Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan Pokiston Islom Respublikasi moliya vaziri, komissiyaning Pokiston qismi raisi Is’hoq Dorni qabul qildi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, savdo, investisiya va transport sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Is’hoq Dor uchrashuv imkoniyati uchun O‘zbekiston yetakchisiga minnatdorlik bildirib, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda tranzit va preferensial savdo to‘g‘risida imzolangan muhim bitimlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, hukumatlararo muzokaralar kun tartibi doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida aniq kooperasiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi. Davlat rahbari ikki tomonlama avtomobil qatnovlarini rivojlantirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoni Afg‘oniston orqali bog‘laydigan va Pokiston portlariga olib chiqadigan temiryo‘l qurilishi loyihasini jadallashtirish zarurligiga alohida to‘xtaldi.
Izoh (0)