“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ delegatsiyasi Pokiston va Afg‘oniston temiryo‘l maʼmuriyatlari bilan birgalikda Transafg‘on temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi o‘tkazilmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu loyiha O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Transafg‘on temiryo‘l liniyasi mintaqada transport hamkorligi va rivojlanishi uchun yangi istiqbollarni ochadigan keng ko‘lamli loyihadir. Afg‘oniston hududi orqali O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yilib, yanada samarali savdo munosabatlari va logistika taʼminlanadi.
“Joriy muzokaralarda delegatsiyalar loyihaning turli jihatlarini, jumladan, moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini muhokama qilmoqda. Uchala tomon ham ushbu loyihaga yuqori qiziqish bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor. Muhim loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon beradigan maqbul yechimlarni topishga har tomonlama intilinmoqda”, — deyiladi xabarda.
Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar transafg‘on temiryo‘li loyihasining taxminiy qiymati 5 milliard dollarni tashkil etadi. Uzunligi 600 kilometr bo‘lgan temiryo‘l Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yo‘lini ochib beradi. Bu esa mintaqaviy aloqa va savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu transafg‘on temiryo‘lini asr loyihasi deb atagan. Temiryo‘l qurilishi 2022-yilning sentabr oyida boshlanishi rejalashtirilgandi. Biroq rejalar o‘zgarishi sabab bu amalga oshmadi. Fevral oyida O‘zbekiston va Pokiston Markaziy va Janubiy Osiyoni Afg‘oniston orqali bog‘laydigan va Pokiston portlariga olib chiqadigan temiryo‘l qurilishi loyihasini tezlashtirishga kelishgani ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)