra taʼsiri” deb nomlangan kitobida, Sea power (Dengiz qudrati) nazariyasi ilgari suradi. Bu nazariyaga ko‘ra, klassik geosiyosatda quruqlikdagi maʼlum hududlarni taʼsir doiraga olish muhim ro‘l o‘ynagan bo‘lsa, keyinchalik dengiz hududlarini egallash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yoki bo‘lmasa, Nikolas Speakman Rim Led deb atalgan nazariyani ilgari surgan. Unga ko‘ra, Yevrosiyoning qirg‘oq bo‘yi hududlarini kim qo‘lga olsa, o‘sha Yevrosiyo materikini boshqaradi. Yevrosiyoni boshqargan esa dunyoni boshqaradi. Men bu fikrni biroz o‘zgartirib, shunday degan bo'lar edim:
“Kim Yevrosiyo suvlarini nazorat ostiga olsa, unda dunyoni boshqarish kaliti paydo bo‘ladi”.
Nega bunday deyapman? Chunki 2050-yilga borib suv uchun kurash nihoyatda dolzarb masalaga ko‘tarilishi mumkin. Bu kurash Yevrosiyo markazi hisoblangan Markaziy Osiyoda ham yuz berishi mumkin. Sababi, global iqlim o‘zgarishi va aholi sonining ko‘payib borayotgani muammoni jiddiylashtiradi. Hozir Markaziy Osiyo mintaqasida Orol dengizi muammosi mavjud. Hatto, maʼlumotlarga ko‘ra Kaspiy dengizi yiliga 20 santimetrdan pastlab bormoqda. Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati atroflarida cho‘llanish holatlari kuzatilmoqda. Bunga daryo suvlarining kamayishi yoki iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lgan. Qolaversa, Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanalining barpo etilishi ham mintaqadagi suv masalasini dolzarblashtirmoqda.
– Mintaqamizdagi suv muammolariga taʼsir etuvchi tashqi aktorlar mavjudmi? Ularning maqsad-muddaolari nima?
Suhrob Bo‘ronov, siyosatshunos:
– Markaziy Osiyoda suv muammosiga taʼsir etuvchi to‘rtta asosiy aktor mavjud. Bular: Rossiya, Xitoy, Eron va AQSH. Rossiya Markaziy Osiyo mintaqani o‘zining tarixiy taʼsir hududi deb hisoblaydi. Masalan, Orol fojiasi bo‘yicha bir maʼlumot bor. 1872-yilning noyabr oyida Turkiston general gubernatori Fon Kaufman Rossiya imperatori Aleksandir II ga shunday maktub yo‘llaydi:
“Biz shunday yo‘l tutmog‘imiz kerakki, Amudaryo va Sirdaryoning suvlari Orolga yetib bormasin. Bu daryolarning suvi oxirgi tomchisigacha paxta dalalarini sug‘orish uchun sarflansin. Daryo suvlari paxta dalalariga singib ketaversa, ko‘p o‘tmay Orol dengizi quriydi. Keyin Orolni to‘ldirish uchun Sibir daryolarini burib kelamiz. Ana shundagina, Turkistonning Rossiyaga qaramligini abadiy saqlab qolishimiz mumkin”.
Orol dengizining taqdirini mana shu xatning mazmun-mohiyati ko‘rsatib beradi. Menimcha, Rossiyaning Amudaryo va Sirdaryo suvlariga taʼsir ko‘rsatmasligiga hech kim kafolat bermasa kerak.
Xitoy omiliga to‘xtaladigan bo‘lsak, Xitoy ham mintaqamizdan manfaatdor bo‘lgan davlatlardan biri. Ayniqsa, Tojikistondagi Sarez ko‘li bilan bog‘liq masala juda nozik. Sababi, Sarez ko‘li o‘zida 19 million kub metr suvni jamlagan. Agar bu to‘g‘on yorilsa, quyi oqimda joylashgan davlatlar uchun juda katta xavf vujudga keladi. Bu to‘g‘on solishtirganda Sardoba suv omboridan 15 barobar katta. Maʼlumotlarga ko‘ra, Tojikiston Sarez ko‘lini “ilmiy tekshirish” maqsadida Xitoyga berib yuborgan. Lekin bu maʼlumotni Tojikiston rasmiylari rad qilmoqda. Agar haqiqatdan ham Xitoy bu ko‘lni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kelajakda bu orqali taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Eronning bir vaqtlar “Katta Eron” deb nomlangan loyihasi bo‘lgan. Bu loyihaga ko‘ra, Tojikiston va Afg‘oniston hududidagi daryolar Erondan o‘tuvchi daryolar bilan bog‘lanishi kerak edi. Bu g‘oya 1989-yil Sovet Ittifoqi armiyasi Afg‘onistonni tark etgach o‘ylab topilgan. 1991-yilda SSSR parchalangach, Kaspiy dengizidan foydalanish bo‘yicha Eron bilan hamkorlik qiladigan davlatlar ko‘paydi.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Mintaqada suv zaxiralari asosan Qirg‘iziston va Tojikistonda. Taxminlarga ko‘ra, 93 foizdan ortiq suv shu mamlakat hududida yig‘iladi. Bu davlatlar yozda suvni yig‘ib, qishda elektr energiya ishlab chiqarish uchun bundan foydalanadi. Yaʼni qo‘shni davlatlarga suv kerak bo‘lganida, ular suvni o‘zida saqlaydi. Bu muammoni yechish uchun ayrim ishlar qilindi. Aslida bu muammoni yechsa bo‘ladi. Bu yerda tashqi aktorlarning taʼsiri seziladi. Tashqi aktorlar mana shu muammolardan foydalanib, turli kuchlarni qitiqlashi mumkin. Tashqi kuchlar bundan manfaatdor. Mintaqa davlatlari tashqi kuchlarga mana shunday imkoniyatni berishi kerak emas.
– Demak, mintaqaga taʼsir o‘tkazishni istagan tashqi kuchlar o‘z taktikasini o‘zgargan?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Tashqi kuchlar muammolarni ichimizdan chiqarmoqda. Bu muammolarni jiddiylashtirishdan ular manfaatdor. Shuning uchun Markaziy Osiyoning 5 ta respublikasi o‘zaro kelishib, muammolarga yechim topishimiz kerak.
Suhrob Bo‘ronov, siyosatshunos:
– Shu yerda bir misol keltiraman. O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan ham chegara, ham suv muammosini kelisha oldi. Oybek aka aytganidek, mintaqa davlatlari muammolarni hech qanday tashqi kuchlarning aralashuvisiz, o‘zaro hal qilishi kerak. Mana biz Qirg‘iziston bilan kelisha oldik. Boshqa davlatlar ham buni amalga oshirishi kerak.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Markaziy Osiyoda chegara muammosi, suv muammosi kabi juda dolzarb hisoblanadi. Kuni kecha Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 20 kilometrlik bahsli hisoblangan hudud masalasi o‘zaro kelishib olindi. Bir necha yil oldin bu ikki davlat o‘rtasida chegaradagi muammo tufayli to‘qnashuvlar yuz bergan edi. Ko‘rib turpmizki, o‘zaro muloqot orqali muammolarni hal qilsa bo‘ladi. Faqat bu yon berishlar orqali amalga oshiriladi!
– Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanalining ortida qanday geosiyosiy kuchlar turibdi?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Bu loyiha ortida geosiyosiy kuchlar turgani aniq. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng ayrim geosiyosiy kuchlar mintaqadagi muammolarni yuzaga chiqarib, shu muammoni yechish uchun uchinchi tomon sifatida qo‘shildi. Albatta, ular o‘z manfaatlarini shu orqali qondirishdi. Ochiq aytish kerak, bu harakatlar Rossiya va Xitoy tomonidan amalga oshirildi.
Afg‘onistondagi kanalga to‘xtalsak, uni barpo etish uchun tashqi davlatlarning texnikasi jalb qilingan. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish uchun 1 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflangan. Tabiiyki, bunday katta mablag‘ Afg‘onistonda mavjud emas. Menimcha, tashqi kuchlar shu muammoni yuzaga keltirib, keyinchalik uni yechish uchun arbitr sifatida qatnashmoqchi. Yaʼni bu yerda iqtisodiy manfaatdan ko‘ra, siyosiy manfaat ustunlik qilmoqda.
Yuqorida aytganimdek, Markaziy Osiyoda suvdan ratsional foydalanish juda dolzarb muammo. Aynan Qo‘shtepa kanalining qurilishi ham suvdan ratsional foydalanish tamoyillariga mutlaqo zid. Shu nuqtai nazardan, bu loyiha juda murakkab ekanligi ko‘rinmoqda.
Suhrob Bo‘ronov, siyosatshunos:
– So‘nggi vaqtlarda Qo‘shtepa kanali siyosiy munozaralarning markazida bo‘lib turibdi. Kanalning qurilish jarayoni va uning tezkorligini hisobga olib taxmin qilsak, bu ko‘proq siyosiy loyiha ekanligini ko‘rish mumkin. Agar “Tolibon” bu loyihani qo‘shni mamlakatlar bilan kelishib, keyin amalga oshirganida, bu masala oydinlashgan bo‘lar edi. “Tolibon” bu masalani na qo‘shni mamlakatlar bilan, na xalqaro hamjamiyat bilan kelishmagan holda amalga oshirmoqda.
Loyiha ortida qanday kuchlar turgan bo‘lishi mumkin? Qo‘shtepa kanalini qurish loyihasi “Tolibon” hokimiyatga kelishidan oldin ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha proyekti USAID kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ayrimlar bu loyiha ortida Xitoy turganini aytmoqda. Shaxsan men Xitoy degan fikrdan biroz yiroqman. Ko‘pchilik so‘nggi vaqtlarda Xitoy “Tolibon” bilan yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ygani uchun shunday fikrga kelmoqda. Biroq “Tolibon” va Eron o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuv va “Tolibon” bilan Pokiston o‘rtasida yuz bergan suv masalasidagi mojarodan ko‘rish mumkinki, “Tolibon” suvdan qo‘shni davlatlarga bosim o‘tkazish vositasiga aylantirgan. Shuning uchun bu jarayonlarni ham eʼtiborga olish kerak.
– Qo‘shtepa kanali Markaziy Osiyo mamlakatlarining xavfsizligiga qanday taʼsir ko‘rsatadi?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Albatta, jiddiy taʼsir ko‘rsatadi. Buning ortidan qo‘shnilar o‘rtasida ayrim nizolar kelib chiqishi mumkin. Bunday muammolarni yechishda o‘zaro kelishuvga borish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu yerda 3 ta muhim jihat mavjud. Birinchisi – mana shunday katta muammolar bir vaqtni o‘zida mintaqa davlatlarini bo‘lib yuborishi mumkin. Va bir vaqtning o‘zida mintaqa mamlakatlarining integratsiyasiga sabab bo‘lishi mumkin. Aslida bu muammoni bitta davlatning o‘zi yecha olmaydi.
Ikkinchisi – agar Markaziy Osiyo davlatlari suvdan foydalanishda tejamkor texnologiyalardan foydalanishni yo‘lga qo‘ysa, mintaqadagi 56 foiz suvni tejash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bugungi kunda mintaqadagi suv tarmoqlari juda eskirgan va ularni modernizatsiya qilish kerak. Agar mintaqa mamlakatlari birgalikda harakat qilsa, ana shunda natija bo‘ladi.
– Bugun mintaqa davlatlarida siz aytayotgan birlashuv bormi?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Birlashishda maʼlum bir qadamlar bor. Lekin bu tashlangan qadamlar hali jiddiylashmagan! Misol uchun, suv masalasida delegatsiyalar o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Biroq biror natijaga erishilgani haqida xabar yo‘q.
Bundan tashqari, “Tolibon” kanalni qolgan qismini betonlashtirish masalasini ochiq qoldirmoqda. Shuningdek, Qo‘shtepa kanali atrofida qo‘shimcha daryolar barpo etilishi kerak. Buni hali texnik jihatlari ham bor…
Suhrob Bo‘ronov, siyosatshunos:
– 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatga kelib, AQSH qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan keyin, Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasiga taʼsir qiluvchi omillar paydo bo‘ldi. Mana shulardan biri – bu suv muammosi. “Water Intelechens” maʼlumotlarga ko‘ra, bir yilda global suv bozorida aylanadigan daromad qurol savdosidan keladigan mablag‘lar bilan tenglashib qolgan. Agar suv masalasi dolzarblashtirsa, hademay suv neftni o‘rnini bosuvchi bir vositaga aylanishi mumkin. Shu jihatdan Qo‘shtepa kanali, Amudaryoning quyi oqimida joylashgan mamlakatlarga o‘z taʼsirini ko‘rsatish ehtimoli juda katta.
– O‘zbekistonda “Tolibon”ga taʼsir o‘tkaza oluvchi vositalar mavjudmi?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– O‘zbekistonni “Tolibon”ga taʼsir o‘tkaza oluvchi bir qancha vositalari bor. Misol uchun, O‘zbekiston Afg‘oniston shaharlarini elektr energiya bilan taʼminlaydi. Bundan tashqari, Afg‘onistonga kiritilayotgan gumanitar yordamlarning aksari O‘zbekiston orqali o‘tadi. Chunki Afg‘onistonga kiradigan yagona temiryo‘l aynan O‘zbekistonda mavjud.
Birinchi maʼmuriyat davrida O‘zbekiston Afg‘onistondan butunlay ihotalangan edi. Buning obyektiv va subyektiv omillari mavjud bo‘lgan. Bugungi maʼmuriyat Afg‘onistonga yangicha yondashuvlar bilan qaramoqda va bu mamlakatni muammolar o‘chog‘idan muloqot orqali olib chiqmoqchi. Bir jihatdan bunday siyosat o‘zini oqlaydi. Chunki Afg‘oniston hali o‘zlashtirilmagan juda katta bozor hisoblanadi. Agar qaysidir mamlakat Afg‘oniston bilan iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ysa, bundan O‘zbekiston foyda ko‘radi. Sababi, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh.
Yuqorida aytilgan muammolar “Tolibon” uchun ham sinov hisoblanadi. Chunki ularda hali ichki va tashqi siyosat yuritishda tajriba yetarli emas. Ichki va tashqi siyosat yuritish, dalada urush olib borishdan ko‘ra murakkab masala hisoblanadi. Mana shunday vaziyatda Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘onistonni o‘z holiga tashlab ham qo‘ya olmaydi. Chunki Afg‘onistonda yana beqarorlikni paydo bo‘lishi bizni manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi. Markaziy Osiyo integratsiyasini tom maʼnoda Afg‘onistonsiz ham tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun “Tolibon” harakatini o‘zaro muloqotlarga chorlash kerak.
– Agar O‘zbekiston “Tolibon”ga taʼsir etuvchi omillarni qo‘llasa, “Tolibon” biz bilan nizoga borishi mumkinmi? Misol uchun, “Tolibon” Eron va Pokiston bilan urush holatigacha bordi.
Suhrob Bo‘ronov, siyosatshunos:
– Albatta, “Tolibon” O‘zbekiston bilan ham nizoga borishi mumkin deb hisoblayman. “Tolibon” mintaqada qoldirib ketilgan Troya otiga o‘xshaydi. Oxirgi vaqtlarda “Tolibon”ning qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarida muammolar ko‘paydi. Mana shuni ham eʼtiborga olish zarur.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– “Tolibon”da shunday bir dunyo qarash shakllanganki, unga kimdir qattiq muomala qilsa, unga qattiq javob qaytaradi. Menimcha, “Tolibon”ni ko‘proq muzokara stoliga chorlash kerak.
– “Tolibon” umri davomida jang olib bordi. Balki o‘z kuchiga ishonib, qo‘shni davlatlarga taʼsir ko‘rsatmoqchidir?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Men bunday fikrdan yiroqman. Hozir “Tolibon” oldida katta sinov turibdi. Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat o‘ta darajada ayanchli. Afg‘oniston dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri hisoblanadi. U yerda o‘rtacha umr ko‘rsatkichi 40-45 yosh. Tasavvur qilyapsizmi? Bundan tashqari, 5 ta boladan 1 tasi 10 yoshga to‘lmasdan nobud bo‘ladi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda beqarorlik vujudga kelishini kutib turgan kuchlar mavjud. Biz ularga bunday imkoniyatni bermasligimiz kerak.
Suhrob Bo‘ronov, siyosatshunos:
– Hozirda “Tolibon”ning harbiy va siyosiy qanoti mavjud. Siyosiy qanot ko‘proq diplomatik munosabatlar bilan shug‘ullanadi. Yaqinda “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdusalom Xanafiy bayonot berib shunday dedi:
“Biz qo‘shni davlatlardagi suv muammosining evaziga Qo‘shtepa kanalini barpo etishni maqsad qilmagan edik”.
Bu bayonotdan anglash mumkinki, “Tolibon” qo‘shni mamlakatlar bilan kelishishga baribir majbur bo‘ladi. Agar “Tolibon” qo‘shni mamlakatlar bilan nizoga borishda davom etsa, Afg‘onistondagi vaziyat yanada og‘irlashadi. Agar mojaro tufayli Eron va Pokistondagi yo‘llar yopilsa, “Tolibon” bu davlatlar bilan gaplashishga majbur bo‘ladi.
O‘zbekiston ham Hayraton—Mozori Sharif temiryo‘li faoliyatini to‘xtatsa, “Tolibon” ilojsiz bo‘lib qoladi. Shundoq ham Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat juda og‘ir. Buni “Tolibon”ning siyosiy qanoti juda yaxshi anglamoqda. Shu boisdan ular biz bildirgan takliflarni qabul qilmoqda.
“Tolibon”ning harbiy qanoti esa mutlaqo boshqacha fikrda. Ular ko‘proq bosim o‘tkazish tarafdori. Masalan, Eron mojarosida “Tolibon”ning harbiy qanoti jiddiy bayonotlar bergan edi. Menimcha, “Tolibon” ortida turgan kuchlar turli xil maqsadlarni ko‘zlagan. Yaʼni “Tolibon”ni faqat bitta kuch markazi qo‘llab-quvvatlamayapti. Ularning ko‘lami biroz ko‘paygan. Meni nazarimda, AQSH Afg‘onistondan chiqib ketmagan. Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondagi o‘z strategiyasini o‘zgartirmadi, balki faqat taktikasini o‘zgartirdi.
Sardor Ali suhbatlashdi
Izoh (0)