Asar xususida ikki og‘iz
Shaxsan men “Godoni kutib” pyesasini eslagan paytim “absurd adabiyot”, “absurd teatr” atamalari tilga olinadi. Keling, avval absurdizm nima ekanligini aniqlashtirib olsak.
Absurdizm — inson hayotining hech qanday ahamiyatga ega emasligi haqidagi qarashlar tizimi. (Dahshat-a?!) Absurd so‘zining izohli ma’nosi esa “kelishmagan”, “aqldan tashqari”, “mazxaraomuz” degani. Bu XIX asrda ulug‘ faylasuf Syoren Kerkegora tomonidan shakllantirilgan oqim bo‘lib, hayotning absurdligi haqida faylasuf shunday deydi: “Hayotning ma‘nosiz ekanligiga eng yaxshi isbot uning ma‘nosi borligini isbot qilishga keltirilayotgan argumentlardir”. Keyinchalik Kerkegora g‘oyalarini davom ettirgan fransuz adibi Kamyu asarlari orqali absurdizm atamasi yanada tushunarli bo‘ldi.
XIX asr o‘rtalarida Kamyu, Sartr, Ioneskular qatorida irlandiyalik adib Samuel Bekket “Godoni kutib” tragikomediyasi bilan absurd teatrini boshlab berdi. Asar dastlab 1953-yilda Parij sahnalarida qo‘yiladi. Shundan so‘ng butun Yevropa bo‘ylab sahnalashtiriladi. Uni kimdir tushunadi, kimdir yo‘q. Shu tariqa aksariyat tomoshabinlar uchun bema’ni bo‘lib tuyulgan asar o‘tgan asr o‘rtalaridan to bugunga qadar turli tanqidlarga, bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi.
Ikki gapga sig‘arlik spoyler va uzundan-uzun tahlil
Xo‘sh, Godo kim? Nega uni kutishadi? Nega uni kutishga bu odamlar majbur? Asar sarlavhasida kelgan nom egasi pyesada qanday rol o‘ynaydi? Gap shundaki, Godo hech kim, u pyesa yakunlanib, pardalar tushirilganda ham sahnada ko‘rinish bermaydi. Uni hech kim ko‘rmagan, lekin uning borligi haqida hamma biladi. U yo‘qlik, sarob. Ya’ni Godo mavjud emas.
Asar ikki bosh qahramoni Vladimir va Estragonning noma‘lum bir joyga yig‘ilishidan boshlanadi. Ularning maqsadi Godo bilan gaplashib olish — nima to‘g‘risida suhbatlashishlari esa nafaqat o‘qirmanga, balki Vladimir va Estragonning o‘zlariga ham aniq emas. Ular shu ilinjda (e‘tiqodda desak ham bo‘ladi) noma’lum kundan beri uni kutishadi. Kecha ham kutishgandi, bugun ham kutishyapti, ertaga ham Godoni kelishiga umid qilib yo‘l poylashadi. Ular kutganining kelishiga ishonadi. Orada umid uzilsa, juda bo‘lmasa, o‘zlarini daraxtga, o‘sha Godo bilan uchrashishga kelishilgan yerda o‘sgan yakka daraxtga osishadi. (Aksiga olib, arqon ham topilmaydi shu paytda. Ustiga-ustak daraxt qurg‘ur ham o‘ta nimjon). Asardan anglashilinishicha, ular oltmish-yetmish yoshlar chamasidagi odamlar bo‘ladi. Balki, shu yoshgacha kutishgandir Godoni…
Shunisi ma‘lumki, sirli Godo kelib ularni ozod etishi kerak. Nimadan ozod etishi kerak? Uni boya ta‘kidlab o‘tganimdek qahramonlarimizning o‘zlari ham tuzuk-quruq bilmaydi.
Faqat Gogo yo Didi kutishmaydi Godoni, o‘qib turib men ham kutardim. Siz ham kutasiz. Kim ekan u Godo? Balki, Potsodir? Yo Lakimikan? Ehtimol, uning yordamchisi — xabarchi bolakay Godo bo‘lib chiqar? Yo‘q!..
“Biz endi yolg‘iz qolmaymiz, tunni yolg‘iz kutmaymiz, Godoni yolg‘iz kutmaymiz, biz endi... kutmaymiz. Kun bo‘yi o‘zimiz bilan kurashib charchadik. Endi bunday bo‘lmaydi. Ertamiz allaqachon boshlandi…” — ular ishonishgandi…
Yana ham tushunarliroq tahlil
XX asr badiiy tafakkurida keskin burilish yasagan, yangi oqim sifatida butun dunyoda shov-shuv ko‘targan Bekket mansub “absurd teatri” o‘ziga xos buyuk yangilik edi. Bekket tomoshabinning hislariga emas, zakovatiga murojaat etdi va ana o‘sha yerda tasavvur sahnasini yaratdi. Aksariyat odamlarning tasavvur qilishga zakovati yetmaganlari uchun Bekket asarlarini shunchaki cho‘pchak deb hisoblashdi.
Aslida u XX asr uslubiga yangi mazmun olib kirgan edi. Bekket asarlari 50-yillar boshida butun dunyoga tarqalgan, muhokama qilingan bo‘lsa-da, sobiq Ittifoq mafkurasi 80-yillargacha uni zararli yozuvchilar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘ydi. Keyin esa Bekket asarlarini chiriyotgan kapitalistik hayotning in’ikosi sifatida baholashdi. Bekket asarlarini XX asr ma’naviyatining timsoli sifatida qabul qilish haqiqatga yaqinroqdir. 50-yillardayoq u ko‘targan muammolarga insoniyat o‘ttiz yil o‘tib duch keldi. Bu yozuvchining inson psixologiyasini chuqur bilishini hamda insoniyat Bekket ko‘targan muammolardan qochib qutulolmasligini ko‘rsatdi.
“Godoni kutib” asari Bekket nomini butun dunyoga mashhur qilib yubordi. Asarda hech qanday voqea yo‘q, (ikkinchi marta aytishim — yana ham ta‘sirlantirsin, o‘quvchini o‘ylantirsin degan maqsadda qaytaryapman) ikki kishi yig‘ilib, so‘ng ularga yana ikki kishi qo‘shiladi. Godoning kimligi ham noma’lum. Uning kimligini yoki nimaligini hech kim bilmaydi. Biroq hammasi “Hozir Godo keladi” deb kutib turishaveradi.
Bekket bu asarida G‘arb kishisining ruhiy dunyosini ochadi, ya’ni odamning hayoti noma’lum va hech qachon tashrif buyurmaydigan Godoni kutish kabi bema’nidir. Odam hayotdan nima kutayotganini o‘zi bilmaydi. Hayotlari ham o‘zlari kabi Godo kabi bema’ni kutish, yolg‘on umid bilan o‘tib ketadi. (Mana, hayotning absurdligi qayerda) Godo asarda umrning timsoli, inson hayotining, to‘g‘rirog‘i, inson mahkumligining timsolidir.
Boshqa tomondan, bu odamzodning bo‘shab qolgan ko‘ngil oynasi. G‘arb aqli xudoni inkor qildi. Inkor qilingan xudo o‘rnini sarob egalladi. Sarob — bu Godo. Sarobga qanchalik yaqinlashsangiz, shunchalik qochadi. Inson mohiyati o‘tgan asrning boshlaridan beri insoniyatdan ana shunday qochib yuribdi. G‘arb aqli “Godo” — ma’no deb bilgani sarob bo‘lib, endi faqat uni kutish va abadiy sarsonlikka mahkum etildi. Bu asar ana shu mahkumlikning kichik bir ko‘rinishi. Asarda Bekket Vladimir va Estragon obrazlari orqali yozuvchi va eziluvchini, qullik va sohiblikni timsollashtirgan.
Qahramonlar shu darajadaki, ularning hatto o‘ylagisi ham kelmaydi. Asarda hech narsa sodir bo‘lmaydi. Syujet yo‘q. Konflikt, kulminatsiya yo‘q. Godoni kutib-kutib, yana kutish uchun tarqalishadi. Bu asar timsolini hali-hanuz sharhlashyapti, hali-hanuz bir to‘xtamga kelingani yo‘q, hali-hanuz Godoni kutishganday bu asardan ma’no izlashyapti, insoniyat haligacha Godoning kimligini aniqlagani va xulosa chiqargani yo‘q…
Xulosa
Nomini butun dunyoga mashhur qilgan “Teatr I”, “Teatr II”, “Endshpil”, “Yotlashuv”, “O‘yin” pyesalarida ham Bekket insonning mavhumlik bilan yuzma-yuz turgandagi ichki dunyosini ko‘rsatdi. Xuddi Kafka asarlari kabi bu pyesalarda ham inson umrini beadad sarobga, mavhumotga, o‘zligi, o‘z qiyofasidan, insoniy xislatlaridan yotlashtirishga xizmat etuvchi, uni mute va qul qiluvchi jamiyat bilan qarama-qarshi turgan inson fojiasi qalamga olinadi. XX asr G‘arb kishisi ma’naviy qadriyatlar xarobasi ustida o‘tiribdi, unda jahonga, o‘z hurligiga intilishdan ko‘ra qullikka, mutelikka moyillik kuchli. U o‘tmishdan ayro qilingan, kelajakka ishonmaydi. Bekket bu holni shunday ifodalaydi: kelajak zulmat ichida, o‘tmish esa olisda. Shu sababli ham uning asarlarida zulmat, olislik, yotlashuv ramzlari qayta-qayta bo‘y ko‘rsatadi.
Asardan iqtiboslar
— V l a d i m i r: Men ketdim.
P o s s o: U aftidan menga toqat qilolmayotganga o‘xshaydi. Men, albatta, odamoxun emasman, biroq shu sabab bo‘la oladimi? (Vladimirga) Xato qilishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Deylik, atrofga qorong‘i tushmasdan hozir ketdingiz ham deylik. (Uchalasi ham osmonga tikiladi) Xo‘sh, keyin-chi. Keyin nima bo‘ladi… (Mushtukni og‘zidan chiqarib, unga tikiladi) …o‘chib qoldi… (mushtukni yoqadi) u holda… u holda… u holda nima bo‘ladi? …Haligi uchrashuvlaring nima bo‘ladi, anavi bilan… Godemi… Godomi… Godami… (Jimlik) Xullas, kimni nazarda tutayotganimni bilasizlar. Kelgusi taqdirlaringiz axir unga bog‘liq-ku. (Jimlik) Deylik sizning yaqin kelajagingiz.
E s t r a g o n: U rost aytyapti…
— V l a d i m i r: Bor edi rohibning…
Ovozi pastligini anglab, to‘xtab yo‘talib oladi-da, yana balandroq ovozda kuylay boshlaydi.
Bor edi rohibning kuchugi
Yaxshi ko‘rardi uni.
Kuchugi yeb qo‘ygach bir parcha go‘shtin,
Terisin shilib oldi.
Tanasin yerga ko‘mib,
Qabri ustiga yozdi…
To‘xtab, kuchini to‘plab yana kuylay boshlaydi.
Tanasin yerga ko‘mib,
Qabri ustiga yozdi shuni…
Bor edi rohibning kuchugi
Yaxshi ko‘rardi uni.
Kuchugi yeb qo‘ygach bir parcha go‘shtin,
Terisin shilib oldi.
Tanasin yerga ko‘mib,
Qabri ustiga yozdi…
To‘xtaydi. Sahna takrorlanadi. Past ovozda.
Qabri ustiga yozdi…
Qiziqarli faktlar
— Samuel Bekket 1906-yil Irlandiyada tug‘ilgan. Jeyms Joys bilan Fransiyaga kelib, bir umr o‘sha yerda qolib ketgan. Absurd teatri nazariyotchisi va asoschilaridan. Shoir, adib, dramaturg. Adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun 1969-yil Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.
— Bekket iloji boricha asarlarni qisqa va lo‘nda yozishga urinadi. Uning “So‘nggi nafas” nomli pyesasi bor-yo‘g‘i 30 soniyaga mo‘ljallangan. Unda bir necha marta chaqaloq yig‘isi, yig‘idan so‘ng shuncha marta chuqur nafas olish hamda xo‘rsiniq eshitiladi. Bu ikki marta takrorlanadi, xolos, shu bilan pyesa tugaydi. Asar uchta jumladan iborat. Ammo shu uch jumlani teatrshunoslar va adabiyotshunoslar 1969-yildan beri turlicha sharhlab kelishadi. Bu sahna insonning hayotga kelishi va umrining so‘nggi daqiqalarida umr xulosasini timsollashtirayotganday bo‘ladi. Shu paytga qadar asar yozilgan taqriz, sharhlar, tahlillarning hajmi asar hajmidan ming barobar oshib ketgan.
Azizbek Yusupov
Izoh (0)