“Cho‘l bo’risi” uning o‘z-o‘zini ayovsiz tahlil qilgan asaridir…
Bazeldagi ko‘rimsiz bir uyda podagra kasalidan azoblanayotgan, yolg‘izlanib qolgan bir odam xonasidan chiqmay, stol ustida tinmay nimalarnidir qoralar, dam o‘yga cho‘mar, dam jilmayib, shirin xayollarga berilardi. Balki, u xayollar shirin emas, balki u jilmaymagan, aksincha tabassumi singandir, biroq shunisi aniqki, bu odam Hermann Hesse va shubhasiz u hozir “Cho‘l bo‘risi”ning birinchi qismini yozmoqda…
Romanning bosh qahramoni Garri Galler kabi Hesse ham butun dunyodan nafratlanardi. Bu nafrat yosh bolaning xarxashasi emas, dahoning xulosasi natijasida yuzaga kelgan edi. Ammo Hesse hayotdan quvonishga ikkilanadigan, azoblangan, yolg‘izlangan Hessedan biroz tentakroq, biroz xushchaqchaqrog‘iga aylanmoq uchun raqs tushishni o‘rganadi, bayramlarni nishonlaydi, sayohat qiladi, ichadi, xullas, sevib-seviladi.
Yozish Hesse uchun muolaja edi, uning uchun munozara va da‘vat edi. Bir tomondan muallifning shaxsiy ruhiy holatidan kelib chiqqan holda “Cho‘l bo‘risi” o‘sha paytdagi davr muammolari haqida fikr yuritadi. Shu bilan birgalikda gap yolg‘izlanib qolgan kishi va jamiyat orasidagi ziddiyatlar haqida ham boradi.
Hesse o‘zining hayotiy konfliktlarini doktor J. Longning muolajalarida hamda Karl Yungning falsafasida yechimini topishga harakat qildi. “Cho‘l bo‘risi”da Hessening o‘ylari, tahlillari va tepadagi ikki inson g‘oyasiga doir fikrlar yetarlicha topiladi.
Juda tez va qisqa yozilgan sujet
Roman muharrirning “kirish” so‘zi bilan boshlanadi. U “Cho‘l bo‘risi” Garri Galler bilan qay tarzda tanishganini hikoya qiladi. Garri ijaraga turish uchun hikoya qiluvchining xolasinikiga keladi. Cho‘l bo‘risi shahar meshchanlarining oddiy uylarini yomon ko‘radi, lekin uni qandaydir bir kuch shunday joylarga tortadi. Hikoya qiluvchi boshida Gallerni yoqtirmaydi, chunki u unga shubhali bo‘lib ko‘ringan edi.
Galler esa, aksincha, unga va xolasiga do‘stona munosabatda bo‘ladi, lekin hikoya qiluvchiga bu kishi o‘zini tez-tez kulguli holatga tushirib qo‘yayotgandek tuyuladi. Bundan tashqari, Galler yolg‘izlikda yashar va insonlarga xos hayot kechirmas edi, chunki u ishsiz, faqatgina kitoblarga qiziqqandek bo‘lib ko‘rinardi. Ammo cho‘l bo‘risi bilan bo‘lgan suhbatlar orqali hikoya qiluvchi Gallerni yanada yaxshiroq bilib borib, asta-sekinlik bilan u haqdagi yomon fikrlari yo‘qoladi. Bir kuni Galler ko‘chaga chiqib, dom-daraksiz ketadi. Xonasida qolgan “Faqat jinnilar uchun” deb nomlangan kundalik Gallerning shaxsiyatiga chuqur nazar tashlabgina qolmasdan uning qanday kishi ekanini ochib beradi.
Galler ko‘chalar bo‘ylab yurganida yoshgina yigitni uchratib qolib, undan “Cho‘l bo‘risi haqida traktat” kitobini sotib oladi. Bu traktatda u o‘zining ruhiyatiga o‘xshash kishi hayotidan xabardor bo‘ladi: yarim “odam“ va yarim “bo‘ri”. Muammo shundaki, bu ikkala qalblar muntazam ravishda bahslashib yashaydi.
Bu kitobdan juda ta‘sirlangan Galler hayotini o‘zgartirmoqchi bo‘ladi. U o‘zining tanishi – professornikiga mehmonga boradi. Suhbat paytida Gyote haqida bahslashib professorni xafa qiladi. Shunday mash’um bahslashuvdan keyin u o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ladi. O‘zicha ichidagi ikkinchi shaxs — “bo‘ri” meni ustimdan kulyapti deb o‘ylaydi. Ikkilanib uyiga borgisi kelmaydi, shahar bo‘ylab toki “Qora burgut” mehmonxonasidan Germina ismli qizni uchratgunga qadar tentirab yuradi. U Germina huzurida biroz taskin topadi va undan unga onalar kabi g‘amxo‘rlik qilishini so‘raydi. Germina unga raqs dunyosini ko‘rsatadi. U orqali Galler qisqa vaqt ichida hayotidan zavqlanib yashay boshlaydi hamda saksofon chaluvchi yigit Pablo bilan tanishadi. Pablo kamgap, doimo yaxshi kayfiyatda yuradigan yigit. U yoshgina Mariyani sevadi. Shunga qaramasdan Gallerning ruhi yana tushkun bo‘ladi, chunki cho‘l bo‘risi azobsiz, anduhsiz yashay olmaydi.
Oxirida Pablo unga sehrli teatrni ko‘rsatadi. Pablo Gallerga o‘yin qoidalarini o‘rgatadi: uning yolg‘iz o‘zi turli eshiklarni ochishi kerakligini, ularning ortida o‘zining hayotidagi ahamiyatli bo‘lgan voqealar gavdalanishini tushuntiradi. Bundan tashqari Galler o‘zining ruhiyatiga nazar tashlaydi. Ammo u o‘yinda yutqazadi, chunki oxirgi eshik ortida Germina bilan Pabloning yalang‘och holda yerda yotganini ko‘radi. Pablo unga u o‘zining xom xayollari bilan haqiqatni ko‘rmaydigan bo‘lib qolganini tushuntirishga urinadi. Galler o‘yindan hech narsa o‘rganmaydi, shuning uchun ham u Germinani o‘ldirib qo‘yadi…
“Bo‘ri” va “Odam” — instinkt hamda ong o‘rtasidagi sarson ruh
Hesse kitoblari, uning o‘zi bir paytlar aytganidek, “barcha tubsizlik va jarliklar yoqasida” yaratilgan. O‘zgartirilgan va yangidan tuzilgan ko‘rinishda ular zamonaviy insonning ko‘plab kulfatlari, iztiroblari va xatolarini o‘z ichiga olgan.
Hesse yozuvchi sifatida voqelikni o‘ta o‘tkir his qilishga molik inson edi. Uning maqolalari va xatlarida, “Marjonlar o‘yini”,“Cho‘l bo‘risi” romanlari qoralamalarida va ular matnining o‘zida Germaniya kelajagini hayron qolarli darajada oldindan ko‘rish bor. Albatta, XX asr voqeligi nasr uyg‘unligiga yordam berishi gumon edi. Lekin Hessening o‘ziga xos sirlari mavjud edi. Ulardan biri shundan iborat ediki, odamlarning yashirin ichki hayotiga u barchaga ko‘rinib turgan tashqi voqelikka qaragandan ko‘proq ahamiyat va e’tibor berardi. 30-yillar boshlarida, “Sharq mamlakatiga ziyorat” (1932) qissasida, 1930 va 1942-yillar oralig‘ida yozilgan “Munchoqlar o‘yini” romanida, ya’ni Germaniyadagi fashizm paytida Hesse “deyarli” mavjud bo‘lmagan, amalga oshishiga yo‘l qo‘yilmagan, u haqda odamlar ko‘pincha bir-birilarining ko‘zlari va yuz ifodalariga ko‘ra fahmlaydigan, lekin shunday bo‘lsa-da, oxir-oqibatda fashizmga bardosh bergan va tantana qilgan voqelikni ko‘rgan va ularni o‘z asarlarida ko‘rsatib bergandi.
“Demian”da va “Cho‘l bo‘risi”da Hesse insonni go‘yoki har xil haqiqatlardan yelimlab yasalgandek ko‘rsatadi. Bunday inson o‘zgaruvchan, unda qarama-qarshi imkoniyatlar yashiringan hamda unga qarash ham romanda bu harakatchanlik va murakkablikni aks ettira turib, o‘zgarib turadi. Ikki shaxs — intellektual va yovvoyi hayvon — Garri Galler qiyofasida namoyon bo‘ladi. Insonning ichki sarosimasi va yashirin istaklari ochiq oshkor bo‘lib boradigan “Sehrli teatr”ga tushib qolib esa, Galler ko‘zguda uning yuzi bo‘linib ketgan minglab yuzlarni ko‘radi.
O‘zbek kitobxonlari uchun g‘alati yozuvchi
“Cho’l bo’risi” qahramoni o‘zbek kitobxoni uchun g‘alati shaxs edi. Nima ham derdik, “Cho‘l bo‘risi” muallifi qahramoni tamoman o‘zgacha didli, qiziqishlari boshqalarga o’xshamagan kishi. Garri Galler shaxsining “yashirinligi”, uning azobli ikkilanganligi bizning kitobxonlarga chindan erish tuyuladi. O‘zini tutishi va didi to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Shahardan shaharga daydib yurgan Garri hech qachon na kambag‘al, na boy xonadonlarda to‘xtamaydi. U zinalarida araukariyalar o‘sgan va shirin hidlar ufurib turgan mayda burjua kishilarini afzal ko‘radi. Umuman olganda, Galler – Hermann Hessening o‘zi desak yanglishmaymiz. Hermann Hesse ijodining haqiqiy hayoti, turmushiga juda o‘xshash. Hermann Hesse Yevropa g‘oyalarida tarbiya ko‘rgan inson shaxsiyati sinishini qanday boshidan kechirganligi to‘g‘risida yozadi. Joy va vaqt birligini hisobga olib, bu sinishni Yevropa gumanistlari asoslarini larzaga solgan jahon urushining oqibati deb tushuntirish mumkin. Biroq Hermann Hessening o‘zi bunday tushunchalar bilan cheklanib qolmaydi. XX asr boshlaridagi Yevropa intelligenti — Garri Galler, Hesening fikricha “Dostoyevskiy xaosi” bilan belgilangan. Aynan shu xaosni Hermann Hesse “Davr kasalligi” deb ataydi. Garri Gallerni shu kasallikka uchragan kishi sifatida o‘z asarida talqin etadi.
Uning fikricha, bu kasallikka nokomil individlar emas, kuchli, aqlli va qobiliyatlilar chalinadi.
Uzunroq tahlil — xarakterlar misolida
Garri Galler
O‘ninchi marta qaytarishim, lekin bunisida Garri va boshqa qahramonlar borasida alohida to‘xtalib o‘tamiz. Garri Galler — ellik yoshlar atrofidagi, favqulodda aqlli, ziyoli inson, gazeta uchun maqolalar yozadi, tinmay kitob o‘qiydi. U o‘zini Gyote va Motsart bilan ruhan bog‘liq deb o‘ylaydi va hozirga nisbatan yaxshiroq yashaydigan davr kelishiga ishonadi. Uning laqabi (cho‘l bo‘risi) o‘ziga mos, chunki u nihoyatda odamovi, tashqi dunyo bilan qiziqmaydi, faqat o‘zining kitoblar dunyosida yashashni yaxshi ko‘radi. Uning uyida Lessing, Dostoyevskiy kabi yozuvchilarning kitoblari borligidan Gallerni ziyoli kishi deyish mumkin.
U bod kasalidan azoblanadi, biroq uning eng katta g‘ussasi — ruhiy azobdir. U umuman kelajakka ishonmaydigan kishi, ruhi tushgan, atrofdagi odamlardan nafratlanadi, ularni tanqid qiladi, o‘zini ularni qatoriga mutlaqo qo‘shmaydi. Bu unda allaqachon kasallikka aylangan va u o‘zidagi nafratlanishidan huzur qiladi. Buni biz quyidagi misolda ham ko’rishimiz mumkin:
“…Mana shunday mamnuniyat, dardning bilinib-bilinmasligi, yosh o‘tinqirab qolgan bir paytda, chidasa bo‘ladigan bir navi kunlarni ko‘rganingga ham ko‘ngil ko‘tariladi, bunday kunlarda dardni ham, quvonchni ham sezmaysan, hammasi imi-jimida, bilinar-bilinmas, ohista, bamisoli oyoq uchida yurgandek. Faqat yomon tarafi shuki, men mana shu qoniqish, mamnuniyat bilan sira ham chiqisha olmayman. Bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng u ko‘zimga balodek ko‘rina boshlaydi, toqat qilib bo‘lmas darajada ko‘ngilni aynitadi va men butkul tushkun kayfiyatda boshqa bir ma’volarga — mumkin qadar quvonch-shodlik yo‘llaridan, zarur bo‘lsa, dard, g‘am, iztirob yo‘llaridan ham qochib ketishimga to‘g‘ri keladi…”
“Cho‘l bo‘risi haqida traktat”da Garri Gallerni katta muammosini bilib olamiz. Uning ichida 2 ta vujud bor: “odam” va “bo‘ri”. Undagi “insoniy” vujudi toza ruh uchun, bo‘risi esa yovuzlik uchun turadi. Bu ikkala vujud muntazam ravishda bir-birlari bilan hisoblashadi. Ular doimo bir-birlarining yo‘liga to‘siq bo‘lib yashaydi. Uning bu xislati nima uchun Garrining boshqalar oldida kulguli bo‘lib ko‘rinishiga sababdir. O‘zida “bo‘ri” vujudi jo‘sh ursa, u odamlarning ustidan kuladi, nafratlanadi, masxara qiladi. Boshqa tarafdan, vujud yarmidagi “inson” uning bu holatini zimdan kuzatadi.
Uni avvaliga aqlli do‘st, mehribon inson deb biladilar, bo‘riligi tutganda esa undan darrov soviydilar. Ammo Garri o‘zining ikkala vujudini yashira olmaydi, chunki ular bir-birlaridan ajralmaydigan bo‘lib bog‘lanib qolgan.
Garri burjuaziyani yomon ko‘radi, bu kundalikning boshidayoq ko‘zga tashlanadi. Boshqa tomondan u tartibli, madaniyatli kishilardan zavqlanadi, biroq kezi kelganda, shunday quturadiki, meshchanlarning tartibli dunyosidagi ba‘zi vakillari yuzini teskari burib qo‘yishga tayyor bo‘ladi. Garri meshchanlarni inson sifatida xarakterida ikki xil xususiyatga intilib yashashidan noliydi. Shunga qaramasdan Garrining o‘zi ba’zi jihatlari bilan meshchan hisoblanadi. Masalan, bankda puli bor, yaxshigina kiyinadi, doimo qonun bilan zid konfliktlar chiqmasligiga harakat qiladi.
Germina
Garrining butunlay aksi. U yosh, oddiy bir qiz. Uning dunyosi: raqs, mehmonxona va kafelar. Shunday bo‘lsa ham Garri unga bog‘lanib qoladi. U uning oldida taskin topadi, undan unga xuddi yosh bolaga qaragandek munosabatda bo‘lishni so‘raydi. U unga nima buyursa shuni bajarishini aytadi, bajaradi ham. O‘ta xudojo‘y Germina diniy yig‘ilishlarga tez-tez borib turadi. U hayotga soddaroq ko‘z bilan qaraydi, muammolarini oson hal qiladi. Shu sababli u Garrining yolg‘izligini tarqatish uchun uni raqs tushishga o‘rgatadi, Pablo va Mariya bilan tanishtiradi.
Germina Garriga hali ham yosh boladek fikrlashini tushuntiradi. Masalan, u professorning Gyote haqidagi tasavvuridan achchiqlanishi noto‘g‘ri ekanligini aytadi. Shu bilan birga har bir kishi o‘z fikriga ega ekanligini, bu boshqalarga yoqadimi, yo‘qmi, qiziqtirmasligini uqtiradi. Xullas, Germina orqali Garri ilk bor yosh bo‘lish qandayligini tushunib yetadi.
Pablo
Pablo istalgan kafelarda saksofon chalib kun kechiradigan bir yigit. Boshida u Garriga unchalik yoqmaydi. U bo‘y-basti, aft-angori kelishgan, ayollarga yoqishdan boshqa qo‘lidan hech ish kelmaydigan yigitga o‘xshab ko‘rinadi. Keyin ma‘lum bo‘lishicha, “Traktat” kitobini bergan bola shu bo‘lib chiqadi. Pablo sehrli teatrning xo‘jayini. Ko‘rib turganingizdek, u “Cho‘l bo‘risi” romanida muhim rol o‘ynagan. Pablo Garriga nisbatan doimo xushmuomala, do‘stona munosabatda bo‘ladi. Hattoki unga yoqish uchun harakat ham qilib ko‘radi. Keyinchalik, uning Garriga rahmi keladi, fikricha, u bechora, nochor odam, ko‘zlari nihoyatda g‘amgin, eplab kulolmaydi.
Mariya
Mariya Germinaning dugonasi va xuddi u kabi bebosh hayot kechiradi. Garri u bilan raqs kafesida tanishadi. O‘sha paytdayoq unga mahliyo bo‘ladi. Garrining shunday sodda, o‘qimagan, ilmsiz qiz bilan birga bo‘lishi ajablanarli edi. Uning o‘zi aytganidek, kitob o‘qimagan, o‘qishning nima ekanligini ham bilmaydigan, Chaykovskiy bilan Betxovenni farqlay ololmaydigan qizni bir soatdan ko‘proq sevish unga avvaliga imkoni yo‘qdek tuyulgandi. Garri uning tabiati va beg‘uborligi sabab sevadi. Masalan, amriqocha estrada qo‘shig‘idan uning shunchalar zavqlanishiga lol qoladi. Mariya orqali Garri sevishning murakkab bo`lmagan jihatlariga, shuningdek, nima sababdan sevishni o‘rganadi.
“Cho‘l bo‘risi haqidagi traktat”
Traktat kitobxonga cho‘l bo‘risining xarakteriga chuqur nazar solishga undaydi, bundan tashqari o‘qirman bu traktatni mutolaa qilib, Garrining ruhiy muammolaridan voqif bo‘ladi.
Sehrli teatr
Sehrli teatr Garriga o‘z hayotini qaytadan boshlashga, xatolarini tan olib, hayotga yumor bilan boqishni taklif qiladi. U turli sahnalarda qari, jiddiy va kulguli obrazlarni ko‘radi. Teatrda u ko‘zgularga duch keladi. Hesse unga oyna tutadi va cho‘l bo‘risi o‘ziga chetdan qarashni o‘rganadi.
“Muhabbatning o‘limi”
Sehrli teatrdagi bir eshik orqasida Garri yana tushkunlikka tushadi. Umidsizlanib, shaxmatchilar bergan raqamni izlab cho‘ntagiga qo‘lini tiqadi. U yerda raqam o‘rniga pichoqni olib chiqadi. Dahshatga tushgan Garri u xonadan qochib chiqadi va mumtoz musiqa haqida gapirgan Motsartga nimalarnidir javob beradi. Bu ahmoqona dunyoga javob berishning birdan bir yo‘li yumor, deydi u. To‘satdan Motsartning gaplari unga alg‘ov-dalg‘ovdek tuyuladi, jahli chiqib, boshqa xonaga ketadi. U yerda o‘zini devorga osilib turgan katta ko‘zguda ko‘radi. Bir lahzada u butun hayotini qaytadan yashagandek bo‘ladi. So‘nggi eshikda boshqacha inson bo‘la olishini namoyish qilmoqchi bo‘ladi. Biroq…
Bu xonada Germina va Pablo sevgidan mast holda uxlab yotishar edi. O‘ylab o‘tirmasdan Garri unga hayron boqib turgan Germinani o‘ldiradi. (Yashashni o‘rgatgan qizni o‘ldirishni oqlab bo‘ladimi?) Uyqudan uyg‘ongan Pablo jilmaygancha xonadan chiqib ketadi.
Asardan iqtiboslar
Bu dunyoning murod-maqsadlariga tushunmasam, quvonchlariga sherik bo‘lolmasam, men cho‘l bo‘risi bo‘lmay, men nochor zohid bo‘lmay, yana kim bo‘lsin axir?!
Musibat, ko‘rgilik va kulfatlarga to‘la har bir inson hayotining murod-maqsadi va muddaosi ham aslida shu emasmikan?
Shu o‘rinda bir hikmatli fikr, uni hikmatli deb ham bo‘lmaydi, balki atigi birgina nigoh bilan bog‘liq bo‘lgan voqeani aytib o‘tmoqchiman. Nima bo‘ldi-yu, mashhur bir tarixchi faylasuf, Yevropada nomi chiqqan madaniyat munaqqidi ma’ruza qiladigan bo‘lib qoldi. Unga borishga cho‘l bo‘risini ham, garchi uning sira-sira ishtiyoqi bo‘lmasa-da, arang ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldim. Ma’ruzani tinglashga birga bordik va yonma-yon o‘tirdik. Notiq minbarga chiqib, so‘z boshlashi bilanoq, uni payg‘ambardek kutib olgan ba’zi bir tinglovchilarning hafsalasi pir bo‘ldi, nega desangiz, u oliftanamo, keksaygan edi. So‘zini boshlarkan, u tinglovchilarga tilyog‘lamalik qilib, ko‘pchilik bo‘lib kelishgani uchun minnatdorchilik izhor qildi. Shunda cho‘l bo‘risi menga bir qarab qo‘ydi. Bu nigohda notiqning so‘zlari-yu, uning butun shaxsiyati ustidan keskin tanqid zohir edi. O, bu shunday esdan chiqmaydigan, qo‘rqinchli nigoh ediki, uning mazmun-mohiyati haqida butun bir kitob yozsa bo‘lardi! Nigoh o‘zining asosli, nozik kinoyasi bilan nafaqat notiqning o‘zinigina tanqid qilar, balki bu mashhur odamni yer bilan bitta qilib tashlardi, biroq bu hali holva edi. Uning qarashida kinoyadan ko‘ra ko‘proq iztirob, hattoki tagsiz-tubsiz, noumid qayg‘u-alam mujassam edi...
Bizning cho‘l bo‘rimizda holat shunday ediki, u o‘zining hissiyoti ichra barcha aralash, qorishiq jonzotlarda bo‘lganidek, dam bo‘ri bo‘lib, dam inson bo‘lib yashardi. Biroq shunisi bor ediki, u bo‘rilik paytida uning vujudida odam hamisha hushyor, sergak va ogoh bo‘lib turar, u inson bo‘lgan paytda esa bo‘ri xuddi shunday harakat qilardi.
Qiziqarli faktlar
— U jahon adabiyotida ijtimoiy, falsafiy hamda badiiy-estetik tafakkur kamolotiga barkamol hissa qo‘shgan san’atkorlardan biri sifatida katta e’tibor qozondi. Hermann Hesse butun umri davomida izlanishda bo’ldi. U 1946-yilda ulkan ijodiy merosi, adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun sharafli Nobel mukofotiga sazovor bо‘ldi. Shu yilning о‘zida unga Gyote mukofoti, 1955-yilda esa nemis kitob sotuvchilar tomonidan ta’sis etilgan “Tinchlik” mukofoti berildi, bir yildan keyin “Hermann Hesse” nomli mukofot ta’sis etildi.
— Germaniyaning sevimli farzandi Hermann Hessening “Peter Kamensind”, “Demian”, “Siddhartha”, “Cho’l bo’risi”, “Marjonlar o’yini”, “Nyurnbergga sayohat” kabi asarlari jahon adabiyotining boyligiga aylandi. Uning hayotligidayoq asarlari jahonning ko’plab tillariga tarjima qilindi. O’zining 40-50 yoshlarida Hermann Hessechalik ijodi gullab yashnagan, san’at cho‘qqisiga erishgan ijodkorni nemis adabiyoti tarixida topish mushkul. Germaniyada Hermann Hessening asarlari nashri 1979 yilga kelib, 5 Million nusxaga yetgan.
— Hermann Hessening kasalligi tufayli unga rasm chizishni tavsiya etishadi. U rasm chizish texnikasining xar xil turlarini sinab ko’radi va akvarel ranglarda chizishni ma’qul topadi — umrining oxirigacha u 3000 ga yaqin akvarellarni yaratadi. Ularning kо‘pchiligi butun dunyo bо‘ylab tashkil etilgan kо‘rgazmalarda keng ommaga namoyish qilingan. Hermann Hesse vafotidan so‘ng uning akvarellari kо‘rgazmalari hamma yerda: Tokioda (1976 va 1996), Parijda (1977), Nyu-York va Monrealda (1980), San-Fransisko hamda Chikagoda (1981), Madridda (1985), Lyuksemburgda (1987), Hamburgda (1992) bо‘lib о‘tadi.
— Romanga doir ba’zi qo‘lyozmalar 1922-yilga qadar tayyor bo‘lgan edi, shu vaqt mobaynida Hesse “Yo‘ldan adashgan kishining kundaligi” nomli asar yozadi. Asarda hayot va uning kuzatuvchi sifatidagi o‘rni, ikkisining orasidagi qarshiliklari va o‘z-o‘zini tanqid qilish haqida fikr yuritadi. “Men uni tashlab yuboraman, mening hayotim asta sekin so‘nib, umrim tugab boryapti, men bir qariya bo‘lsam mening kunlarim va soatlarim xuddi talabaning hayotiga o‘xshash, shu bir kunimni bir amallab o‘tkazsam deb harakat qilaman. Ammo boshqasi, ichimdagi ikkinchi bir narsa meni chidab bo‘lmas darajada ishlashga undaydi, unga hayotning har bir tafsiloti kerak, u bilan birga yonib odimlashga tayyorman!”
Azizbek Yusupov
Izoh (0)