“Yuventus” hujumchisi Dushan Vlahovich “Manchester Yunayted” o‘tishni istagan edi, biroq “qizil iblislar” rahbariyati serbiyalik futbolchini xarid qilish imkoniyatidan voz kechdi. Bu haqda Fichajes nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, hujumchi Turinda qiyin vaziyatda qolgan. “Yuventus” yozgi transfer oynasi vaqtida Kanada terma jamoasi forvardi Jonatan Devidni xarid qilganidan so‘ng, bosh murabbiy Igor Tudor Vlahovichni zaxira futbolchisiga aylantirgan.
Shu bois 25 yoshli hujumchi o‘ziga yangi jamoa izlashga kirishdi. Agentlar Vlahovichni Yevropaning bir qator top-klublariga taklif qilmoqda. Ushbu ro‘yxatda “Manchester Yunayted” ham bor edi, biroq inglizlar hujumchini sotib olishni istamadi.
Hozircha futbolchi uchun asosiy da’vogar Turkiyaning “Fenerbahche” klubi bo‘lib turibdi. Biroq Vlahovich faoliyatini Yevropaning kuchli jamoalaridan birida davom ettirmoqchi. Shuningdek, “Milan” ham futbolchini sotib olish masalasida muzokara o‘tkazishga tayyor, ammo buning uchun Dushan maoshini kamaytirishi kerak bo‘ladi.
Ayni vaqtda “Manchester Yunayted” asosiy e’tiborni “Leypsig” klubi hujumchisi Benyamin Sheshko transferiga qaratgan. Manbaga ko‘ra, klub bu futbolchi uchun 90 million yevrolik rasmiy taklif yuborgan. Biroq Sheshko transferi amalga oshmaydigan bo‘lsa ham, “qizil iblislar” Vlahovichni sotib olmaydi.
- Dushan Vlahovich 2024/25-yilgi mavsumda “Yuventus” safida jami 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 17 ta gol va 5 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.
- Uning turinliklar bilan shartnomasi 2026-yilning yoziga qadar amal qiladi.
- Transfermarkt portali serbiyalik hujumchining qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)