Moldova bosh vaziri Dorin Rechan TV8 telekanaliga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mamlakatga kirishi taqiqlanganini aytdi.
Rechanning aytishicha, Moldovada mamlakatga kira olmaydigan Rossiya fuqarolarining “qora ro‘yxati” mavjud. Shu bilan birga, bosh vazirning ta’kidlashicha, ba’zi rossiyalik amaldorlar ushbu ro‘yxatga tushgani haqida ular Moldovaga kirishga uringan paytdagina xabar topadi.
“Payti kelib biz ommaviy ro‘yxat tuzamiz, hozircha bugungi kunda ishlayotgan mexanizm yetarli. Ommaviy ro‘yxatni tuzish uchun davlat resurslarini sarflash shartmi-yo‘qmi, bilmayman”, — dedi Rechan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “mamlakatga kirishi taqiqlanganlarning hech biri hali kirmagan”.
“Biz urushni targ‘ib qilayotgan va urush urug‘ini sepayotganlarning hammasini og‘zini yopmoqdamiz”, — dedi Rechan.
Tatariston rahbari Moldova hududiga kiritilmadi
O‘tgan hafta, 17-aprel kuni Moldova Tatariston rahbari Rustam Minnixanovning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymagan edi. Samolyot salonida o‘tirib, videomurojaat yo‘llagan Minnixanovning aytishicha, uni mamlakatda “istalmagan shaxs” deb atashgan. Tatariston rahbari o‘tirgan samolyot Kishinyovdan Rossiyaga qaytib ketgan.
Ayni paytda, “Interfaks” axborot agentligi Moldova chegara politsiyasi matbuot kotibi Raisa Novitskiyning so‘zlariga tayanib, yozishicha, “Tatariston delegatsiyasining kelishi Moldova hukumati bilan kelishilmagan edi”.
Izoh (0)